19:46 / 18.11.2024
15

Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi

Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Foto: NK News
Shimoliy Koreya Rossiyaga 50 ga yaqin o‘ziyurar artilleriya tizimlari va 20 ta modernizatsiya qilingan yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlarini yetkazib berdi. Ular Kursk viloyati uchun janglarda qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Bir necha kun oldin Krasnoyarsk o‘lkasida Shimoliy Koreyaning o‘ziyurar artilleriya tizimlari ortilgan temir yo‘l harakat tarkibi ko‘zga tashlangan. Ochiq manbalar bilan ishlovchi OSINT tahlilchilari suratni o‘rganib, bu M1989 “Koksan” o‘ziyurar gaubitsalari degan xulosaga kelgan.

Foto: Oliver Alexander/ Deep State
Ushbu tizimlar dastlab 1970 yillarning oxirida ishlab chiqarilgan. M1989 “Koksan” 170 millimetr kalibrli snaryadlar bilan 60 kilometrgacha masofadagi nishonlarga zarba bera oladi. Modernizatsiya qilingan yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari esa sovetlarning BM-27 “Uragan” tizimi asosida ishlab chiqarilgan. Pxenyan mazkur qurolda yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilarni qo‘llashni boshlagan. Endilikda ularni jang sharoitida qo‘llab ko‘rish rejalashtirilgan.

Foto: 2013 yil iyul oyida Shimoliy Koreyaning G‘alaba kunini nishonlash paytida paraddagi M1989 “Koksan” / Wikimedia
Shimoliy Koreyaning Rossiyaga harbiy yordami

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2023 yil Rossiyaning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu Shimoliy Koreyaga borgach yanada kuchaydi. Shundan buyon mamlakat ittifoqchisini o‘z arsenalida mavjud qurol-yarog‘lar bilan ta’minlab kelmoqda. Bunda Sovet Ittifoqidan qolgan umumiy standartlar qo‘l kelyapti.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Shimoliy Koreya Rossiyaga katta miqdordagi qurol-yarog‘, jumladan, kamida 3,5 million artilleriya snaryadi hamda raketalar yetkazib berganini aytgandi. Bundan tashqari hozirda Shimoliy Koreya harbiylari Rossiyaning Kursk viloyatida Ukraina armiyasiga qarshi jang qilmoqda. Ularning soni 10 mingdan oshishi ma’lum qilingan. Shimoliy Koreya harbiylari allaqachon ushbu hududda yo‘qotishlar olib bormoqda, degan edi Zelenskiy. AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun uzoq masofali ATACMS raketalaridan foydalanishga ruxsat berdi. Bu Rossiyaning Shimoliy Koreya qo‘shinlarini jangga yuborish haqidagi kutilmagan qaroriga javob bo‘ldi.

Bir necha kun avval Shimoliy Koreya va Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi. Putinning Pxenyanga tashrifi chog‘ida imzolangan bitim, agar tomonlardan biri biron-bir davlat tomonidan qurolli hujumga uchrasa va shu tariqa urush holatida qolsa, bir davlat boshqa davlatga “o‘z ixtiyoridagi barcha vositalar bilan” harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishini nazarda tutadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi