Zelenskiy va Tramp yaqinda Nyu Yorkdagi uchrashuvi chog‘ida. Foto: Getty Images
Prezident etib saylanishi hamono Donald Tramp jahondagi urushlarni to‘xtatishini e’lon qildi. Saylov kampaniyasi chog‘ida ham u bir necha bor Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtata olishini aytgan edi. AQSH Tramp vaqtida shu vaqtgacha bajarib bo‘lmayotgan vazifani uddalay oladimi?
«Men Zelenskiyni yaxshi bilaman. Men Putinni yaxshi bilaman. Bu ishni osongina amalga oshiraman», — degandi Tramp saylov kampaniyasida berilgan savollarga javoban.
Ekspertlar fikricha, uning saylovdagi g‘alabasi chindan ham tinchlik muzokaralariga o‘tish jarayonini tezlashtiradi, biroq ko‘pchilik baribir muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishiga shubha qilmoqda.
«Tramp komandasi bu muzokaralar nechog‘lik murakkab va muammoli hamda kelishish va qandaydir murosa variantini topish qanchalik qiyin bo‘lishini anglamayapti», — deya «Penta» siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Volodimir Fesenkoning so‘zlarini keltirmoqda BBC.
Shu yil sentbr oyida o‘tgan teledebatlar chog‘ida Kamala Harris Tramp Ukrainadagi urushni 24 soat ichida yakunlashga va’da berayotganiga sabab, shunchaki uni Rossiyaga topshirmoqchi, deb zaharxanda qilgandi.
Ukrainadagi ko‘pchilik ham AQSH yangi prezidenti chog‘ida Kiyevni o‘zi uchun maqbul bo‘lmagan shartlarda kelishuvni imzolashga majburlaydi, deb cho‘chimoqda.
O‘tgan davrda Ukrainaga harbiy yordam respublikachilar tomonidan bloklanishi va saylangan vitse-prezident, Ukrainani tanqid qilib kelgani bilan mashhur Jey Di Vensning ritorikasi bu xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Intervyularidan biridan Jey Di Vens yangi ma’muriyat Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasini qanday ko‘rayotganini tushuntirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, reja front chizig‘i bo‘ylab qurolsiz zona tashkil etish va Kiyevning neytralitetini o‘z ichiga oladi.
Bu Rossiya o‘zi okkupatsiya qilgan hududlarda qolaverishi, Ukraina esa NATO a’zoligidan voz kechishini anglatadi. Kiyevdagilar buni taslim bo‘lish sifatida qabul qilishdi va bundan kelishuv mamlakat rahbariyati tomonidan ma’qullanishi ehtimoli juda past.
«Tramp pullarni sanaydi»
Yaqin o‘tmishdagi bu bayonotlarga qaramasdan, Ukraina jamiyatida umidsizlik va tushkunlik kayfiyati hukmron deb bo‘lmaydi.
Saylov kampaniyasi chog‘ida Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni juda yaxshi bilishini ta’kidlagan. Foto: Global Images
Vladimir Fesenkoning ta’kidlashicha, Tramp faqat Rossiya shartlarida tinchlik o‘rnatilishiga ko‘nmaydi.
«Bu nafaqat Ukrainaning, AQSHning ham mag‘lubiyati sifatida qabul qilinadi», — deydi u.
Prezident Trampning ambitsiyaviyligi (kimlardir buni narsissizm deb ham ataydi) hisobga olinsa, u yutqazgan inson sifatida ko‘rinishni istamaydi.
AQSH yangi rahbariyat davrida harbiy yordam formatini o‘zgartirsa kerak, deb hisoblamoqda Fesenko. Yordam kreditga, o‘ziga xos lend-liz ko‘rinishida beriladi. «Tramp pulni sanashni yaxshi ko‘radi», — deydi ekspert.
Biroq, AQSH Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berish va moliyaviy yordam ko‘rsatishni bas qilishini kutmasak ham bo‘ladi. Bu hattoki respublikachilar ichida ham tanqidlar yomg‘irini keltirib chiqaradi.
Harbiy yordam har ikki tomonni muzokaralarni boshlashga ko‘ndirish uchun nafaqat Ukrainaga, Rossiyaga ham bosim o‘tkazish vositasi bo‘lishi mumkin.
Agar Kiyev bosh tortsa, AQSH Ukraina qurolli kuchlariga yordamni kamaytiradi. Agar Moskva ko‘nmasa, AQSH aksincha, Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytiradi.
AQSHning yangi ma’muriyati muzokaralarni boshlash uchun Moskvaga yon berishi mumkin bo‘lgan asosiy jihat — Ukrainaning NATO a’zosiga aylanish istiqbollaridan voz kechishi bo‘ladi.
Bu holatda Ukraina ehtimol ikkitomonlama kelishuvlar asosida muqobil xavfsizlik kafolatlarini talab qilishi mumkin.
Bu masala bo‘yicha muzokaralar juda murakkab bo‘ladi, biroq ekspertlar masala yuzasidan qandaydir kelishuvga kelishi prinsip jihatidan real ekanini aytishmoqda.
Nomaqbul murosa
Rossiya qo‘shinlari Donbassda oldinga siljishda davom etmoqda. DeepState tahlchilari baholashlariga ko‘ra, o‘tgan oyda ular 500 km kvadrat yerni egallashgan — bu 2023 yildan buyon eng katta oldinga siljishdir.
Frontdagi hozirgi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun tobora murakkablashib bormoqda. Foto: AFP
Bunday vaziyat ukrainlarni sulh muzokaralari tarafdorlari lageriga o‘tishga majbur qilmoqda. Razumkov fondi so‘rovnomalariga ko‘ra, o‘tgan yil kuzida Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish g‘oyasini so‘ralganlarning 21 foizi qo‘llagan bo‘lsa, bu yil bundaylar soni 35 foizni tashkil etmoqda.
Shu sababli Trampning tinchlik muzokaralari to‘g‘risidagi bayonotlari Ukrainada ko‘pchilik tomonidan ijobiy qabul qilinadi. Biroq, Donald Tramp va uning atrofidagilar «tinchlik» deb atayotgan narsa o‘t ochishni to‘xtatish va mojaroni muzlatishni, ya’ni Rossiya bosib olgan yerlarda qolishini anglatishi mumkin.
Biroq Kiyevning urushni muzlatish evaziga okkupatsiya qilingan hududlarni Rossiyaning bir qismi deb tan olishi Ukrainada tasavvur qilib bo‘lmas narsa. Ukraina rahbariyati uchun bunday g‘oyani qo‘llab-quvvatlash siyosiy xudkushlikni anglatadi, bunday qarordan keyin har qanday rahbar asrlar osha millat tarixida xoin sifatida qoladi.
Aynan mana shuni Tramp va Vens to‘liq anglayotgani yo‘q — okkupatsiya qilingan hududlar bo‘yicha yon berish imkonsiz.
Vladimir Putin esa tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi uchun shart Ukraina qo‘shinlarini Rossiya o‘ziniki deb belgilab olgan Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan olib chiqib ketish ekanini aytgan. Bunda Ukraina hali Rossiya armiyasi qadami yetmagan joylarni ham tark etishi kerak.
Faqat Ukraina qo‘shinlari ushbu hududlardan chiqib ketgach hamda Ukraina NATOga a’zo bo‘lish niyatidan voz kechsagina Rossiya o‘t ochishni to‘xtatib, muzokaralar boshlashga tayyor, degan edi Putin iyunda.
«Putinga o‘z shartlarida sulh kerak»
Albatta, okkupatsiya qilingan hududlarni tan olmasdan, 2014 yilda Qrim bilan bo‘lgani kabi mojaroni muzlatish mumkin.
Fesenkoning fikricha, ko‘plab ukrainlar bunga qarshi chiqishsa ham, Kiyev bunday qadam tashlashga majbur bo‘lishini ham istisno qilmayapti.
Rossiya bilan kelishuv qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Ukrainada bu borada birlik kuzatilmaydi, deydi ekspert.
Lekin bitimni amerikaliklar taklif qilsa, bu bir qator muammolar o‘rtadan ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
«Agar Zelenskiy bu tashabbusni ilgari surganda u asosiy qurbon va xoin bo‘lardi, lekin bu asosiy hamkor AQSH bosimi ostidagi tinchlik bo‘ladigan bo‘lsa, asosiy xoin Tramp bo‘ladi», — deya tushuntiradi Fesenko.
Foto: AFP
Biroq, ekspert fikricha muammo Ukraina jamiyatida qanday qabul qilinishida emas, gap Putinda: «Putinga mojaro muzlatilishi kerak emas. Putinga o‘z shartlarida tinchlik kerak».
Ukraina Oliy Radasi deputati Oleksandr Merejkoning fikricha, aynan shuning uchun diplomatik yo‘l bilan tinchlikka erishib bo‘lmaydi.
Rossiya va Putinga ishonch yo‘qligi tinchlik kelishuvi variantlarini izlashni ma’nisiz qiladi, deydi u.
2022 yilgacha Merejko Donbassdagi mojarolarni diplomatik yo‘llar bilan tartibga solish asosiy vazifasi bo‘lgan Minsk guruhi deb atalauvchi uchtomonlama kontakt guruhi a’zosi bo‘lgan.
«Biroq Rossiya muzokara jarayonidan Ukrainaga bostirib kirish uchun bahonani qo‘lga kiritish uchun foydalandi», — deydi Merejko.
Shuning uchun Merejko Tramp o‘rtaga tashlamoqchi bo‘lgan tinchlik muzokaralari natijasi aynan shunday yakunlanishidan cho‘chimoqda.
«Agar biz o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsak, bu shunchaki mag‘lubiyatimizni biroz ortga suradi. Agressiv bosqinning keyingi to‘lqini hozirgidan ham xavfliroq bo‘ladi», — deydi Merejko.
Yaxshi yangiliklar oldindami?
O‘tgan yil oktyabrida «Rossiyaning Ukrainadagi urushini qanday to‘xtatish mumkin?» degan hisobot taqdim etgan Britaniyadagi nufuzli Chatham House tahlil markazi tadqiqotchilari ham shunday fikrda.
Hisobot mualliflaridan biri Jeyms Sher agar kuch bilan quvib chiqarilmasa, Rossiya qo‘shinlari Ukrainani tark etmaydi, deb yozadi.
«Rossiya uchun muzlatilgan mojarolar hech qachon tinchlikka erishish yo‘li bo‘lmagan, aksincha, raqiblarini kelgusida yanada kuchsizlantirish platformasi bo‘lib xizmat qilib kelgan», — deb yozadi Sher.
Hisobot mualliflari Ukrainani jangovar harakatlarni bas qilishga rozi bo‘lish uchun majburlashga qarshi chiqishgan. Ular Ukrainaning g‘alabaga erishishi uchun Kiyevga yanada ko‘proq yordam berishga chaqirishgan.
Biroq, gap-so‘zlariga e’tibor qilinsa, Donald Tramp aynan mana shu yondashuvga qarshi. U tezroq «tinchlik» va o‘zining muvaffaqiyati deb atash mumkin bo‘lgan kelishuvga erishish va o‘t ochishni bas qilish tarafdori.
Biroq, Trampning saylanishi baribir Ukraina uchun yaxshi yangilik bo‘lib chiqishi ham mumkin, deydi Merejko:
«Tramp Putin bilan kelishish mumkin degan illyuziyadan xalos bo‘lib achchiq haqiqat bilan to‘qnash kelganida, u buni o‘z shaxsiy hisobiga qabul qilishi mumkin. Shunda u Kiyevga yanada ko‘proq yordam berishi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun qandaydir radikal qadamlarni qo‘yishi mumkin». “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi