
Foto: Gavriil Grigorov/TASS
Belarusda 16 yanvar, dushanba kuni ertalab Belarus va Rossiya qurolli kuchlari aviatsiya bo‘linmalarining qo‘shma taktik parvoz mashg‘ulotlari boshlandi, deb xabar berdi Belarus Mudofaa vazirligi. Minskning ta’kidlashicha, ushbu mashg‘ulotlardan asosiy maqsad «jangovar tayyorgarlik vazifalarini birgalikda bajarishda operativ muvofiqlikni oshirish»dir.
Hujjatda aytilishicha, havo razvedkasini amalga oshirish, chegarada qo‘shma patrullar o‘tkazish, qo‘shinlar guruhini havodan qo‘llab-quvvatlash, taktik desant qo‘shinlarini joylashtirish, shuningdek, yuklarni yetkazib berish va yaradorlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
1 fevralgacha davom etadigan mashg‘ulotlarga Belarus qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarining barcha aerodromlari va poligonlari jalb etilgani haqida avvalroq xabar berilgan edi. Belarus Xavfsizlik kengashi davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Pavel Muraveyko mashg‘ulotlar faqat mudofaa xarakteriga ega ekanligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Muraveyko qo‘shni Ukrainani provokatsiyalarda aybladi. Agar kerak bo‘lsa, Belarus «o‘z hududida har qanday tajovuzkorlik yoki terrorchilik tahdidiga javob beradi», deb tahdid qildi u.
Keng miqyosdagi Rossiya-Belarus o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishi munosabati bilan Belarus Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga kirishi mumkinligi haqida yana taxminlar paydo bo‘ldi. AQSH Mudofaa vazirligi bunday pozitsiyani asossiz deb hisobladi. «Biz Belarusning mojaroga kirish niyati borligini ko‘rmayapmiz. Biz buni belaruslar va rossiyaliklarning doimiy mashg‘ulotlari deb hisoblaymiz, bor gap shu», - dedi Pentagon matbuot kotibi, AQSH harbiy-havo kuchlari brigada generali Patrik Rayder brifingda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar