
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Bayden bo‘lajak saylovlar oldidan o‘zining so‘nggi yillik nutqi (State of the Union) bilan chiqish qildi va bu chiqishining boshlanish qismini urush boshlagan Rossiya rahbari Putin, shuningdek Donald Trampning NATO va AQSH ittifoqchilari to‘g‘risidagi bayonotlarini tanqid qilishga bag‘ishladi.
«Mendan oldingi prezident, respublikachi sobiq prezident Putin nimani istasa, shuni qilishi mumkinligini aytadi. Menimcha, bu ablahona, xavfli va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat!» — degan Bayden.
Yil oxirida o‘tkaziladigan saylovlarda Baydenga raqiblik qilishi kutilayotgan Donald Tramp yaqinda tarafdorlari bilan uchrashuv chog‘ida go‘yoki o‘z prezidentligi davrida Yevropadagi NATO a’zosi bo‘lgan davlati rahbari bilan suhbati haqida eslagandi. O‘zining aytishicha, Tramp o‘shanda agar bu davlatga Rossiya hujum qilgudek bo‘lsa, Amerika unga yordam bermasligi, chunki bu mamlakat NATOning YAIMning 2 foizini harbiy xarajatlarga ajratish to‘g‘risidagi normativini bajarmaganini bildirgan.
Bayden Trampning o‘sha so‘zlaridan keyin darhol buni «aqlsizlik va mas’uliyatsizlik» deb atagandi.
«Biz Putinni to‘xtatishimiz darkor! — dedi Bayden payshanba kuni AQSH Kongressidagi har yillik nutqida. — Agar Qo‘shma Shtatlar Ukrainani tashlab qo‘ysa, Ukraina xavf ostida qoladi, Yevropa xavf ostida qoladi, dunyo xavf ostida qoladi».
«Men prezident Putinga oddiy bir gapni aytmoqchiman: biz ittifoqchilarimizni tashlab qo‘ymaymiz. Biz ta’zim qilmaymiz. Men bosh egmayman!» — deya davom etgan Bayden.
Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi so‘zlar nafaqat Demokratik partiya vakili bo‘lgan kongressmenlar va senatorlar tomonidan, balki ayrim respublikachilar tomonidan ham olqishlangan.
Baydenni partiyadoshlari butun nutq davomida deyarli har bir jumladan keyin o‘rnidan turib qarsak chalishgan.
Donald Tramp bunga o‘z uslubida javob qaytardi.
«U Putinga qarshi turgani yo‘q, u Ukrainani Putinga topshirdi!» — deya yozgan Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida va bu orqali nimani nazarda tutganini ochiqlamasdan.
Tramp keyingi postlarida tafsilotlarga to‘xtalmasdan, Bayden barcha chiqishlarida yolg‘on gapirayotgani, shuningdek u janubiy chegaralar muammosini hal qilishni istamasligi va mamlakatni muhojirlar bilan to‘ldirishni istayotganlikda ayblagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar