17:25 / 17.07.2024
35

Amazon o‘rmonlarida tashqi dunyodan uzilib qolgan ibtidoiy qabila aniqlandi

Amazon o‘rmonlarida tashqi dunyodan uzilib qolgan ibtidoiy qabila aniqlandi
Foto: Survival International
Perudagi Amazon o‘rmonlarining ichki qismida 16 iyul kuni tashqi dunyodan ajralib qolgan ibtidoiy qabila aniqlandi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

Ibtidoiy qabila topilgani haqida dastlab Survival International manbasi xabar tarqatgan. Qabila Amazonda daraxt kesuvchilar tomonidan ilk bor kuzatilgan.

Mahalliy yog‘ochsozlik kompaniyasi ishchilari daryo bo‘yida turgan qabila a’zolarining o‘nlab suratlarini olishgan va ularni ijtimoiy tarmoqlarda joylashgan. Bu voqeadan so‘ng hududga tadqiqotchilar kela boshlagan.

Olimlar suratga olingan odamlarni yo‘qolib ketgan deb taxmin qilingan Mashko Piro qabilasi a’zolari deya fikr bildirishgan. Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, bu qabila a’zolari o‘z vaqtida 750 nafargacha yetgan.

Foto: Survival International
Qabila haqida ma’lumotlar faqatgina Amazonni kezib chiqqan ayrim mustaqil sayohatchilar kundaliklarida uchraydi. Tadqiqotchilar ekspeditsiyalari davomida esa ular umuman kuzatilmagan.

Suratlarga asoslanib, olimlar qabilaning Madre-de-Dios mintaqasida yashayotganini taxmin qilishgan. Bu hudud Braziliya bilan chegaradosh bo‘lib, unda aholi manzilgohlari va obyektlar deyarli yo‘q. Bu esa qabilaning hududda xavfsiz yashab kelishini ta’minlagan bo‘lishi mumkin.

Ushbu ajoyib tasvirlar Mashko Piro qabilasi daraxt kesish korxonasi joylashgan hududdan atigi bir necha kilometr masofada manzilgoh qurib yashayotganini ko‘rsatishi mumkin”, degan Survival International direktori Kerolin Pirs.

So‘nggi kunlarda 50 dan ortiq Mashko Piro qabilasi vakillari Monte Salvado deb nomlangan aholi hududi yaqinida paydo bo‘lgan. Yana 17 kishi esa Puerto Nuevo posyolkasi yaqinida kuzatilgan.

Qabila tashqi dunyo bilan, boshqa xalqlar bilan umuman aloqaga kirishmaydi. Hozirgacha ular faqat Monte Salvadodagi Yine qavmi bilan aloqa o‘rnatgani ma’lum.

Survival International tashkiloti qabila aniqlangan hududda o‘rmonlarni kesishni to‘xtatishga chaqirgan. Aks holda qabila halokatga uchrashi mumkinligidan ogohlantirgan.

Qabila aniqlangan hududda allaqachon avtomobil yo‘li qurilgan. Yog‘och kesuvchi kompaniya hudud bo‘ylab turar joy va sanoat obyektlari qurishni rejalashtirgan. Kompaniya o‘z xodimlariga qabila a’zolari ko‘ringan paytda ularga yaqinlashmaslikni tavsiya qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amazon o‘rmonlarida tashqi dunyodan uzilib qolgan ibtidoiy qabila aniqlandi