17:04 / 22.06.2023
215

Germaniya prezidenti Qirg‘izistonda Ukrainadagi urushni muhokama qiladi

Germaniya prezidenti Qirg‘izistonda Ukrainadagi urushni muhokama qiladi
Foto: president.kg
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 22 iyun, payshanba kuni rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonga keldi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov uni prezident saroyida kutib oldi. Shtaynmayer Qozog‘istonda bo‘lgani kabi Germaniya Qirg‘izistonga ham o‘zini sherik sifatida taklif qilayotganini va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga tayyorligini ta’kidlamoqchi.
 
Dpa agentligiga ko‘ra, Germaniya prezidenti o‘zini an’anaviy ravishda Markaziy Osiyo mintaqasida katta rol o‘ynaydigan Rossiya va Xitoyga muqobil variant sifatida taklif qilmoqda.
 
Bishkekka kelgach, Shtaynmayer Qirg‘izistonga tashrifining katta qismi Ukrainadagi urush, uning Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari, jumladan, Germaniya uchun oqibatlarini muhokama qilishga bag‘ishlanishi mumkinligini aytdi.
 
Shtaynmayer Germaniya Qirg‘iziston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini eslatdi. «Bizda 30 yildan ortiq vaqt davomida juda barqaror munosabatlar mavjud, ular jadal rivojlanmoqda, ikki tomonlama tashriflarimiz buning dalilidir», — dedi Germaniya prezidenti. Bu Frank-Valter Shtaynmayerning Qirg‘izistonga uchinchi tashrifidir.
 
Iqtisodiy nuqtayi nazardan Qirg‘iziston noyob metallar va oltinning boy zaxiralariga ega mamlakat sifatida Germaniyani qiziqtiradi.
 
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, o‘z navbatida, Bishkek Germaniya bilan faol hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanini, Germaniya nafaqat Yevropa, balki butun dunyoda yetakchi davlatlardan biri ekanini ta’kidladi. «Germaniya o‘zining siyosiy nufuzi va iqtisodiy salohiyati tufayli dunyoning ko‘plab davlatlari, jumladan, Qirg‘iziston uchun ham namunadir», — dedi Japarov.
 
«Biz demokratik qadriyatlar, asosiy erkinliklar va inson huquqlariga hurmat bilan qaraymiz, ular Germaniyada ham yuksak qadrlanadi. Mamlakatimizni demokratik rivojlantirish, kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy tizimni barpo etishda Germaniya qo‘llab-quvvatlovi biz uchun juda muhim», - deya ta’kidladi Qirg‘iziston prezidenti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniya prezidenti Qirg‘izistonda Ukrainadagi urushni muhokama qiladi
ePN