
Foto: Reuters
2025 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyaga kiruvchi xorijiy fuqarolarning vaqtincha boʻlish muddatiga oid qonunchilikdagi oʻzgarishlar kuchga kirdi.
Jumladan, xorijliklarning Rossiyada vizasiz boʻlish muddati 90 kungacha qisqartirildi. Ilgari bu muddat 180 kunni tashkil qilar edi.
Oʻzgartirishlar Rossiyaga vizasiz kiradigan chet el fuqarolariga tegishli. Rossiyaga viza bilan kelgan xorijliklarning vaqtincha boʻlish muddati oʻzgarishsiz qolmoqda.
Shuningdek, 2025 yil 5 fevraldan Rossiyada chet el fuqarolari uchun yangi maxsus «chiqarib yuborish rejimi» ishga tushadi, bu politsiyaga migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish toʻgʻrisida mustaqil ravishda qaror qabul qilish imkonini beradi. Ilgari faqat sudlar va Rossiya Chegara xizmati bunday huquqqa ega edi.
Shunday qilib, ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan xorijliklar maxsus elektron reyestrga kiritiladi, unga kirish avtomashinani boshqarish, koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlar tuzish, turmush qurish, boshqa hududga koʻchib oʻtish va hokazolarni taqiqlashi mumkin.
Shu bilan birga, 2025 yil 5 fevraldan boshlab Rossiya chegarachilari mamlakat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan chet el fuqarosiga kirishni rad etish huquqiga ega boʻladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!