06:30 / 23.12.2022
1 264

AQSHda o‘rtacha umr ko‘rish rekord darajada qisqardi

AQSHda o‘rtacha umr ko‘rish rekord darajada qisqardi
Foto: Bloomberg
2021 yilda amerikaliklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 76,4 yoshni tashkil etdi. Bu 2020 yilga nisbatan 0,6 yilga kam va ketma-ket ikkinchi yilgi pasayish. Shu bilan birga, 2021 yil uchun bu ko‘rsatkich 1996 yildan beri eng past bo‘ldi. Ma’lumotlar AQSH Milliy sog‘liqni saqlash statistikasi markazi (NCHS) hisobotida keltirilgan.

Boshqarma hisobotida qayd etilishicha, erkaklar uchun o‘rtacha umr ko‘rish 2021 yilda 0,7 yoshga qisqarib, 73,5 yoshni, ayollarniki 0,6 yoshga qisqarib 79,3 yoshni tashkil etdi.

O‘tgan yili AQSH aholisining har 100 ming nafariga 879,7 o‘lim to‘g‘ri keldi, bu 2020 yilga nisbatan 5,3 foizga ko‘p.

Bir yil ichida mamlakatda 3,5 million o‘lim qayd etilgan, bu 2020 yilga nisbatan 80,5 ming kishiga ko‘pdir. Yurak kasalliklari (100 ming kishiga 173,8 ta o‘lim), saraton (146,6 ta holat) va COVID-19 (104,1 ta holat) o‘limning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Bundan tashqari, dozani oshirib yuborishdan o‘limlar soni sezilarli darajada oshdi va rekord darajaga yetdi: 2021 yilda deyarli 107 ming amerikalik ushbu sababdan vafot etdi.

Hisobotni sharhlar ekan, NCHS statistika bo‘limi boshlig‘i Robert Anderson CNN'ga o‘lganlar soni asosan pandemiya bilan bog‘liqligini aytdi.

Shunday qilib, COVID-19 yurak kasalliklari sonining 3 foizga va insult sonining 6 foizga oshishiga olib kelgan.

Andersonning aytishicha, amerikaliklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining qisqarishi kutilmagan narsa emas edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, manzara ijobiy tomonga o‘zgaradi va 2023 yil oxiriga kelib o‘rtacha umr ko‘rish pandemiyadan oldingi darajaga qaytishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, COVID-19 pandemiyasi yillarida butun dunyoda umr ko‘rish davomiyligi qisqargan.
Agar 2019 yilda bu ko‘rsatkich 72,8 yil bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilda 72 yosh, 2021 yilda esa 71 yoshni tashkil etgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo