Manchester Siti Julian Alvares transferiga daʼvogarlik qilmoqda

Yozgi transfer oynasining soʻnggi kunlari qizgʻin pallaga kirgan bir paytda, transfer bozorida kutilmagan burilish yuz berdi. Marca nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, Angliya chempioni Manchester Siti Atletiko Madrid hujumchisi Julian Alvaresni oʻz safiga qaytarish uchun muzokaralarni boshlab yubordi. “Shaharliklar” ushbu qadam orqali futbolchi uchun kurashayotgan Arsenalning rejalarini buzib yuborishi mumkin. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Maʼlumki, Julian Alvares bundan ikki yil muqaddam 82 million funt sterling evaziga Madrid klubiga koʻchib oʻtgan edi. Biroq Ispaniya poytaxtidagi soʻnggi voqealar uning kelajagini soʻroq ostida qoldirmoqda. Oʻtgan yakshanba kuni Atletiko muxlislari tomonidan hushtakbozlik qilingan hujumchi ketma-ket uch kun davomida jamoa mashgʻulotlarini oʻtkazib yubordi.
Arsenal va Barselona kurashi
Vaziyatning keskinlashuvi ortidan bir nechta Yevropa grandlari faollashdi. Xabarlarga koʻra, Arsenal 26 yoshli futbolchini oʻz safiga qoʻshib olish uchun 150 million yevro (130 million funt sterling) miqdorida mablagʻ sarflashga tayyor. Londonliklar futbolchining vakillaridan ijobiy javob kutmoqda.Biroq vaziyat faqatgina Arsenal va Manchester Siti bilan cheklanib qolmaydi. Futbolchining shaxsiy xohishi Barselona safga oʻtishdan iborat. Shunga qaramay, Madrid klubi rahbariyati oʻzining asosiy raqiblaridan biri boʻlgan kataloniyaliklar bilan muzokara oʻtkatishdan qatʼiyan bosh tortmoqda va boshqa variantlarni koʻrib chiqishga tayyor.
Manchester Sitining ehtiyoji
Manchester Siti hujum chizigʻidagi yoʻqotishlar sababli transfer bozorida faol harakat qilishga majbur boʻlmoqda. Umar Marmoush va Savinyoning jamoani tark etgani Enso Mareska shogirdlari tarkibida hujum chizigʻi yetishmovchiligini keltirib chiqardi. Julian Alvaresning Angliya futbolidagi tajribasi esa mazkur muammoni tezkorlik bilan hal qilishga yordam berishi mumkin.Shunga qaramay, mazkur transferni amalga oshirish oson kechmaydi. Avvalo, futbolchining oʻzi Angliya Premer-ligasiga qaytishni istamayapti. Shuningdek, Metropolitano stadionidagi bosimga qaramaganda, transfer oynasi yopilishiga qadar tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar keskin davom etishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…