Foto: Reuters
“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) vakili jangchilarga boshqa ish topishni tavsiya qildi, chunki guruh endi Ukrainadagi urushda qatnasha olmaydi, bundan tashqari ular Rossiya Mudofaa vazirligi va Rosgvardiya bilan Afrika va Yaqin Sharqda jiddiy raqobatga duch kelmoqda. Bu haqda “Vajniye istorii” nashri yollanma askarlar chat guruhlariga tarqatilgan audioga tayanib yozdi. “Vagner”chilar audioning haqiqiyligini tasdiqlagan.
Ovozli xabar yo‘llagan shaxs (uning guruhdagi maqomi noma’lum) vaziyatni “o‘ta og‘ir” deb ataydi va “Vagner” uchun “maxsus harbiy operatsiyaga kirishga ruxsat yo‘qligini” ta’kidlaydi.
XHK vakilining so‘zlariga ko‘ra, Yevgeniy Prigojin Afrikaga so‘nggi safari chog‘ida “ushbu masalalarni hal qilgan”, endi ular “rahbariyat tomonidan yanada ko‘proq hal qilinadi”. Uning ta’kidlashicha, XHK o‘z jangchilarini ish bilan ta’minlashga harakat qildi, ammo qachon va qanday ko‘lamda ekani noma’lum.
The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Yevgeniy Prigojin hayotining so‘nggi kunlarini Afrika bo‘ylab safarda o‘tkazgan. 18 avgust kuni XHK rahbari Markaziy Afrika respublikasi prezidenti Fostin-Arkanje Tuadera bilan uchrashib, uni hamkorlikni davom ettirishga ishontirishga uringan — nashrning yozishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin avvalroq Tuaderaga Prigojindan uzoqlashishni maslahat bergan.
Prigojinning o‘limidan bir oz oldin, Rossiya mudofaa vazirining o‘rinbosari Yunusbek Yevkurov Liviyaga bordi — mamlakatda bu tashrif endi hamkorlik armiya darajasida olib borilishiga ishora sifatida qabul qilindi. Jurnalist Andrey Zaxarovning ta’kidlashicha, Prigojindan Suriyadan ham “chiqish” so‘ralgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!