08:25 / 11.11.2022
4 722

AQSH Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlarini baholadi

AQSH Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlarini baholadi
AQSH armiyasi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Mark Milli Rossiyaning Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon tomonlar bergan yo‘qotishlarga taxminiy baho berdi.

«Gap 100 mingdan ortiq halok bo‘lgan va yaralangan rossiyalik harbiylar haqida bormoqda. Ehtimol, Ukraina tomoni bilan ham xuddi shunday raqamlar. Bu insoniyat uchun ulkan uqubat», dedi AQSH prezidenti Jo Baydenning yuqori martabali harbiy maslahatchilaridan sanalgan Milli Nyu-Yorkdagi Iqtisodiy klubdagi chiqishi chog‘ida.

Shuningdek, harbiy harakatlar chog‘ida 40 mingga yaqin tinch aholi vakili qurbon bo‘lgani aytilgan. Milli tomonlarni muzokaralarga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan hozir buning uchun imkoniyat paydo bo‘ldi.

«Harbiy g‘alabaga, so‘zning to‘g‘ri ma’nosida, harbiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligi mumkinligi va boshqa metodlarga o‘tish kerakligi bo‘yicha o‘zaro tushunish yuzaga kelishi kerak», degan u.

Milli frontdagi harakatlar to‘xtaydigan yoki sovuq tufayli sekinlashadigan qishki davrni muzokaralar uchun qulay vaqt deb atagan.

«Muzokaralar o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘lganda, tinchlikka erishish mumkin bo‘lganda... fursatdan foydalaning», deya javob qaytargan Milli jurnalist savoliga.

Yo‘qotishlar

Foto: Reuters
Milli yo‘qotishlar to‘g‘risidagi bu ma’lumotlarni qanday olganiga aniqlik kiritmagan. Uning versiyasi tomonlar bergan rasmiy sonlardan ham, boshqa mustaqil manbalarning hisoblaridan ham sezilarli darajada farqlanadi. Umuman, barcha versiyalar bir-biridan jiddiy farqlidir.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining 9 noyabr kungi ma’lumotiga ko‘ra, urush boshidan buyon 77 mingdan ortiq rossiyalik harbiylar halok bo‘lgan. Rossiya mudofaa vazirligi so‘nggi bor yo‘qotishlar to‘g‘risida 21 sentyabr kuni xabar bergandi va 5937 kishining o‘limini tasdiqlagandi.

Ukraina tomoni yo‘qotishlari haqida esa ma’lumotlar yanada kamroq. Avgust oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general Valeriy Zalujniy 9 ming atrofida ukrain harbiysi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. Yoz boshida esa Ukraina hukumati urushda mamlakat qurolli kuchlarining 10 mingga yaqin harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.

BBC va «Mediazona» hisoblari
Olga Ivshina, BBC rus xizmati korrespondenti

Urushning ilk kunidan buyon BBC rus xizmati «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlikda rossiyalik harbiylarning Ukrainadagi yo‘qotishlari bo‘yicha ro‘yxat yuritib keladi. 10 noyabr kuni holatiga ko‘ra, nashr 8600 dan ortiq askar va zobitlar o‘limini nomma-nom tasdiqlagan.

Biz faqat o‘lim holatlari rasman tasdiqlangan xabarlarga tayanamiz, shuning uchun yig‘ilgan raqamlar yo‘qotishlarning haqiqiy darajasini aks ettirmasligi mumkin. Bizning ro‘yxat Rossiyada dafn etilgan haqiqiy urush qurbonlarining kamida 40-60 foizini qamrab olgan bo‘lishi mumkin deb taxmin qilamiz. Biz Rossiyaning 60 dan ortiq aholi yashash manzillaridagi qabristonlardagi vaziyatni o‘rgangan holda shunday xulosaga kelganmiz.

Shundan kelib chiqib, nisbatan konservativ bahoga ko‘ra, Rossiya armiyasi va Rosgvardiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari 17 200 kishidan ko‘proqni tashkil etishi mumkin.

Harbiy-dengiz tahlil markazi eksperti Maykl Kofmanning baholariga ko‘ra, Ukrainada halok bo‘lgan har bir rossiyalik harbiyga 3,5 atrofida yarador to‘g‘ri keladi.

Bu ma’lumotga asoslangan holda aytish mumkinki, Rossiya armiyasining tiklanmas yo‘qotishlari (ya’ni jarohat, o‘lim va bedarak ketish sabablari bilan safdan chiqqanlar soni) kamida 77 400 kishini tashkil etishi mumkin.

Shu bilan birga, safarbar qilinganlarning dastlabki guruhlari frontda paydo bo‘lishi ortidan Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Rossiyaning yo‘qotishlari bo‘yicha e’lon qilib borayotgan kunlik raqamlar bir necha barobar o‘sgan.

Yoz davomida va kuzning boshida Ukraina qurolli kuchlari kuniga o‘rtacha 200 rossiyalik harbiy xizmatchi o‘limi haqida hisobot bergan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu raqam 600 va undan ko‘proq bo‘lmoqda.

Biz halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishda davom etamiz.


Foto: Reuters
Muzokaralar

4 oktabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Milliy xavfsizlik kengashining Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazmaslik haqidagi qarorini kuchga kiritgandi.

Vladimir Putin kuz boshida «muloqotga tayyorligi», ammo bu «reallikdan kelib chiqib», ya’ni Zaporijjya, Xerson, Donetsk, Luhansk oblastlari va Qrim anneksiyasi tan olingan holda bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Bu pozitsiyani 9 noyabr kuni Rossiya TIV spikeri Mariya Zaxarova ham tasdiqladi. «Biz hali ham muzokaralar uchun ochiqmiz. Biz ulardan hech qachon bosh tortmaganmiz. Biz ularni, albatta, hozirgi paytda yuz berayotgan voqelikni hisobga olgan holda o‘tkazishga tayyormiz», — dedi u brifingda.

Ukrainaning pozitsiyasi esa buning aksi - Kiyev mamlakat hududiy yaxlitligi to‘liq tiklanishini, jumladan Qrim qaytarilishini, aybdorlar jazolanishini va urush davomida keltirilgan zarar qoplab berilishini talab etmoqda.

Shu bilan birga, Zelenskiyning so‘nggi bayonotlarida ohang biroz yumshadi: endi u ikki mamlakat o‘rtasida muloqot boshlanishi uchun Putin hokimiyatdan chetlatilishini shart qilib qo‘ymayapti.

Politico nashri buni Kiyevga AQSH prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan kelib ketgani bilan bog‘lamoqda.

U go‘yoki Ukraina hukumatidan Rossiya bilan mojaroni hal qilishga «tayyorligini namoyish etish»ni so‘ragan.

«Bu ular hoziroq muzokaralar stoliga o‘tirishi kerak degani emas. Biz Rossiya qilayotgan ishlardan kelib chiqib, hozir buning uchun to‘g‘ri vaqt deb o‘ylamaymiz. Lekin ular mojaro hal etilishiga tayyorliklarini ko‘rsatishi kerak», deya manbasi so‘zlarini keltiradi nashr.

Shu kunlarda Kiyevda bo‘lib qaytgan AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild ham muzokaralarga chaqirgandi. Ammo u muzokaralarni boshlash qarorini Ukrainaning o‘zi qabul qilishi darkorligini qo‘shimcha qilgan.

«Ular [Rossiya] BMT Ustaviga rioya etishi kerak. Ular qo‘shinlarini bu mamlakatdan olib chiqishi lozim. Xalqaro hamjamiyat Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi», degandi u.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo