O‘zbekiston ingliz tilini «juda past darajada o‘zlashtirgan» mamlakat hisoblanadi. Bu haqda EF Education First tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalaridan (.pdf) ma’lum bo‘lmoqda.
Qayd qilinishicha, 2023 yilgi reytingda O‘zbekiston 113 ta mamlakat ichida 93-o‘rinni egallagan va ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha Falastin, Senegal va Kamerun kabi davlatlar orasidan joy olgan.
Reytingda eng yaxshi ko‘rsatkichni Niderlandiya, Singapur va Avstriya qayd etgan. Shuningdek, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Belgiya, Portugaliya, Janubiy Afrika, Germaniya, Xorvatiya va Gretsiyada bu tilni bilish darajasi «juda yuqori» sifatida baholangan.
EF Education First reytingni tuzishda 2023 yilda EF Standard English Test bepul onlayn test sinovidan o‘tgan 2,2 million kishining natijalariga tayanmoqda. To‘plangan ballar va fuqarolik ma’lumotlariga asoslanib, kompaniya dunyoning 113 davlatining til bilish darajasini 5 ta guruhga ajratgan: juda yuqori, yuqori, o‘rtacha, past va juda past.
EF Education First tadqiqotchilarining ta’kidlashicha, test sinovida qatnashganlar reprezentativlikni ta’minlamaydi, chunki unda ishtirok etish ixtiyoriy hisoblanadi.
Shaharlararo reytingda O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri ham qayd etilgan bo‘lib, ingliz tilini bilish darajasi «juda past» sifatida baholangan. «Juda yuqori» natija Amsterdam (Niderlandiya), Vena (Avstriya) va Kopenhagen (Daniya) shaharlarida kuzatilgan.
O‘zbekiston reytingda ishtirok etgan Osiyoning 23 ta davlati orasida 19-o‘rinda bormoqda va Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston, Myanmar kabi davlatlardan ham ortda.
EF Education First bunday tadqiqotni 2011 yildan buyon o‘tkazmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!