17:54 / 02.07.2023
490

Afrika va Yaqin Sharqdagi «Vagner» taqdiri qanday kechadi?

Afrika va Yaqin Sharqdagi «Vagner» taqdiri qanday kechadi?

«Vagner» XHK mergani. Foto: TELEGRAM @RSOTM

24 iyun kuni butun dunyo «Vagner» yollanma askarlarining Rossiya armiyasi rahbariyatidan norozilik bildirib, Moskva tomon marsh boshlagani, keyin esa kutilmagan tarzda Rossiya poytaxtiga yurish rejasidan voz kechib, ortga qaytganini kuzatdi.

«Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin so‘nggi daqiqada Aleksandr Lukashenko vositachiligida Kreml bilan kelishuvga erishdi. Kelishuvga ko‘ra, Minsk Prigojin va uning jangchilariga boshpana beradigan bo‘ldi, isyonda qatnashmagan jangchilarda esa Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash imkoni bor.

24 iyun kuni kechqurun ushbu kelishuvlar tuzilgandan so‘ng, Prigojin o‘z telegram-kanalida «ular» (katta ehtimol bilan RF mudofaa vazirligi nazarda tutilgan) «Vagner»ni tarqatib yubormoqchi bo‘lganini aytdi. Ammo bu uning demarshining asosiy va yagona sababi bo‘lgani yoki yo‘qligi noaniq.

26 iyun kuni oqshomda Prigojin yana bir audioxabar e’lon qildi, unda u o‘z jangchilarining hech biri mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolamoqchi emasligi va uning kompaniyasi 1 iyuldan rasman o‘z faoliyatini to‘xtatishi kerak bo‘lganini aytdi.

«Vagner» tarqatib yuborilganidan keyin Rossiyadan tashqarida harakat qilayotgan yollanma askarlar taqdiri qanday kechishi noma’lumligicha qolmoqda.

Ayni paytda «Vagner» jangchilari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida — Liviya, Sudan, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Mozambik, Burkina-Faso, Madagaskar va Venesueladagi to‘qnashuvlarda faol ishtirok etmoqda.

Shu bilan birga, ko‘plab yollanma askarlar Liviya, Suriya, Markaziy Afrika Respublikasi, Mali va Ukrainada ko‘pincha tinch aholiga qarshi sodir etilgan jinoyatlarda ayblanadi.

Vagnerchilar faoliyatini uzoq yillardan beri kuzatib kelayotgan BMTdagi diplomatik manba BBC nashriga bergan intervyusida aytishicha, agar bu guruh Rossiya hukumati qo‘llab-quvvatlovidan mahrum bo‘lsa va haqiqatan tarqatib yuborilsa, unda Rossiya mudofaa vazirligi Afrikada qolgan «Vagner» bo‘linmalariga ta’minotni to‘xtatishi mumkin.

Ushbu manba so‘zlariga ko‘ra, Afrikadagi, xususan, Markaziy Afrika Respublikasi, Liviya, Sudan va Malidagi yollanma askarlar pul rag‘batlarisiz, shuningdek, siyosiy va harbiy yordamsiz qoladi. Ya’ni aslida ular ishsiz qoladi va o‘z kasb yo‘nalishi bo‘yicha ish qidirishni boshlaydi, bu esa beqarorlik, fuqarolar urushlari va isyonlar hukm surayotgan mamlakatlar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Shu bilan birga, hokimiyat uchun kurashning birinchi qurbonlari, qoida tariqasida, tinch aholi bo‘ladi. Hozirda «Vagner» faoliyat yuritayotgan mamlakatlardagi mavjud barcha tartibsizliklar guruhning zo‘ravonliklariga aylanib ketmasligidan umid qilish mumkin, xolos.

Ammo «Vagner» Afrika va Suriyada aynan qanday vazifalarni bajaradi va agar kompaniya tarqatib yuborilib, Rossiya mudofaa vazirligidan yordam olishni to‘xtatsa, bu yerlarda nima sodir bo‘lishi mumkin?

«Vagner» XHK jangchisi Liviyada, 2019 yil. Foto: TELEGRAM @RSOTM

Liviya

«Vagner» yollanma askarlari Liviyada birinchi marta 2019 yil kuzida paydo bo‘lgan. O‘shanda ular Sharqiy Liviyani nazorat qilgan va mamlakatning BMT tomonidan tan olingan hukumati joylashgan Tripoliga yurish qilgan isyonchi general Xalifa Haftar qo‘shiniga yordam bergan.

Bu yerda ulardan Haftarning hujumi to‘xtab qolgach, poytaxt mudofaasini yorib o‘tish uchun shturmchi kuch sifatida foydalanilgan.

Bu odamlarning front chizig‘i janglaridagi tajribasi, merganlik va razvedka mahorati urushda muhim rol o‘ynadi va Haftar kuchlari vagnerchilar yordamida Tripoli janubidagi bir necha shaharni egallab olishga muvaffaq bo‘ladi.

Biroq, o‘sha paytdayoq juda yoqimsiz holatlar oshkor bo‘ldi. 2021 yilda o‘tkazilgan BBC nashri surishtiruvi davomida yollanma askarlarning tinch aholini o‘ldirgani va Tripolidagi turar joy binolarida piyodalarga qarshi minalar va mina-tuzoqlaridan noqonuniy foydalangani to‘g‘risida dalillar topildi.

«Vagner» XHK jangchilari tomonidan o‘rnatilgani aytiladigan F1 granatasi. Ular ko‘pincha Liviyada ham, Ukrainada ham tuzoq sifatida o‘rnatiladi. Foto: ijtimoiy tarmoqlar

Surishtiruv shuningdek, Moskva yollanma askarlarni ilg‘or qurollar va jihozlar bilan ta’minlab kelganini ham ko‘rsatdi.

BBC Liviya razvedka xizmatlaridagi manbalari orqali qo‘lga kiritgan, rasmiy foydalanish uchun mo‘ljallangan maxfiy hujjatlar orasida Liviyadagi ba’zi «Vagner» bo‘linmalariga shunday qurol-yarog‘larni yetkazib berish ro‘yxati ham mavjud bo‘lgan.

«Bular asosan Rossiya armiyasida xizmatda bo‘lgan eng zamonaviy, texnologik jihatdan ilg‘or, eng oldingi chiziqda foydalaniladigan qurollardir. Va bu nafaqat katta budjetga kirish, balki eng sirli bo‘lmasa, so‘nggi texnologiyalardan foydalanish huquqini ham anglatadi. Shunday ekan, «Vagner» aftidan, rus armiyasining shunchaki norasmiy tarkibiy qismidan ko‘proq narsa», deya ro‘yxatga izoh bergan britaniyalik harbiy ekspert Kris Kobb Smit.

Shuningdek, Liviyadagi «Vagner» bo‘linmalariga ta’minot, Suriyaning Lataqiya viloyatida joylashgan Rossiya nazorati ostidagi harbiy baza va Liviya sharqi o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshiruvchi Rossiya harbiy-kosmik kuchlari samolyotlari tomonidan yetkazib berilishi xabar qilingan.

Liviyadagi «Vagner» bo‘linmalari Rossiya mudofaa vazirligi ko‘magiga qattiq bog‘lanib qolgani aniq va bunday ko‘mak yo‘qolishi guruhning Liviyadagi kuchlariga ham, uning ushbu mamlakatdagi mavjudligiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Biroq, mahalliy manbalarning BBC nashriga aytishicha, muvaffaqiyatsiz isyondan keyin ham Liviyadagi «Vagner» pozitsiyasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan.

Mali va Markaziy Afrika Respublikasi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 24 iyun kungi voqealardan keyin ham Rossiya harbiy instruktorlari Mali va Markaziy Afrika Respublikasida ishlashni davom ettirishiga ishontirishi, bu ikki mamlakat Kreml uchun uning Afrikadagi mavjudligini kengaytirish bo‘yicha ulkan rejalarida qanday strategik muhim rol o‘ynashidan dalolat beradi.

Yaqin kelajakda Prigojin qo‘zg‘oloni, katta ehtimol bilan, mahalliy harbiy xunta taklifi bilan 2021 yil oxiridan beri Malida harakat qilayotgan, minglab jangchilarga ega bo‘lgan «Vagner» guruhlariga ta’sir qilmaydi.

Bu yerdagi yollanma askarlarning faoliyati 2020 yil avgust oyida ushbu Afrika davlatida polkovnik Assimi Goita muvaqqat hukumati hokimiyat tepasiga kelganidan beri Rossiyaning Malida rivojlanib borayotgan diplomatik va iqtisodiy manfaatlari bilan chambarchas bog‘liq.

Mali hukumati yollanma askarlar xizmatidan foydalanayotganini rad etadi va ularga rossiyalik harbiy instruktorlar yordam berayotganini aytishni ma’qul ko‘radi.

«Vagner» yollanma askarlarining Malida mavjudligi 2013 yildan buyon IShID va «Al-Qoida» jangarilariga qarshi kurashda Mali armiyasiga yordam berib kelayotgan fransuz va birlashgan Yevropa harbiy kontingentlarini mamlakatni tark etishga undadi.

Biroq, vagnerchilar xavfsizlik bilan bog‘liq holat yaxshilanishiga yordam bermadi.

ACLED loyihasi (inqirozli holatlar bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va xaritalash platformasi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 va 2022 yillar oralig‘ida jangarilar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik harakatlari ikki baravar ko‘paygan, tinch aholi esa ularning asosiy qurboniga aylangan.

Muradagi qirg‘indan omon qolganlar yollanma jangchilar oq tanlilar bo‘lganini aytishgan
Foto: Reuters

Mali armiyasining «Vagner» yollanma askarlari ishtirokidagi harbiy amaliyotlari ham tinch aholi orasida qurbonlar soni oshishiga olib keldi. Dunyoga ma’lum bo‘lgan shunday eng ayanchli voqealardan biri – mamlakat markazidagi Mura shahri yaqinida bir hafta davom etgan operatsiya bo‘lib, unda tinch aholi vakillaridan besh yuzga yaqin kishi halok bo‘lgan.

BMT bu qurbonlarni Mali armiyasi va «xorijiy kuchlar» harakati bilan bog‘ladi, AQSh esa «Vagner» guruhining Malidagi amaldagi qo‘mondoni va uning ikki jangchisiga nisbatan sanksiyalar kiritdi.

Malidagi yollanma askarlarning harakatlariga hatto Ukrainada boshlangan urush ham xalaqit bermadi — vagnerchilar fransuz qo‘shinlari tashlab ketgan mamlakat shimolidagi harbiy bazalarni tezda egallab oldi.

Shu bilan birga, xuntani qo‘llab-quvvatlovchi fuqarolik jamiyati vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Rossiya kuchlari mamlakatdagi MINUSMA BMT tinchlikparvar missiyasi o‘rnini egallashi uchun kampaniya olib bormoqda.

2023 yil may oyida Prigojin o‘z biznesiga aloqador, Kamerunda joylashgan Afrique Media TV telekanaliga bergan intervyusida vagnerchilar Mali va Markaziy Afrika Respublikasida BMT tinchlikparvar kuchlariga qaraganda ancha samarali faoliyat yuritayotgani aytib, maqtandi.

Malining Moskva ko‘magiga qaramligi tobora ortib borayotgani, 16 iyun kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulay Diop MINUSMA missiyasini darhol mamlakatdan olib chiqishga chaqirganda mutlaq aniq bo‘ldi.

Endilikda «Vagner» va Kreml o‘rtasidagi keskin munosabatlar natijasida Malida xavfsizlik choralari zaiflashishi va turli terrorchi guruhlar bundan foydalanib qolishi mumkin.

Prigojin isyoniga Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) ham xuddi Mali kabi hech qanday rasmiy munosabat bildirmadi. «Vagner» jangchilari bu yerda 2017 yildan beri harakat qilib kelmoqda.

Moskva va rasmiy Bangi o‘rtasida imzolangan xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik shartnomasiga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida Markaziy Afrika Respublikasiga tinchlik bermay kelayotgan isyonchilarga qarshi kurashish uchun bu mamlakatga yuzlab rossiyalik «harbiy instruktorlar» yetib kelgan.

Vaqt o‘tishi bilan «Vagner» bu yerda biznes ochib, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, foydali qazilmalar, yog‘och va, albatta, aroq savdosi bilan shug‘ullangan.

Yollanma askarlar jamiyat ularni qo‘llab-quvvatlashiga olib kelgan harbiy muvaffaqiyatlarga erishdi. Ular 2020 yilda prezident Fosten-Arkanj Tuaderaga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan kuchli «O‘zgarishlar uchun vatanparvarlar koalitsiyasi» (CPC) isyonchi guruhini mag‘lub etishga yordam berdi.

Biroq, Tuadera hukumatining davlat muassasalari va mamlakatning yuqori rahbariyatini himoya qilish ishonib topshirilgan yollanma askarlarga haddan ortiq tayanishi vagnerchilarda o‘zbilarmonlik va cheksiz huquqlarga egalik hissini paydo qildi, bu esa isyonchilar bilan urush paytida tinch aholiga nisbatan ommaviy zo‘ravonliklar o‘tkazilishiga olib keldi.

«Vagner» XHK yollanma jangchilari 2020 yil MARdagi saylov kampaniyasi vaqtida faol ishlagan.
Foto: Getty Images

2023 yil boshida AQSh moliya vazirligi «Vagner» jangarilariga qarshi Markaziy Afrika Respublikasi va Malida ommaviy otuvlar uyushtirish, zo‘rlash, bolalarni o‘g‘irlash va jismoniy zo‘ravonlik kabi jiddiy jinoiy ayblovlar qo‘ydi.

Prigojin qo‘zg‘oloni natijasida «Vagner» tizimida sodir bo‘lgan bo‘linish MARdagi katta daromadli va asosan mustaqil harakat qiluvchi yollanma askarlar operatsiyalari nazoratdan chiqib ketishi xavfini oshirdi. Qolaversa, yollanma askarlarning asosan resurslarga boy ichki hududlarda qo‘zg‘olonchilar bilan til biriktirishi, vagnerchilar harakatlari allaqachon ta’sir o‘tkazayotgan Chad va Sudan kabi qo‘shni davlatlarda beqarorlikka olib kelishi xavfi bor.

Biroq, Tuadera hukumati va Moskva o‘rtasidagi davom etayotgan hamkorlik hozircha «Vagner» va Kreml o‘rtasidagi ziddiyat MARdagi xavfsizlik va zaif barqarorlikni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchayishiga yo‘l qo‘yayotgani yo‘q.

Suriya

«Vagner»ning Suriyada mavjudligi — bu butunlay alohida hikoya.

Rossiya Suriyadagi fuqarolar urushiga 2015 yilda, qo‘zg‘olonchilar mamlakatning katta qismini nazorat qilib turgan bir paytda, Asad rejimi kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun aralashdi.

Bu aralashuv kuchlar muvozanatini tubdan o‘zgartirdi va hozirda Asad hukumati deyarli butun mamlakatni nazorat qilmoqda. Biroq, bunga tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlar berilishi orqali erishildi: o‘n minglab suriyaliklar Rossiya havo hujumlaridan halok bo‘ldi.

Suriya hukumat kuchlari va prezident Bashar Asad Rossiya va Vladimir Putinga sodiq, bu esa ajablanarli emas. Foto: RUSSIAN TV

Hozir Suriyaning O‘rta Yer dengizi sohilida joylashgan Lataqiya viloyatidagi harbiy baza rasman Rossiya ixtiyorida va u yerdan Afrikadagi «Vagner» bo‘linmalarini ta’minlash uchun foydalaniladi.

Yollanma askarlarning o‘zi 2015 yildan Suriyada faoliyatini boshlagan, biroq ular asosan IShID jangarilari harakat qiluvchi hududlardagi neft konlarini himoya qilish bilan shug‘ullangan.

«Vagner» XHK jangchilari Suriyada. Foto: TELEGRAM @RSOTM

Yollanma askarlarning harbiy jinoyatlari haqidagi da’volar ular Suriyaga jo‘natilganidan taxminan ikki yil o‘tib jaranglay boshladi.

2017 yilda «Vagner»ning bir necha jangchilari bir suriyalikni shafqatsizlarcha qiynoqqa solgani va o‘ldirgani, so‘ngra uning xo‘rlangan jasadini yoqib yuborgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi.

Ushbu dahshatli videoklip internetda paydo bo‘ldi va u yordami bilan qatlda ishtirok etganlar aniqlandi. Shundan so‘ng qurbonning qarindoshlari olti nafar vagnerchiga qarshi Moskva sudiga da’vo arizasi berdi. Biroq, Rossiya hukumati hech qanday chora ko‘rmadi va prezident Putin hatto gumonlanuvchilardan birini shaxsan medal bilan taqdirladi.

Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki rasmiy statusga ega bo‘lgani uchun, hozirda «Vagner» va Kreml o‘rtasida sodir bo‘layotgan voqealar Rossiyaning Suriyadagi mavjudligiga ta’sir qilishi yoki Moskvaning Damashqqa ko‘rsatayotgan yordamini o‘zgartirishi dargumon.

Biroq, Rossiya rahbariyati «Vagner» taqdirini qanday hal qilishidan qat’i nazar, Suriyadagi yollanma askarlar mavjudligi va harakatlari butun dunyo tomonidan diqqat bilan kuzatib boriladi, chunki Suriya mojarosida ko‘plab nufuzli mamlakatlar u yoki bu tomonda, yoxud u yoki bu shaklda ishtirok etmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afrika va Yaqin Sharqdagi «Vagner» taqdiri qanday kechadi?
ePN