Xitoy maktablarida o‘qituvchilar o‘rniga uy vazifalarini sun’iy intellekt tekshirmoqda

Xitoyning ayrim maktablarida o‘qituvchilarning ishini yengillashtirish maqsadida uy vazifalarini tekshiruvchi sun’iy intellekt qurilmalari joriy etilmoqda. Tashqi ko‘rinishidan oddiy printerga o‘xshaydigan maxsus uskunalar Shenchjen, Shanxay va boshqa shaharlardagi ayrim ta’lim muassasalarida ishlatilmoqda.
Qurilma o‘quvchilarning daftarlaridagi qo‘lyozma matnlarni taniy oladi. Shundan so‘ng bajarilgan topshiriqlarni tahlil qilib, xatolarni belgilaydi va ishga baho qo‘yadi. Shu tariqa ilgari o‘qituvchilar qo‘lda bajaradigan tekshiruv jarayonining katta qismi avtomatlashtirilmoqda.
Avvallari pedagoglar har bir daftarni alohida ko‘zdan kechirib, xatolarni qizil ruchka bilan belgilashga ancha vaqt sarflashardi. Endilikda bu vazifani maxsus qurilma bajarib, o‘qituvchilarga boshqa ishlar uchun qo‘shimcha vaqt ajratish imkonini bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday uskunalar har kuni o‘qituvchilarning bir yarim soatdan ortiq vaqtini tejashi mumkin. Pedagoglar esa bo‘shagan vaqtini darslarga tayyorgarlik ko‘rish, o‘quvchilar bilan individual ishlash va ularning bilimini oshirishga yo‘naltirishi mumkin.
Biroq texnologiya oldida muayyan qiyinchiliklar ham mavjud. Har bir insonning yozuvi o‘ziga xos bo‘lgani sababli qo‘lyozmalarni to‘g‘ri tanish sun’iy intellekt uchun ham oson emas. Shu bois tizimlarning aniqligi va samaradorligi amaliyotda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Hozircha bunday qurilmalar Xitoyning ayrim shaharlaridagi maktablarda qo‘llanmoqda. Ularning mamlakat bo‘ylab keng joriy etilishi esa kelgusidagi natijalarga bog‘liq.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…