date
views 472

AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga suiqasd uyushtirildi (video)

AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga suiqasd uyushtirildi (video)
Evan Vucci / AP / Scanpix / LETA
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Pensilvaniyaning Batler shahridagi saylovoldi mitingi chogʻida yaralandi. Hodisa aks etgan videoda uning chiqishi chogʻida oʻq ovoziga oʻxshash tovushlar eshitilayotganini koʻrishi mumkin; siyosatchi oʻng qulogʻini ushlaydi va polga choʻkkalaydi. Maxsus xizmat agentlari uni qurshab olishgan, koʻtarilishga yordam berishgan va sahnadan olib ketishgan. Videoda Trampning qulogʻi qonga belangani koʻringan; u sahnani hushi joyida holatda va mushtini koʻtargan holda tark etgan.

Maxfiy xizmatlar vakili Tramp ayni vaqtda «xavfsizlikda» ekanini ma'lum qildi, deb xabar beradi The New York Times. Trampning saylov kampaniyasi vakili ham sobiq prezidentning «ahvoli yaxshiligi» va mahalliy tibbiyot muassasasida tibbiy koʻrikdan oʻtganini ma'lum qilgan. Batler okrugi prokuroriga koʻra, oʻq Trampni «tirnab oʻtgan». CBS News ma'lumotiga koʻra, hodisadan uch soat oʻtib sobiq prezident shifoxonani tark etgandi.

Hodisa oqibatida halok boʻlgan va yaralanganlar bor — Batler okrugi prokurori mitingga kelganlardan biri halok boʻlgani va yana ikki jabrlanuvchi ogʻir ahvolda ekanini ma'lum qilgan. Oʻt ochgan shaxs Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan otib oʻldirilgan. Gumondorning shaxsi haqida hozircha ma'lumot yoʻq. The New York Times ma'lumotiga koʻra, surishtiruv ishlari Maxfiy xizmat tomonidan olib borilmoqda, ammo unga boshqa idoralar, xususan Federal qidiruv byurosi ham jalb etiladi.

CNN hodisa qotillikka urinish sifatida baholanmoqda.

Trampga oʻq uzgan shaxsning oʻzi tadbir ishtirokchilari orasida boʻlmagan, u miting maydoni tashqarisidagi uylardan birining tomidan turib bir necha marta oʻq uzgan, degan CNN muxbirining huquq-tartibot organlaridagi manbalari. Batler okrug prokurori Richard Goldinjer hujum qilgan shaxs tomda boʻlgani va «bir necha yuz yard» masofadan turib oʻt ochganini tasdiqlagan. «Buning uchun miltiq kerak boʻlardi», — degan u. Keyinroq jinoyatchining yonidan AR-15 rusumli yarimavtomat miltiq topilgan.

Otishma uyushtirgan shaxs va Tramp turgan joy geolokatsiyasiga koʻra, ularning oraligʻida taxminan 125 metr boʻlgan; ABC News manbasi esa bundan qariyb ikki barobar koʻproq masofani aytmoqda — 200-300 yard.

BBC News mitingga tashrif buyurganlardan biridan intervyu olgan, u otishma boshlanishidan bir necha daqiqa oldin oʻzi va atrofidagilar miltiq koʻtargan shaxs sahnaga qarab turganini koʻrishgan va politsiyachilarni ogohlantirishga urinishgan, ammo bundan naf chiqmagan.

Maxfiy xizmat agentlari boshqa xizmatlar xodimlari bilan birgalikda saylovoldi mitinggiga kelganlarning barchasini tekshiruvdan oʻtkazishi kerak edi, deya yozadi Associated Press agentligi. Bundan tashqari, maxsus xizmatlar bunday tadbirlarda ehtimoliy hujumlarni aniqlash va uni bartaraf etishga maxsus oʻqitilgan xodimlardan foydalanadi.

Prezident Jo Bayden Tramp «xavfsizlikda ekani va oʻzini yaxshi his qilayotgani»ni eshitganidan xursandligini aytgan va «Amerikada bunday zoʻravonlikka joy yoʻqligi»ni ta'kidlagan. «Biz mamlakat sifatida birlashishimiz va buni qoralashimiz lozim», — deya uning soʻzlarini keltirgan The New York Times. Bu xabar ortidan Bayden qisqacha telemurojaat bilan chiqdi; u yaqin vaqtlar ichida Tramp bilan muloqot qilishiga umid bildirgan. Hodisa munosabati bilan Baydenning kampaniyasi oʻz reklamalarini TV orqali namoyish etishni toʻxtatgan.

Amerikaning har ikki partiyasiga mansub boʻlgan siyosatchilar Trampni qoʻllab-quvvatlovchi va siyosiy zoʻravonlikni qoralovchi bayonotlar berishmoqda. Ilon Mask boʻlajak saylovlarda Trampni «toʻla» qoʻllashini aytib, u tez orada sogʻayishiga umid bildirgan. Donald Trampning oʻgʻli qonga belangan holda qoʻlini musht qilib turgan otasining fotosini «U Amerikani qutqarish uchun kurashni hech qachon toʻxtatmaydi» yozuvi bilan e'lon qilgan.

15 iyul kuni Miluokida respublikachilarning milliy konventsiyasi boshlanishi lozim edi, unda partiya prezidentlik va vitse-prezidentlik uchun oʻz nomzodlarini rasman e'lon qilishi koʻzda tutilgan. The New York Times jurnalisti va CNN telekanali siyosiy tahlilchisi Meggi Haberman mitingdagi otishma nazariy jihatdan ushbu tadbirni ortga surishi mumkinligini aytgan, ammo Associated Press xabariga koʻra, Respublikachilar partiyasi milliy qoʻmitasi bu tadbir oʻz vaqtida oʻtkazilishini ma'lum qilgan.

Maxsus xizmat xodimlari qonga belangan Trampni sahnadan olib ketishmoqda
Gene J. Puskar / AP / Scanpix / LETA

Hodisadan ikki soatdan koʻproq vaqt oʻtganida Tramp ijtimoiy tarmoqlari orqali oʻz munosabatini bildirdi.

"Men Pensilvaniya shtati, Batler shahrida roʻy bergan otishmaga tezkor reaktsiya koʻrsatgani uchun AQSh Maxfiy xizmatiga va barcha huquq-tartibot organlariga minnatdorchilik bildiraman.

Birinchi navbatda, men mitingda halok boʻlgan kishining, shuningdek ogʻir yaralanganlarning oilalariga hamdardlik bildirishni istardim. Bizning mamlakatda bunaqasi boʻlishi mumkinligi aqlga sigʻmaydi. Ayni vaqtda oʻldirilgan mergan haqida hech narsa ma'lum emas.

Oʻq oʻng qulogʻimning yuqori qismini teshib oʻtdi. Men nimadir joyida emasligini sezdim, hushtak, oʻq ovozlari eshitildi va oʻq terimni yirtib oʻtganini his qildim. Kuchli qon oqishi boshlandi va shunda nima boʻlayotganini tushundim. XUDOYIM, AMERIKANI PANOHINGDA SAQLA!
"

AQSh tarixida prezidentlar va prezidentlikka nomzodlar bir necha bor suiqasd nishoni boʻlishgan. Amaldagi prezidentlardan toʻrt nafari oʻldirilgan — Avraam Linkoln (1865), Jeyms Abram Garfild (1881), Uilyam Mak-Kinli (1901) va Jon Kennedi (1963). 1981 yilda Ronald Reygan jiddiy jarohatlangan. 1912 yilda prezidentlikka qayta saylanish uchun nomzodini qoʻygan Teodor Ruzvelt saylovoldi tadbiri chogʻida yaralangan. 1968 yilda saylov kampaniyasi chogʻida Jon Kennedining ukasi, demokratlar praymerizida etakchilik qilib turgan Robert oʻldirilgan; 1972 yilda prezidentlikka demokratlar partiyasidan nomzodi koʻrsatilishi kutilgan Jorj Uolles suiqasd natijasida yaralangan. Shuningdek, AQShning soʻnggi oʻn yilliklardagi barcha prezidentlariga suiqasd tayyorlangani aniqlanib, ularning oldi olingan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga suiqasd uyushtirildi (video)