date
views 568

Baydenning Kongressga murojaati: Amerika Putin sinoviga bardosh berdi, Ukrainani qo‘llash davom etadi

Baydenning Kongressga murojaati: Amerika Putin sinoviga bardosh berdi, Ukrainani qo‘llash davom etadi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Bayden Kongressning ikki palatasi qarshisida «Mamlakatdagi holat to‘g‘risida» har yilgi murojaat bilan chiqish qilib, o‘z yutuqlari qatorida Ukrainani Rossiyaning tajovuziga qarshi turishda qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro koalitsiya tuzganini ham sanab o‘tdi.

Ukrainadagi urush mavzusi Baydenning bir yarim soatga yaqin davom etgan nutqida katta joy egallamadi, u bu mavzuga chiqishi oxirida to‘xtaldi.

U asosiy e’tiborni o‘z ma’muriyati yutuqlariga, jumladan iqtisodiy holat, so‘nggi 50 yillikdagi eng past ishsizlik darajasi, shuningdek Amerika jamiyatining politsiyadagi irqchilik va o‘qotar qurollarning ruhiy holati beqaror bo‘lgan odamlar qo‘liga tushishi kabi o‘ziga xos muammolariga qaratdi.

Bu prezident Baydenning uchinchi murojaatnomasi bo‘ldi - noyabr oyidagi oraliq saylovlardan keyingi birinchisi, o‘shanda Vakillar palatasida respublikachilar ko‘proq o‘rinni egallashgandi.

Shu bilan birgalikda, respublikachilarning son jihatdan ustunligi saylovlardan oldin kutilganidan kamroq bo‘ldi, qolaversa ular Senatda ustunlikni qo‘lga kirita olmadi. Noyabr oyida 80 yoshni qarshilagan prezidentning nutqi esa ishonchli va jangovar ko‘rindi.

Bayden o‘zining oldingi murojaati Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinining dastlabki kunlarida bo‘lganini esladi - «Ikkinchi jahon urushi davrida Yevropa boshdan kechirgan o‘lim va vayrongarchilik kartinasi xotiralarini uyg‘otadigan qonli hujum».

«Putinning bosqini asrga tatigulik sinov bo‘ldi. Amerika uchun sinov. Butun dunyo uchun sinov. Biz eng asosiy tamoyillarga amal qilamizmi? Biz suverenitetni himoya qila olamizmi? Biz xalqning zulmdan erkin bo‘lish huquqini himoya qilamizmi? Biz demokratiyani himoya qilish uchun turib bera olamizmi? Zero bunday himoya biz uchun muhim, u tinchlik va osoyishtalikni saqlaydi, xavfsizligimiz va farovonligimizga tahdid soluvchi barcha ehtimoliy tajovuzkorlar uchun ov mavsumini to‘xtatadi», deya davom etgan amerikaliklar prezidenti.

«Bir yil o‘tib biz bu savollarning javobini bilyapmiz. Ha, himoya qilamiz. Biz allaqachon himoya qilyapmiz. Biz birgalikda Amerika eng yaxshi davrlarida qilgan ishni qildik. Biz yetakchilikni qo‘lga oldik. Biz NATOni birlashtirdik. Biz global koalitsiya tuzdik. Biz Putinning tajovuziga qarshi turdik. Va biz Ukraina xalqi bilan yelkama-yelka turdik», - degan Bayden.

Bayden Ukraina elchisiga murojaat qildi.
U zalda o‘tirgan Ukrainaning AQSHdagi elchisi Oksana Markarovaga yuzlangan va yig‘ilganlardan uni olqishlashni so‘ragan.

«U nafaqat o‘z xalqini, balki o‘z xalqi jasoratini ifodalaydi. Ey elchi, Amerika sizning mamlakatingizni qo‘llab-quvvatlashda hamjihat. Biz qancha kerak bo‘lsa shuncha vaqt siz bilan birga bo‘lamiz», dedi Bayden.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Baydenning Kongressga murojaati: Amerika Putin sinoviga bardosh berdi, Ukrainani qo‘llash davom etadi