20:13 / 26.12.2024
111

Olimlar atigi 15 daqiqada olmos yaratishni oʻrgandi

Olimlar atigi 15 daqiqada olmos yaratishni oʻrgandi
Foto: Getty Images
Janubiy Koreyaning Fundamental fanlar instituti olimlari amerikalik kimyogar Rodni Ruoff rahbarligida normal bosim va 1025 gradus haroratda olmos sintez qilishning innovatsion usulini ishlab chiqdi. Bu haqda Nature xabar bermoqda.

Mazkur yutuq laboratoriya sharoitida olmoslar ishlab chiqarishni ancha soddalashtirib, buni yanada samarali va qulay qiladi.

Tabiiy olmoslar 150-250 kilometr chuqurlikda, Selsiy boʻyicha 900-1400 gradusga etadigan va bosim juda yuqori boʻlgan ekstremal sharoitlarda shakllanadi.

Hozirgi kunda laboratoriyalarda olmos yaratish uchun ikki xil usuldan foydalanilmoqda: HPHT (yuqori bosim va harorat usuli) hamda CVD (kimyoviy bugʻlatib choʻktirish usuli).

HPHT usulida press va yuqori haroratdan foydalanib, olmos hosil boʻladigan tabiiy sharoitga oʻxshash muhit hosil qilinadi. CVD’da olmoslar gaz aralashmasidan oʻstiriladi va olmos zarralarida uglerod qatlami hosil qilinadi.

Yangi usulda esa suyuq metall (galliy, temir, nikel va kremniy) tigelda taxminan 1025 gradus haroratgacha qizdiriladi. Tigel issiqlikning bir tekis taqsimlanishini ta'minlab, metanni katalitik faollashtirish uchun zarur sharoitlarni saqlab turadi. Bunday sharoitda atigi chorak soatdan soʻng olmoslar hosil boʻla boshlaydi.

Garchi texnologiyada ayrim cheklovlar boʻlsa-da, ushbu kashfiyot olmos sintezida yangi davrni boshlab berishi prognoz qilinmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo