Foto: Mikhail Svetlov / Getty Images
Isroilda va Falastin yerlarida ayni paytda avj olgan mojaro Vladimir Putinni juda qiziqtiradi. U bu borada allaqachon ikki bor chiqish qildi va mojaroga aralashgan barcha tomonlar bilan telefonda so‘zlashdi. Rossiya bu mojaroni hal qilish uchun o‘zini potensial vositachi sifatida taklif etmoqda.
Xo‘sh, Moskva qanday maqsadlarni ko‘zlamoqda va Rossiya diplomatiyasining tobora o‘sib borayotgan roli haqida jiddiy gapirish mumkinmi? BBC Russian muxbiri Anastasiya Golubeva vaziyatni tahlil qildi.
Biz kimgadir xayrixoh ekanimizdan birov shubhalanmaydi»
Xalqaro jinoiy sudning orderidan so‘ng 13 oktyabr kuni Bishkekka o‘zining ilk xorijiy tashrifi bilan kelgan Putin katta qismi Isroil va falastinliklarga bag‘ishlangan nutq so‘zladi. U HAMASning mamlakat janubiga kirgani haqida gapirar ekan, gapini «Isroil hali tarixda kuzatilmagan hujumga duchor bo‘lgani» bilan boshladi.
Biroq shundan so‘ng Putin G‘azo sektorini Ikkinchi jahon urushida qamal qilingan Leningradga mengzadi va mustaqil Falastin davlati tuzilishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holda mojaro avj olishiga AQSHning tashqi siyosati barbod bo‘lgani bosh sabab bo‘lgan. Putinning fikricha, Isroil garchi «o‘z xavfsizligini ta’minlashga haqli» bo‘lsa ham, bu vaziyatdan chiqishga faqat «vositachilik sa’y-harakatlari» bilan erishiladi.
Bunday vositachi sifatida Putin ochiqchasiga Rossiyani taklif etdi: «Biz so‘nggi o‘n besh yillar ichida Isroil bilan juda iliq munosabatlarga egamiz, Falastin bilan ham an’anaviy aloqalarimiz bor. Shu sababli biz kimgadir xayrixoh ekanimizdan birov shubhalanmaydi», — dedi u.
Shu kunning o‘zida Rossiya BMTga Isroil va Falastinda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z rezolyutsiyasi loyihasini kiritdi, biroq u AQSHning vetosi bilan Xavfsizlik kengashi tasdig‘idan o‘tmadi.
Putnning chiqishidan so‘ng HAMAS unga qo‘llab-quvvatagani uchun tashakkur bildirdi, Amerikaning The Wall Street Journal gazetasida esa mojaro fonida Moskva va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy buzilgani haqida maqola chiqdi. Nashrning qayd etishicha, Putin HAMASning hujumi tufayli Binyamin Netanyahuga hamdardlik bildirish uchun qo‘ng‘iroq qilmagan jahonning kam sonli yetakchilaridan biri bo‘lgan.
G‘arb va Rossiya mustaqil nashrlari BMTdagi Rossiya rezolyutsiyasida ham, Kremlning rasmiy bayonotlarida ham HAMAS tilga olinmaganiga e’tibor qaratgan, binobarin, uning harakatlariga baho berilmagan.
WSJ'ning yozishicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng Kreml Moskvani savdo munosabatlari va qurol-yarog‘ yetkazilishi orqali qo‘llab-quvvatlovchi Eron bilan aloqalarini mustahkamlagan. Eron esa, o‘z navbatida, HAMASning bosh ittifoqchisi va Isroilning tarixiy dushmanidir.
Biroq, Putinning turlicha talqin qilish mumkin bo‘lgan bayonotlari 16 oktyabr kuni mojarodan manfaatdor tomonlarning barchasi — Isroil, Falastin muxtoriyati, Eron va Misr yetakchilariga qo‘ng‘iroq qilishga to‘sqinlik qilmagan.
Putin va Netanyahu Al-Qudsda. 2020 yil. Foto: Getty Images
Chorshanba kuni Xitoyga safari chog‘ida Isroildagi vaziyatni yechish uchun Putin yana «aloqalar va muzokaralar» boshlash zaruriyati haqida gapirdi.
«Men Rossiya prezidenti o‘ng-chapiga qaramasdan harbiy to‘qnashuvlarning qurbonlari tinch aholi bo‘lishi mumkin deya bayonot berayotganini eshitganimda qahrim keladi. Odam bundan ortiq surbet bo‘lishi mumkin emas», — deya Putinning gaplariga fikr bildirgan keyingi kuni nemislar yetakchisi Olaf Shols.
Nega Putin kutilmaganda «tinchlik» haqida so‘zlab qoldi?
Rossiya kup yillar mobaynida o‘zini Yaqin Sharqdagi vositachi sifatida ko‘rsatib kelgan, biroq hozir Kreml «mojaroni hal qilish yoki tomonlarni yarashtirish uchun chinakam istakka ham, imkoniyatlarga ham ega emas», deya sharhlagan Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti xodimi Anna Borshchevskaya.
«Gap ko‘proq Rossiya o‘zini muhim xalqaro yechimlar usiz o‘tmaydigan buyuk barqudrat davlat, shuningdek, AQSHga posangi sifatida taqdim qilishi haqida bormoqda», — deydi u Rossiyaning da’vo qilinayotgan tashqiy siyosiy maqsadi — «liberal dunyo tartibini buzish va uni ko‘pqutbliligi bilan almashtirish» ekanini ta’kidlar ekan.
Rossiya o‘zini eng avvalo diplomatiyadan manfaatdor tomon sifatida taqdim etishga urinadi — Putin Ukrainadagi urushga nisbatan ham shunday pozitsiyani ilgari surishga harakat qilgan, deya sharhlaydi Britaniya mudofaa tadqiqotlari qirollik instituti (RUSI) xodimi Emili Ferris.
«Bu Kreml tomonidan anchadan buyon ilgari surilayotgan — g‘arbning so‘nib borayotgani, Rossiya kabi davlatlar o‘z rolini o‘ynashi kerakligi to‘g‘risidagi narrativini mustahkamlaydi. Bu obrazni hozir Rossiya Afrika qit’asida ilgari surmoqda», — deydi Ferris.
Biroq Rossiyaning Isroildagi vaziyatga qiziqishining birinchi darajali sababi — Ukrainadagi urushdan diqqatni Yaqin Sharqqa qaratish, deyishmoqda BBC tomonidan so‘ralgan ekspertlar va ko‘plab g‘arb nashrlari.
Butun dunyoning diqqat-e’tibori Isroil va G‘azo sektoriga qadaldi, bu esa Rossiyaning qo‘llarini bo‘shatadi, deydi Qatardagi Ko‘rfazni o‘rganish markazi xodimi Nikolay Kojanov. U Rossiya deyarli bildirmasdan yadroviy sinovlarlarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechganini misol keltiradi — RF Davlat dumasi shu hafta ichida shartnomadan chiqish to‘g‘risidagi qonunni bir o‘qishdayoq qabul qilgan. «Boshqa vaqtlarda bu harakat katta diqqat-e’tiborni jalb qilgan bo‘lar edi», — deydi Kojanov.
Uning yana qayd etishicha, Ukraina frontlaridagi voqealar jahon yangiliklari bosh sahifalaridan pastga sho‘ng‘idi, g‘arbdagilar esa Isroil va Ukrainaga yordamni qanday taqsimlash to‘g‘risida bosh qotira boshlashdi — bularning barchasi Rossiya foydasiga ishlaydi.
Bundan tashqari, bunday vaziyatda Rossiya xalqaro hamjamiyat bilan suhbatlashish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda. «Bu Moskva uchun muhim, chunki bu keyingi izolyatsiyalardan qochish, shuningdek mavjud izolyatsiyadan uzoqlashib, o‘zining muhimligi, o‘zlarining ahamiyatdor ekani ko‘rsatish imkonini beradi, — deydi Kojanov. — Rossiya tashqi olam bilan suhbatlashish uchun qo‘shimcha kanalga ega bo‘lmoqda. Agar omadi kelsa, vositachi rolini ham o‘ynashi mumkin. Agar omadi kelmagan taqdirda ham Rossiya rahbariyati uzoq vaqt «biz urinib ko‘rganmiz», deb gapirib yuradi».
Rossiya chindan ham ushbu mojaroda vositachi bo‘la oladimi?
Ayni vaqtda Isroil Rossiyaning vositachiligiga ko‘nadi, deb tasavvur qilish qiyin, deydi Anna Borshchevskaya. Rossiya HAMAS va «Hizbulloh» (Eron tomonidan qo‘llanuvchi Isroilga qarshi Livandagi guruh) bilan munosabatlarini saqlab turibdi, ularning vakillari bir necha bor Moskvaga borishdi, Rossiya ularga harbiy yordam ko‘rsatgan, deya sabablarini sanaydi Borshchevskaya.
«Antisemitizm Rossiyada yana avjlana boshladi, shu sababli Putin Isroilning yoki kimningdir haqiqiy do‘sti ekanini tasavvur qilish qiyin», — deydi u.
Isroil Rossiyaning vositachilikka urinishlariga skeptik munosabatda, deya ishonch bilan ta’kidlaydi Nikolay Kojanov ham. «Ko‘pchilikka ochiq-ravshan ko‘rinib turibdiki, Rossiya vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqchi. Isroilning manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas», — deydi u.
Kojanov Rossiya chindan ham anchagina diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llayotgani — bu holda shunchaki og‘zaki bayonotlar bilan cheklanib qolmasdan, Isroil muloqot qila olmaydigan «mintaqadagi asosiy o‘yinchilar» bilan maslahatlashuvlar o‘tkazib, aloqalar o‘rnatayotganini qayd etadi. «Lekin fikrimcha ayni paytdagi butun vaziyat, ayniqsa Rossiyaning xalqaro sahnadagi ko‘plab o‘yinchilar uchun toksikligi hisobga olinsa, u ahamiyatli vositachi bo‘la olmasa kerak», — deya fikrlarini yakunlaydi ekspert.
Emili Ferris Putinning Rossiya ushbu mojaroda neytral tomon bo‘la olishi to‘g‘risidagi bayonotlarini shubha ostiga oladi. Ekspert mojaroning turli tomonlariga Rossiya chindan ham nechog‘lik ta’sir o‘tkaza olishiga ishonmaydi. «Rossiya har ikki tomon bilan yaxshi aloqada ekanligini ta’kidlab vositachi bo‘la olishini aytmoqda. Aslida bunday emas», — deydi Ferris.
Birinchidan, Rossiya va Isroil aloqalarining murakkabligini hisobga olish kerak. Isroil Ukrainadagi urushda alohida pozitsiyani tanladi: g‘arb sanksiyalariga qo‘shilmadi, Ukrainaga maxsus qurol-yarog‘lar jo‘natmadi, biroq harbiy harakatlarga tanqidiy munosbatda bo‘lib, ukrainalik qochqinlarni quchoq ochib qabul qildi, deydi u. Biroq shundan so‘ng Lavrov bir necha bor antesmit ruhidagi chiqishlar qildi, ular uchun Putin Netanyahudan uzr so‘rashga ham majbur bo‘ldi.
Rossiyadan Ukrainaga uchirilgan dron parchalari. Foto: Danylo Antoniuk / Anadolu Agency
Bundan tashqari, bu yerda Rossiyaning Eron bilan munosabatlari ham muhim rol o‘ynaydi. «Rossiyaning tashqi siyosat bo‘yicha yaqin bir necha yillar ichidagi rejasidan boxabarmiz: Rossiya Xitoy, Hindiston va Eron bilan yangi xalqaro alyans tuzish yo‘lidan bormoqda. Bundan tashqari, Eron Ukrainaga zarba berishda foydalanilayotgan pilotsiz parvoz qurilmalarini yetkazib bermoqda», — deydi Ferris. Biroq Eron HAMAS va «Hizbulloh»ni moliyalashtiradi, bu esa albatta Rossiya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarda taranglik omili bo‘lib xizmat qiladi.
«Bundan tashqari, Rossiyada HAMASga ta’sir o‘tkazishning nechog‘lik real richaglari borligi xususida savollar ham bor, — deydi Ferris. — Lekin, mening fikrimcha, HAMASga eng katta ta’sir o‘tkaza oluvchi mamlakat Rossiya emasligi kundek ravshan».
Boz ustiga Rossiya ushbu mojaroda neytral bo‘la olmasligiga shama qiluvchi konspirologik narrativlarni ilgari surib kelmoqda. Masalan, Rossiya nashrlari tomonidan tarqatilgan, Ukraina o‘ziga g‘arb davlatlari yetkazib bergan qurol-yarog‘larni HAMASga bergani to‘g‘risidagi feyk yangilik kabi.
«Bu Rossiya manfaatlariga xizmat qiluvchi, g‘arb diplomatiyasining barbod bo‘lgani, ya’ni ularning Ukrainaga yordami demokratik maqsadlarni ko‘zlamagani, aslida terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotganidan hikoya qiluvchi konspirologik nazariyalardan bittasi», — deydi Emili Ferris.
Rossiya chindan ham qaysi tarafda?
Putinning juma kungi bayonotlari va HAMASning unga tashakkur bildirishidan so‘ng Rossiyani falastinparvar kayfiyatda ayblay boshlashdi, Rossiya propagandachilari va davlat nashrlari esa Isroilga nisbatan agressiv tonlarda chiqishlar qilishdi.
«Rasman Kreml pozitsiyasi bu masalada neytral bo‘lish, mening fikrimcha ham shunga o‘xshayapti. Biroq, menimcha, Isroilda neytralitet falastinliklarni qo‘llash deb tushuniladi, chunki vaziyat shuni taqozo qilmoqda», — deydi Emili Ferris.
Rossiyaga ayni paytda tomonlardan birining tarafiga o‘tish juda nomuvofiq, deydi Nikolay Kojanov ham; Rossiyaning strategiyasi — to‘siqlarga chap berib yurish.
«Ayni vaziyatda kimningdir pozitsiyasini olish — o‘z pozitsiyasini susayirish. Isroilning Ukrainaga nisbatan egallagan pozitsiyasidan kelib chiqib, undan uzoqlashish — nomuvofiqlik. «Arab ko‘chalari» (arab davlatlari aholisining kayfiyati)dan uzoqlashish ham maqsadga muvofiq emas. Shu sababli yagona mavjud variant — gap-so‘zlarga chap berib harakat qilish, biz tinchlik va yaxshilik tomonda, deb turish», — deydi Kojanov.
Boz ustiga, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga Yaqin Sharqda uzoqqa cho‘ziluvchi mojaro ham kerak emas. Rossiya aynan «lanj beqarorlik»dan dividend oladi va doim kimgadir o‘z yordami va vositachiligini taklif etishi mumkin bo‘ladi. Biroq Yaqin Sharq mintaqasida kuchlar taqsimotini o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan katta urush vaziyati Rossiya uchun aslo kerakmas, deb hisoblaydi Kojanov.
Chindan ham, «Hizbulloh» va Eronning boshqa tarafdorlari ishtirokidagi keng ko‘lamli mojaro Tehron Moskvaga yo‘naltirayotgan harbiy yordamning katta qismini o‘ziga jalb qiladi, deydi Yangi Amerika xavfsizlik markazi (CNAS)ning Yaqin Sharqdagi xavfsizlik dasturi direktori Jonatan Lord.
«Eronning G‘azodagi mojaroga bevosita jalb qilinishi holatida Eron Moskvadan «qarz tilxati»ni — Rossiya va’da qilgan, biroq yaqin kelajakda taqdim etishni istamay turgan zamonaviy qurollarni talab qilib qolishi mumkin», — deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan Yaqin Sharqda qo‘llanadigan har qanday harakatni Ukrainadagi urushdan uzilish hamda Rossiya va Eronning harbiy munosabatlaridan ayricha ko‘rib bo‘lmaydi.
«Putin navbatdagi marta Putinning tomonida turib oldi, bu so‘nggi yil mobaynida Eron bilan yaqin aloqalar, Ukrainada Eron qurol-yarog‘lariga tayanishini bildiradi», — degan Lord.
Uning aytishicha, Putinning Yaqin Sharqda ikkita asosiy maqsadi bor: Erondan qurol-yarog‘ oqimini va Rossiya Tartus portini nazorat qilib turgan Suriyada harbiy ishtirokni saqlab qolish. Putinning barcha xatti-harakatlari aynan mana shu maqsadlarga erishishga qaratilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring