Uch yillik bedaraklikdan so‘ng erkak o‘rmondan tirik topildi

Uch yillik bedaraklikdan so‘ng erkak o‘rmondan tirik topildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Indoneziyada ruhiy salomatlik muammolari bo'lgan 49 yoshli Ayi Solexudin qariyb uch yillik bedarak yo'qolishdan so'ng Salak tog'i o'rmonidan tirik topildi.
  • Uni tasodifan ko'rgan mahalliy aholi qutqaruvchilarga xabar bergan, so'ngra barmoq izlari va ko'z to'r pardasi skanerlash orqali uning shaxsi tasdiqlangan.
  • Ota-onasi vafotidan keyin ruhiy holati yomonlashgan Ayi o'rmonda qancha vaqt bo'lgani, nima bilan oziqlangani va qanday tirik qolgani hozircha noma'lum.

Indoneziyada ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan 49 yoshli erkak qariyb uch yillik bedaraklikdan so‘ng tog‘ o‘rmonidan tirik topildi. U bir necha yil avval uyidan chiqib ketib, Salak tog‘i o‘rmonlarida g‘oyib bo‘lgan. Yaqinda mahalliy aholi uni tasodifan topib, qutqaruvchilarga xabar berdi.

Indoneziya ommaviy axborot vositalari o‘tgan hafta Sukabumi hududidagi Salak tog‘i o‘rmonlarida erkakning qutqarilgani haqida xabar tarqatdi. Ma’lum bo‘lishicha, kuchli yomg‘irdan keyin bir guruh mahalliy aholi yaqin atrofdagi daryo oqimini tekshirish uchun yo‘lga chiqqan. Shu payt ular mox bosgan qoya ustida o‘tirgan, atrofda nima bo‘layotganini anglashga qiynalayotgan erkakni ko‘rib qolishgan.

Uni ko‘rgan odamlar erkakning ahvoli og‘ir ekanini darhol payqashgan. U gapirishga qiynalar, jismonan juda holsizlangan va mustaqil yurishga deyarli qodir emasdi. Shuningdek, boshqa odamlarni ko‘rganida qattiq cho‘chib ketgan.

Qutqaruvchilar uni zambilda o‘rmondan olib chiqishgan. Shundan so‘ng erkakning shaxsini aniqlash uchun tuman ma’muriyati idorasiga olib borilgan. Uning kimligini tekshirishda barmoq izlari va ko‘z to‘r pardasini skanerlash usullaridan foydalanilgan.

Oilasi uni uch yildan beri qidirayotgan edi

Qutqarilgan erkak 49 yoshli Ayi Solexudin ekani aniqlandi. U Indoneziyaning Sianjur hududida yashagan va qariyb uch yil avval oilasi tomonidan bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan edi.

Keyinchalik uning shaxsi oila a’zolari tomonidan ham tasdiqlandi. Yaqinlarining aytishicha, Ayi ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekkan. U bir kuni uyidan chiqib, Salak tog‘i o‘rmonlari tomon ketgan va shundan keyin qaytib kelmagan.

Oila a’zolari uni topish maqsadida qishloq atrofidagi o‘rmonlarni qayta-qayta qidirishgan. Ammo barcha urinishlarga qaramay, erkakdan darak topisholmagan.

Katak-katak ko‘ylak kiygan yoshi katta kishi toshlar oldida ovqat yemoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ayining qayerdaligi haqida turli hududlardan bir necha marta xabar kelgan. Biroq oilasi uning oldiga yetib borguniga qadar u yana o‘rmonga kirib, g‘oyib bo‘lgan. Shu sababli uni topish ishlari uzoq vaqt davomida natijasiz qolgan.

O‘rmonda qanday qilib tirik qolgani noma’lum

Ayi Solexudin Salak tog‘ida qancha vaqt yashaganini aniq aytish qiyin. Biroq uni qutqarish paytidagi jismoniy ahvoli u uzoq vaqt davomida og‘ir sharoitda bo‘lganini ko‘rsatgan.

Erkak juda ozib ketgan, kuchsizlangan va organizmida suv yetishmovchiligi kuzatilgan. Uning holatiga qarab, uzoq vaqt davomida yetarli oziq-ovqat va suvsiz qolgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Ayining aka-uka va opa-singillari jurnalistlarga uning ruhiy holati ota-onasi vafot etganidan keyin yomonlasha boshlaganini aytishgan. Shuningdek, u ko‘pincha yolg‘iz holda o‘rmonga kirib ketish odatiga ega bo‘lgan.

Biroq bu safar u uyiga qaytmagan. Qariyb uch yil davomida qayerda bo‘lgani, nima bilan oziqlangani va og‘ir sharoitda qanday tirik qolgani hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Erkakning tirik topilishi uning oilasi uchun katta voqea bo‘ldi. Endi uning sog‘lig‘ini tiklash va uzoq davom etgan bedaraklik davrida nimalarni boshdan kechirganini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar