11:58 / 02.08.2024
92

Mali shimolida isyonchilar hujumi oqibatida 84 nafar rus askari halok bo‘ldi

Mali shimolida isyonchilar hujumi oqibatida 84 nafar rus askari halok bo‘ldi
Foto: AP
Mali shimolida 1 avgust kuni isyonchilar hujumi oqibatida rus kontingentining 84 nafar askari halok bo‘lgan. Bu haqda Al Arabiya nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Mali shimolida, Jazoir bilan chegarada kutilmaganda hukumatga qarshi kuchlar hujumga o‘tgan. Qurolli guruhlar hududda turgan rus harbiy qismlari va milliy armiya qarorgohiga bir paytda hujum uyushtirgan.

Hujum oqibatida Rossiyaning “Vagner” guruhi 84 askarini, Mali hukumati qo‘shinlari esa 47 nafar askarini yo‘qotgan. Mahalliy nashrlar qurbonlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Tuareg qabilasi boshchiligidagi isyonchilar hujumi Tinzauatena tumanida kuzatilgan. 25 iyul kuni kutilmaganda boshlanib ketgan janglar hukumatga favqulodda choralar ko‘rishga imkon bermagan.

Isyonchilarga qarshi kurashda yaralangan 30 nafar askar vertolyotlar yordamida Kidal shahri kasalxonasiga olib ketilgan. Halok bo‘lgan askarlar jasadlarini oilalariga qaytarish boshlangan.

“Vagner” va Mali hukumatining yetti nafar jangchisi isyonchilar qo‘lida asirlikka tushib qolgan. “Vagner”ga qarshi jangda 9 askarini yo‘qotgan jangarilar asirlar evaziga Mali hukumatidan o‘z qo‘mondonlarini ozod qilishni so‘ragan.

Hozirda isyonchilar Mali shimolidagi Azavat o‘lkasini to‘la nazorat qilayotgani aytilgan. Ushbu hududda tuareglardan tashqari “Al-Qoida” bilan aloqadorlikda gumonlangan “Jamaat nusrat al-Islam val muslimin” (JNIM) guruhi ham nihoyatda faollashib ketgan.

Rossiyaning “Vagner” guruhi ham, Mali armiyasi bosh shtabi ham isyonchilar hujumi og‘ir talafotlar olib kelganini tasdiqlagan. Armiyada favqulodda shaylik holati kuchaytirilgani bildirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mali shimolida isyonchilar hujumi oqibatida 84 nafar rus askari halok bo‘ldi