
Foto: AP
Afg‘onistonning «Tolibon» harakati vakillaridan iborat hukumati qizlarga maktablarda o‘qishni davom ettirishga ruxsat beradi.
Bu haqda Tolo News telekanali «Tolibon» hukumatidagi ta’lim vazirligi xatiga tayanib xabar berdi.
Maktubda aytilishicha, «boshlang‘ich sinf o‘quvchilari maktablarda va o‘quv kurslarida darslarni qaytadan boshlashi mumkin». Boshlang‘ich sinf deganda 1-6 sinflar nazarda tutilgan.
Shuningdek, boshlang‘ich sinflarda ishlagan va dekabr oyi oxirida maktabdan chetlashtirilgan o‘qituvchilarga ham ishga qaytishga ruxsat berildi. Qizlar uchun darslarni qayta boshlash shartlaridan biri - «o‘quvchi va o‘qituvchilarning shariat me’yorlariga muvofiq hijob o‘rashi».
«Tolibon» harakatining o‘zi bu hujjat mazmuniga hozircha rasmiy izoh bermagan.
Avvalroq, Afg‘oniston oliy ta’lim vaziri vazifasini bajaruvchi Nido Muhammad Nodim BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Markus Potsel bilan uchrashuvda hukumat ayollarning ta’lim olishini butunlay taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilmaganini, ammo buni tashqi omillar tufayli yuzaga kelgan muammo sababli keyinga surganini aytgan edi.
Shuningdek, Nodim hukumat o‘z qarorlarini boshqalarning bosimi ostida qabul qilmasligini ham bildirdi.
«Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng afg‘onistonlik xotin-qizlar o‘z huquqlaridan bosqichma-bosqich mahrum qilinmoqda. 2021 yilda «Tolibon» qizlarning o‘rta maktablarda o‘qishini taqiqlagan edi. 2022 yil noyabr oyida Kobuldagi ayollarga shahar parklariga, basseyn va sport zallariga kirish taqiqlab qo‘yildi. Ushbu qoidalar butun mamlakatga tatbiq etilishi kutilmoqda. 2022 yil dekabr oyida barcha ayollarga universitetlarda ta’lim olish ham taqiqlandi. So‘ngra, ayollarning nodavlat tashkilotlarida ishlashi ham cheklab qo‘yilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar