date
views 207

Ukraina XX rahbari Qrim ko‘prigiga hujumning ba’zi tafsilotlarini ochiqladi

Ukraina XX rahbari Qrim ko‘prigiga hujumning ba’zi tafsilotlarini ochiqladi

Foto: SERGEI MALGAVKO/TASS
2022 yil 8 oktyabr kuni Ukraina Rossiya Qrimni quruqlik bilan bog‘lovchi Kerch ko‘prigini portlatgan, bu 1,5 yillik urushning eng katta voqealaridan biriga aylangandi. Ukraina ko‘prik portlashida aloqasi borligini uzoq vaqt sir saqladi, ammo keyinchalik portlashni urushning bir yilligida amalga oshirilgan eng muvaffaqiyatli operatsiyalar qatoriga kiritdi.

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk NV nashri bilan suhbatda ko‘prikni aynan Ukraina portlatgani, reja muallifi o‘zi bo‘lganini rasman tasdiqladi.

«Maxsus operatsiya rejasini men va ikki ishongan xodimim ishlab chiqib, amalga oshirdik», deydi Malyuk. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlovchi qurilma oddiy fuqarolik tovari kabi ko‘rinishi va tekshiruv skanerlarida payqalmasligi uchun bir necha qavat plyonka bilan o‘ralgan. Shuningdek, portlovchi qurilma ortilgan yuk mashinasi ko‘prikda maxsus GPS-sozlamalarni ishdan chiqaruvchi «glushitel»ni ham yengib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Vasilik Malyuk Ukraina xavfsizlik xizmati yukni Qrim ko‘prigigacha qanday yetkazib borgani haqida batafsil gapirmagan, lekin uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni portlashda aloqadorlikda ayblab qo‘lga olgan odamlar bu haqda hech narsa bilmagan.

«Biz [rejani amalga oshirish uchun] jahannamni yetti aylandik, juda ko‘p odamlardan sezdirmay foydalandik. Rossiya 22 kishini portlashda ayblab qamoqqa tiqqan, lekin ular operatsiya haqida hech nima bilmagan, shunchaki kundalik ishlari bilan shug‘ullangan, xolos. Ular rossiyalik oddiy kontrabandachilar edi», deydi Malyuk.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qrim ko‘prigi portlashi bo‘yicha Rossiya tomoni 8 kishini qo‘lga olgan, ularning barchasi portlashdan keyin bir hafta ichida ushlangandi. Qo‘lga olingan odamlarning advokatlari BBC bilan suhbatda aytishicha, ish bo‘yicha ayblov shunchaki to‘g‘ri kelgan odamlarning bo‘yniga ilinmoqda. Yuk bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ishtirokchilar hozirda terrorizmda ayblanyapti.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ko‘prik portlashidan keyin chiqish qilib, buni «muhim fuqarolik infratuzilmasini vayron qilgan» terakt deb atagan va tashkilotchi Ukraina xavfsizlik xizmati bo‘lganini aytgandi. Ukraina uzoq vaqt portlashga aloqador ekanini rad etib keldi. Portlashdan keyin Ukraina prezidenti devoni vakili Mixaylo Podolyak furgon Rossiya tomonidan ko‘prikka kirgani, portlash uchun javobgarlik «nazoratdan chiqib ketgan» rossiyalik kuchishlatar tuzilmalar gardanida ekanini aytgandi.

Portlashdan keyin ko‘prikning avtomobil harakatiga moslashgan qismi yetti oy o‘tibgina ochilgandi.

«Dengiz bolakayi» bilan ikkinchi portlash

2023 yil 17 iyul kuni Qrim ko‘prigida ikkinchi portlash amalga oshirildi. Bu gal Rossiyaning iddaosi bo‘yicha suv ostidan, suv ustidan, havodan va kosmosdan turib qo‘riqlanadigan ko‘prik oddiy qo‘lbola suvusti droni yordamida portlatildi. Vasiliy Malyuk intervyusida ushbu ikkinchi portlash haqida ham biroz gapirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi portlashda Ukraina o‘zi yasagan «Dengiz bolakayi» (Sea baby) suvusti dronidan foydalangan. Unga 850 kg miqdorida portlovchi modda yuklangan. Ushbu hujumda Ukraina xavfsizlik xizmatining «Hanter» (ovchi) chaqiruv nomidagi ofitseri katta ishni amalga oshirgan. Malyukning so‘zlariga ko‘ra, aynan mana shu ofitser dronga 850 kg.gacha portlovchi modda yuklashni uddalagan va boshqaruv tizimini modernizatsiya qilgan. Hujumda foydalanilgan dronni yasashga bir necha oy vaqt ketgan.

Ikkinchi portlash natijasida Qrim ko‘prigining 145-ustuni qulagan, ko‘prikda yana harakat to‘xtatilgandi. Rossiya portlash kunidayoq hujumni Ukraina tomoni suvusti dronlari yordamida amalga oshirganini bildirgandi. Bu portlashda ham Ukraina aloqador ekanini tezda tan olmagan, ammo portlash arafasida Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, general Oleksandr Sirskiy va Ukaraina xavfsizlik xizmati kanallarida qoldirilgan postlar bu ishni aynan ukrainlar qilganidan dalolat edi.

BBC ushbu portlash haqida Ukraina xavfsizlik xizmatiga rasman so‘rov yuborgan va «Barcha tafsilotlar g‘alabadan keyin oqichlanadi» degan javob olgan.

Rossiya bosqini ramzi

Qrim ko‘prigi Rossiya Ukrainaga tegishli yarimorolni anneksiya qilganidan keyin, 2018 yil may oyida ochilgandi. Urush davomida bu ko‘prik Rossiyaning Ukraina sharqiga qurol va harbiylarni yetkazishdagi asosiy yo‘nalishi bo‘ldi. Ukraina tomoni ko‘prikni Rossiya bosqini va Qrim anneksiyasi ramzi deb ataydi.

Ko‘prikda doimiy ravishda turli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinadi. Shuningdek, ko‘p marta Ukraina armiyasining ko‘prikka havodan qilingan dronlar hujumi bartaraf etilgan. O‘tgan yil oktyabr oyida amalga oshirilgan portlashdan keyin ko‘prikka qayta hujum qilish imkonsizdek ko‘ringan, chunki ko‘prik nazorati to‘laligicha FSB tasarrufiga o‘tkazilgandi. Shu bois, Qrim ko‘prigiga qilingan ikkinchi portlash unga yetkazilgan zarar tezda bartaraf etilganiga qaramay, juda xarakterli voqea deb qaralmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina XX rahbari Qrim ko‘prigiga hujumning ba’zi tafsilotlarini ochiqladi