Malayziyaning Respond.io startapi 62,5 million dollar investitsiya jalb qildi

Mijozlar bilan muloqotni boshqarish platformasi hisoblangan Respond.io B seriyali investitsiya bosqichida 62,5 million dollar mablagʻ toʻplashga muvaffaq boʻldi. Camber Partners boshchiligidagi ushbu moliyalashtirish raundi kompaniyaga oʻzining sunʼiy intellektga asoslangan xizmatlarini kengaytirish va yangi bozorlarni egallash imkonini beradi. Mazkur muvaffaqiyat Malayziya texnologiya ekotizimi uchun muhim voqea sifatida baholanmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kuala-Lumpurda joylashgan Respond.io kompaniyasi 2017-yilda tashkil etilgan boʻlib, u biznes subyektlarining turli messenjerlar orqali mijozlar bilan aloqa oʻrnatish muammosini hal qiladi. TechCrunch xabariga koʻra, kompaniyaning yillik takrorlanuvchi daromadi (ARR) 35 million dollarga yetgan va oʻtgan yilga nisbatan 169 foizga oʻsgan. Shunisi eʼtiborliki, kompaniya 30 foizlik sof foyda marjasi bilan ishlamoqda, bu esa zamonaviy SaaS (dasturiy taʼminot xizmat sifatida) bozorida kamdan-kam uchraydigan koʻrsatkichdir.
Sunʼiy intellekt va messenjerlar integratsiyasi
Respond.io platformasi WhatsApp, Instagram, TikTok, Messenger, Line, Telegram va WeChat kabi ommabop ilovalarni yagona tizimga birlashtiradi. Bu, ayniqsa, mijoz bilan uzoq muloqot talab qilinadigan sohalar — tibbiyot, avtomobil savdosi, taʼlim va turizm uchun juda qulay. Kompaniya asoschisi Gerardo Salandra taʼkidlaganidek, odamlar avtomobil yoki qimmatbaho xizmatlarni shunchaki saytga kirib, bank kartasini kiritish orqali sotib olmaydi; ular avval suhbatlashishni va savollariga javob olishni istashadi.Platformaning asosiy ustunligi uning AI agentlaridir. Ushbu sunʼiy intellekt yordamchilari inson aralashuvisiz koʻp sonli soʻrovlarni qayta ishlaydi, potensial mijozlarni saralaydi va hatto savdolarni yakunlaydi. Hozirda tizim har chorakda 2 milliarddan ortiq xabarlarni qayta ishlamoqda. ChatGPT kabi texnologiyalar paydo boʻlishi kompaniya uchun xavf emas, balki oʻsish drayveri boʻlib xizmat qilmoqda.
Biznes modelidagi yangicha yondashuv
Respond.io oʻz raqobatchilaridan narx siyosati bilan ham ajralib turadi. Koʻplab Gʻarb kompaniyalari har bir foydalanuvchi (ishchi oʻrni) uchun haq olsa, Malayziya startapi muloqotlar hajmidan kelib chiqib haq oladi. Bu esa kompaniyalarga xodimlarni qisqartirib, sunʼiy intellektga oʻtganda ham xarajatlarni optimallashtirish imkonini beradi. Salandra soʻzlariga koʻra, anʼanaviy platformalar elektron pochta va qoʻngʻiroqlarga moslashgan, messenjerlar esa ular uchun shunchaki qoʻshimcha funksiya, xolos.Yangi jalb qilingan investitsiyalar quyidagi maqsadlarga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan:
- Boshqa texnologik startaplarni sotib olish orqali ekotizimni kengaytirish;
- Sunʼiy intellekt algoritmlarini yanada takomillashtirish;
- Yirik korporativ mijozlar (200 dan 10 000 gacha xodimi bor kompaniyalar) segmentida oʻrnini mustahkamlash;
- Xalqaro bozorlarda, xususan, Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalarida kengayish.































Izohlar 0
…