10:00 / 12.08.2024
34

NYT so‘rovi: Harris Trampdan uchta asosiy shtatda o‘zib ketdi

NYT so‘rovi: Harris Trampdan uchta asosiy shtatda o‘zib ketdi
Foto: Reuters
AQSH vitse-prezidenti, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris uchta muhim shtat – Michigan, Viskonsin va Pensilvaniyada Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampni ortda qoldirdi. Buni The New York Times gazetasi va Siena College tadqiqot instituti tomonidan 10 avgust kuni e’lon qilingan so‘rov natijalari tasdiqlaydi.

5-9 avgust kunlari o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Harrisning Trampdan ustunligi to‘rt foiz punktini tashkil etadi - mos ravishda 50 foiz va 46 foiz ovoz. NYT qayd etishicha, Pensilvaniyada Harrisning reytingi bir oy ichida 10 foizga oshgan.

Nashr vitse-prezidentning muvaffaqiyatini uning Michigan, Viskonsin va Pensilvaniyaga yaqinda qilgan saylovoldi tashriflari bilan bog‘laydi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar, jumladan, vitse-prezidentlikka nomzod Tim Uols ham qatnashgan tadbirlarda Harris respublikachi raqibini iqlim o‘zgarishi bo‘yicha pozitsiyasi uchun qattiq tanqid qildi. Biroq, so‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, ikkilanayotgan shtatlari aholisi hali ham AQSH uchun dolzarb bo‘lgan migratsiya va iqtisodiyot masalalarida Trampni afzal ko‘rishadi.

So‘rovda qatnashgan saylovchilarning 47 foizi Trampdan mamlakat uchun «juda yomon» bo‘ladigan o‘zgarishlar qilishini kutishayotganini aytishgan bo‘lsa, Harris haqida shunday fikr bildirgan respondentlar 37 foizga teng. Saylovchilar, shuningdek, vitse-prezidentni AQSH prezidentligiga Trampdan ko‘ra aqlli va temperamentli nomzod deb hisoblamoqda.

Harris va Trampning dastlabki debatlari

AQSH prezidentligiga nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp 10 sentyabr kuni teledebatda uchrashadi. Bu haqda 8 avgust kuni bahsga mezbonlik qiladigan ABC telekanali ma’lum qildi. «Vitse-prezident Harris va sobiq prezident Tramp ishtirok etishlarini tasdiqlashdi», deyiladi kanal xabarida.

AQSHning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida respublikachi nomzod Tramp sentyabr oyida Fox News, ABC va NBC telekanallarida 4, 10 va 25 sentyabr kunlari uchta teleduel o‘tkazishni taklif qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu sanalar allaqachon telekompaniyalar bilan kelishib olingan, biroq vitse-prezident Harris jamoasi o‘z ishtirokini hali tasdiqlagani yo‘q.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » NYT so‘rovi: Harris Trampdan uchta asosiy shtatda o‘zib ketdi