Cristiano Ronaldo 1000-gol sari yaqinlashmoqda

Portugaliyalik yulduz hujumchi Cristiano Ronaldo o‘zining tarixiy rekordiga yana bir qadam yaqinlashdi. Saudiya Arabistoni chempionatida "Al Nassr" jamoasi o‘z maydonida "Al Taawoun"ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. Mazkur uchrashuvdagi hal qiluvchi gol muallifiga aylangan tajribali hujumchi faoliyatidagi gollar sonini 978 taga yetkazdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Goal.com nashri tarqatgan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘yin mehmonlarning faol boshlanishi bilan yodda qoldi. Bellashuvning 11-daqiqasida Bassam Al Hurayji hisobni ochib, "Al Taawoun"ni oldinga olib chiqdi. Shundan so‘ng maydon egalari faollikni oshirib, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda – 45+5-daqiqada Samuel Costa muvozanatni tikladi va jamoalar tanaffusga durang bilan yo‘l olishdi.
Tarixiy gol va rekordlar
Ikkinchi bo‘lim boshida, aniqrog‘i 50-daqiqada sahna ko‘rkiga Cristiano Ronaldo chiqdi. U raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi. Maydonda 80 daqiqa harakat qilgan hujumchi 1.08 kutilgan gollar (xG) ko‘rsatkichini qayd etdi va o‘z uzatmalarining 90 foizini aniq sheriklariga yetkazib berdi.Ushbu gol Cristiano Ronalduning Saudiya Pro-ligasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar maqomini yanada mustahkamlashini ta'minladi. U "Al Nassr" safidagi chempionat o‘yinlaridagi gollarini 104 taga yetkazib, avvalgi rekordchi Mohammad Al Sahlawining natijasini (103 gol) ortda qoldirdi. Shuningdek, Ronaldo barcha musobaqalar doirasida Al Sahlawining 131 ta golli natijasiga tenglashdi. Klub rekordchisi bo‘lgan Majed Abdullah hisobida esa 259 ta gol mavjud.
"Al Nassr"ning rekord seriyasi
G‘alaba "Al Nassr" uchun faqatgina turnir jadvalidagi birinchi o‘rinni ta'minlab qolmasdan, balki ularning ajoyib seriyasini davom ettirdi. Jamoa o‘zining ketma-ket gol urish seriyasini 91 ta uchrashuvga yetkazdi. Bu futbol tarixidagi ikkinchi eng uzun natija bo‘lib, Saudiya Arabistoni futbolida mutlaq rekord hisoblanadi. Klub jahon rekordini yangilash uchun yana oltita o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol qilishi kifoya qiladi.Shu tariqa, mavsumning dastlabki to‘rt turidan keyin 12 ochko jamg‘argan "Al Nassr" peshqadamlikka ko‘tarildi. Biroq, bu mag‘lubiyat "Al Taawoun" jamoasini 15-o‘ringa tushirib yubordi va ularning hisobida hozircha atigi 2 ochko mavjud. Cristiano Ronaldo esa afsonaviy 1000 ta gol marrasiga yetish uchun yana 22 ta gol urishi talab etiladi.






























Izohlar 0
…