
Foto: theins.ru
Rossiyaning Rostov viloyatida noma’lum partizanlar temir yo‘l relslarini portlatib yubordi. Bu haqdagi videolar «Rospartizan» va «Svoboda Rossii» telegram kanallarida tarqatildi.
Temir yo‘lning ushbu qismidan harbiy texnikalar Ukraina bilan chegaradosh urush hududlariga tashilgan.
Xabarda buni «Legion» a’zolari amalga oshirgani va ular «mamlakatning turli hududlarida temir yo‘l izlarini buzishda» davom etishi aytilgan.
Avvalroq, aynan shu video BOAK telegram kanalida ham tarqatilgan, unda partizanlar Ukraina bilan chegaradosh hududlarda temir yo‘lni portlatib yuborgani aytilgan, biroq, hududning nomi keltirilmagan edi.
Urush boshlangandan beri Rossiyaning turli mintaqalarida temir yo‘llar izdan chiqarilgani yoki elektr uzatish ustunlari buzilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu partizan guruhlari tomonlaridan amalga oshirilayotgani, ular Ukrainadagi urushga qarshi bo‘lib, Rossiyaning urush olib borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday qilishayotgani aytilmoqda.
Noyabr oyida 18 yoshli «partizan» Ilya Podkamenniy Irkutskda mis simlarni relslarga o‘rab, poyezdlar harakatini buzishni rejalashtirgani uchun hibsga olingan edi. Bir oy oldin, Bryansk viloyatida noma’lum shaxslar temir yo‘lni portlatib yubordi. Gubernator bunda portlovchi qurilma ishlatilganini aytdi. Bungacha mintaqada temir yo‘lga yaqin joylashgan ikkita elektr uzatish ustuni portlatilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar