Ahad Qayum kino va daromad sirlarini ochib tashladi

Kinorejissyor, ssenarist va shoir Ahad Qayum “Navo” telekanalidagi “Mehmonda” loyihasiga mehmon bo‘lib, ijodi, daromadi, YouTube faoliyati hamda shaxsiy hayoti haqida e’tiborga molik ma’lumotlarni bayon qildi. U suhbat davomida “Ayol makri” filmi orqali 22 ming dollar ishlab topgani, telenovellalar haqidagi qarashlari va kasbi bilan bog‘liq qiziq voqealarni ham eslab o‘tdi.
Eng qimmat she’r va gonorar masalasi

Shoir eng qimmat she’rini Botir Qodirov sotib olganini ta’kidladi:
— “Mening eng qimmat she’rimni Botir Qodirov olgan. U 'Ey do‘stim, avval otang qadrini bilgin' deb boshlanadigan she’rni qo‘shiq qilgan”, — dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Sherali Jo‘rayev va Ozodbek Nazarbekovdan pul olmagan. Ammo Xurshid Rasulov ko‘pincha o‘zi xohlab gonorar berib turadi.
“Xiyonat haqida kino olinsa, 10 million marta ko‘riladi”
Rejissyor tomoshabinlar tanlovi haqida ham to‘xtaldi:
— “Hozirgi kunda tomoshabin nima istashini o‘zi ham aniq bilmaydi. Mendan ko‘pincha 'nimaga zo‘r kino olmaysan?' deb so‘rashadi. Lekin o‘sha zo‘r filmni kim uchun olaman? Agar hozir xiyonat mavzusida kino olinsa, u osonlik bilan 10 million marta ko‘riladi. Lekin 'Abdulla Avloniy', 'Ibrat' yoki Zulfiqor Musoqovning 'Kasallik tarixi' kabi filmlar 120–130 ming ko‘rilish bilan cheklanib qoladi”, — dedi u.
“Kelinlar haqidagi telenovellalarni meniki deb o‘ylashadi”

Ahad Qayumning aytishicha, ko‘pchilik tomoshabinlar “Otalar so‘zi”, “Iqror” kabi telenovellalardagi kelinlar mavzusidagi qismlarni aynan u suratga olgan deb o‘ylaydi.
— “Men novella suratga olmaganman. Hozirgacha 300 ta film ishlaganman, ularning barchasi dublyaj qilingan. Kinoteatrlarda premera qilingan, 'O‘zbekkino' milliy agentligi tomonidan litsenziya berilgan. Shularning ichida 20–30 tasi qaysar kelin, kundosh yoki xiyonat mavzulariga bag‘ishlangan, xolos. Lekin hamma filmlarim shunday mavzuda emas”, — dedi u.
She’r va qo‘shiqlar ortidagi qiyinchiliklar
U san’atkorlar bilan ishlash jarayonidagi eng qiyin lahzalar haqida ham gapirdi.
Ahad Qayumning aytishicha, Rayhon va Ozodbek Nazarbekov dueti uchun she’r yozishda ma’lum cheklovlar bo‘lgan:
— Rayhon she’rda “Q”, “S” harflari bo‘lmasligini talab qilgan. Shu sababli matn yaratish oson bo‘lmagan. Lekin Ozodbek Nazarbekov “duet bo‘lishi kerak” deb turib olgan.
“Bir kunda to‘rt xil soat taqaman”

Ahad Qayum bolaligidan soat yig‘ishga qiziqishi borligini aytdi.
— “Bir kunda to‘rt xil soat taqaman. Hatto uydan chiqqanda to‘rtta soat olib chiqib, uchrashuvlarga qarab almashtirib yuraman”, — dedi u.
Studiya va telefon raqami uchun sarflangan mablag‘
Ahad Qayum ijodiy studiyasini yo‘lga qo‘yish jarayonida katta moliyaviy qurbonliklar qilganini ham aytdi.
— “Studiyani tashkil qilishda ikki-uchta uyimni sotganman. Hatto telefon raqam olish uchun ham ikki xonali uyimni sotib, yana pul qo‘shib nomer olganman”, — dedi u.
“Aslida men matematika o‘qituvchisiman”

Suhbat yakunida u aslida boshqa kasb egasi ekanini ham ochiqladi:
— “Men aslida matematika o‘qituvchisiman. Oilamizda hamma o‘qituvchi: ota-onam, buvilarim ham shu soha vakillari. Avlodimizda 400 ga yaqin pedagog bor. Men Toshkent axborot texnologiyalari universitetida matematika-fizika yo‘nalishini tugatganman. Ijodim tanilguncha to‘rt yil dars ham berganman”, — deya ta’kidladi Ahad Qayum.





























Izohlar 0
…