1 861
«Og‘ir tong bo‘ldi. Terrorchilar bilan to‘qnash keldik». Zelenskiy — Ukraina shaharlarining o‘qqa tutilishi haqida (video)

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 10 oktabr kuni ertalab Ukraina shaharlari raketalar bilan o‘qqa tutilishi yuzasidan mamlakat fuqarolariga qaratilgan videomurojaat e’lon qildi. Videoga qaraganda, u Kiyev markazidagi Bankova ko‘chasida yozib olingan.
- "Og‘ir tong bo‘ldi. Terrorchilar bilan to‘qnash keldik. O‘nlab raketalar, Eronning «Shahid»lari. Ularning nishonlari ikkita.
Energiya ob’ektlari — butun mamlakat bo‘ylab. Kiyevshina va Xmelnitchina, Lvov va Dnepr, Vinnitsa, Frankovshina, Zaporoje, Sumshina, Xarkovshina, Jitormirshina, Kirovogradshina, Janub. Ular sarosima va tartibsizlikka intilmoqda, bizning energiya tizimimizni yo‘q qilmoqchi. Ular umidsizlikka tushgan.
Ikkinchi nishon — odamlar. Ko‘proq zarar yetkazish uchun ataylab shu vaqt va shu nishonlar tanlangan.
Bugun boshpanalarda bo‘lib turing. Doim xavfsizlik qoidalariga rioya qiling. Hamisha yodda tutingki, Ukraina bu dushman paydo bo‘lmasidan oldin ham mavjud bo‘lgan, undan keyin ham bo‘ladi", - dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.
Ukraina shaharlaridagi portlashlar
10 oktabr kuni ertalab Kiyevda va Dneprda bir necha marta portlashlar sodir bo‘ldi. Kiyev meri Vitaliy Klichko shaharga zarbalar berilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev markazidagi Shevchenko tumani hujumga uchragan.
Shevchenko tumanida raketa zarbasi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, yana 24 nafar tinch aholi vakili yaralandi.
Kiyevda metro harakati to‘xtatilgan, metropolitenning barcha bekatlari fuqarolar uchun boshpana sifatida foydalanilmoqda.
Shuningdek, Dneprda ham portlash ovozlari eshitilgan. Shaharda va viloyatda havo trevogasi e’lon qilingan.
Bundan tashqari, OAVlar Ukrainaning Xmelnitskiy, Jitomir, Lvov, Kremenchug, Krivoy Rog, Ternopol shaharlaridagi portlashlar haqida ham xabar bermoqda.
Qrim ko‘prigidagi portlash
Qrim ko‘prigida 8 oktabr kuni tongda yuk mashinasi portlab ketdi. Portlash tufayli shu payt ko‘prikning temir yo‘l qismida harakatlanayotgan yuk poyezdining yonilg‘i ortilgan sisternalari yonib ketdi. Oqibatda uch kishi halok bo‘ldi, shuningdek, ko‘prikning avtomobil yo‘li qismida uchta tayanch ustuni oraliqlari qulab tushdi.
Ko‘prikda harakat to‘xtatildi, ko‘rfaz orqali paromlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. 8 oktabr kuni kechki paytga kelib, ko‘prik orqali harakat qayta tiklana boshladi. 9 oktabr kuni ikkita polosa orqali harakat ham qayta yo‘lga qo‘yildi.
Rossiya javob qaytarishga va’da berdi
Qrim ko‘prigidagi portlashdan keyin Rossiya Tergov qo‘mitasi terrorizm haqida ish ochdi, mamlakat prezidenti Vladimir Putin voqeada Ukraina maxsus xizmatlarini aybladi. «Shubhasiz, bu Rossiya Federatsiyasining o‘ta muhim fuqarolik infratuzilmasini vayron qilishga qaratilgan teraktdir, — dedi Putin. — Mualliflar, ijrochilar, buyurtmachilar — Ukraina maxsus xizmatlari».
Qrim ko‘prigidagi portlash va yong‘in qo‘poruvchilik va terrorchilik harakati hisoblanadi, uning ortida esa «kriminal Kiyev rejimi» turibdi, ularni «yo‘q qilish» kerak, dedi Rossiya sobiq prezidenti, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev.
«Rossiyaning ushbu jinoyatga javobi faqat terrorchilarni bevosita yo‘q qilish bo‘lishi mumkin. Butun dunyoda aynan shunday qilinadi. Rossiya fuqarolari aynan shuni kutmoqda», — deya fikr bildirdi Medvedev.
Ukraina ko‘prikdagi portlashni zimmasiga oldimi?
Portlash Ukraina xavfsizlik xizmati operatsiyasi bo‘lgani haqidagi xabarlar hodisadan keyin ko‘p o‘tmay OAVlarda paydo bo‘lgan edi. Xususan, bu haqda «Ukrainskaya Pravda» huquq-tartibot organlaridagi manbasiga tayanib xabar bergan, The New York Times ismi sir qolishni istagan ukrainalik yuqori martabali amaldorga asoslanib yozgan.
Ukraina maxsus xizmatlari Qrim ko‘prigidagi portlash uchun javobgarlikni rasman zimmasiga olganicha yo‘q. Biroq Ukraina Mudofaa vazirligi Qrim ko‘prigidagi hodisa yuzasidan izoh berib, Twitter’da quyidagicha post qoldirdi: «'Moskva’ raketa kreyseri va Kerch ko‘prigi — Ukraina Qrimida Rossiya hokimiyatining ikkita mashhur ramzi — yo‘qoldi. Ruslar, endi navbatda nima?».
Kiyev Qrim ko‘prigiga zarba berishi haqida avvalroq ko‘p bora ogohlantirgandi. «U orqali texnika bilan ta’minlash amalga oshirilmoqda, demak uni buzish kerak», — degan edi Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar