18:00 / 09.01.2025
39

Tramp ham xuddi Putindek qoʻshnilarning erlariga koʻz olaytirmoqda

Tramp ham xuddi Putindek qoʻshnilarning erlariga koʻz olaytirmoqda
Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimida ish boshlashiga sanoqli kunlar qolganida matbuot anjumani oʻtkazib, Kanada va Grenlandiyani Amerikaga qoʻshib olish, Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarni tugatish kabi masalalarda yangi bayonotlar berdi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Trampning soʻnggi vaqtlardagi shu kabi ritorikalariga munosabat bildirdi.

— Urushni olti oy ichida toʻxtatishga umid bildirgan Trampning aniq strategik rejalari bormi?

— Ayni paytda Tramp va uning jamoasida aniq strategiya yoʻq. Chunki strategiya ishlab chiqish uchun keng qamrovli informatsion resurslar kerak. Tramp va uning jamoasi esa bunday ma'lumotlarni olish vakolatiga ega emas. Hozircha ularda urushdagi tomonlarga bosim qilinsa, ular vaziyat yomonlashishidan qoʻrqqan holda urushni toʻxtatishi mumkin, degan qarash mavjud. Biroq amalda Rossiya urushni hozir toʻxtatishdan manfaatdor emas, chunki u Ukrainani NATOga a'zo boʻlish imkoniyatidan butkul mahrum qilmoqchi.

Shuningdek, Ukraina ham urushni toʻxtatishdan manfaatdor emas, aniqrogʻi u urush toʻxtatilishiga ishonmaydi, ya'ni Rossiya Trampning 4 yillik vakolat muddatida kelishuv asosida urushni muzlatishi, bu vaqt davomida yana urushga tayyorlanishi, keyinchalik esa yana Ukrainaga bostirib kirishi mumkin. Chunki Rossiya Qrimni tortib olganidan keyin Ukrainaga hech qachon bostirib kirmasligi haqida jiddiy bayonotlar bergan, hatto Sergey Lavrov ham ehtimol Putinning rejasidan bexabar holda Ukrainaga hujum qilmaslik toʻgʻrisida jiddiy chiqishlar qilgan.

Zelenskiy oʻzining bayonotlarida urushni toʻxtatishdan manfaatdor ekanini aytmoqda, ya'ni Trampning ritorikasiga tushib oldi. Rossiya esa muzokaralar uchun Zelenskiy qayta prezidentlik saylovida yana gʻalaba qozonishi kerakligini aytyapti, yoʻqsa, AQShning oʻzi bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazishni soʻrayapti, Ukraina esa bunga qarshi.

Trampning ayni paytdagi bayonotlarini Putinga yon bosish sifatida baholash mumkin, chunki u NATOning kengayishi notoʻgʻri boʻlganini aytyapti va Putinga nisbatan ehtiyotkorona harakat qilyapti. Trampning atrofidagilar Putinning asosiy maqsadini juda yaxshi tushunib turibdi, ya'ni Rossiya ayni paytda urushni toʻxtatmoqchi emas, u Kurskni qaytarib olishi va Ukrainaning NATOga a'zo boʻlmasligini ta'minlashi kerak. Tramp Ukrainaning NATOga qoʻshilmasligini aytsa ham, Putin Trampga ishonmaydi.

Bu erda har tomonlama ishonchsizlik bor, masalan, Ukraina va Rossiya ham, Rossiya va NATO ham bir-birlariga umuman ishonmaydi. Bundan tashqari, Putin oʻzi hokimiyatni tark etgan taqdirda, yangi prezident egallangan hududlarni Ukrainaga qaytarib berolmasligi uchum Qrim, DXR, LXR, Zaporijjya va Xerson viloyatlarini konstitutsiyaga Rossiya hududlari sifatida kiritgan. Chunki konstitutsiyada belgilangan hududni oʻz tarkibidan chiqarib boshqa davlatga berish protsedurasi mavjud emas. Endilikda yuqorida sanalgan hududlar Rossiya konstitutsiyasi boʻyicha unga tegishli, ammo ularning bir qismi Ukraina nazoratida.

Agar Zelenskiy Rossiya egallagan hududlarning Rossiyada qolishiga koʻngan taqdirda ham, 10-20 yil ichida Ukrainaning qolgan hududlari baribir NATOga a'zo boʻladi, Putin ularni bundan abadiy mahrum qilmoqchi, Ukraina esa bunga rozi emas.

— Agar HAMAS garovga olinganlarni ozod qilmasa, Trampning Yaqin Sharqni jahannamga aylantiraman, degan bayonoti nimaga asoslangan? Bu masaladagi Amerika siyosati qanday boʻladi?

— Dunyo Trampning bayonotlariga moslashyapti, ya'ni u avval ham 4 yil davomida prezident boʻlgani uchun uni koʻpchilik yaxshi biladi. U qarshi tomonlarga qoʻrqinchli bayonot beradi va bayonotlarida aytganlarini amalga oshirishga urinib koʻradi, biroq u tizimli siyosatchi boʻlmagani uchun ham aytganlarini oxirigacha olib bormaydi. Masalan, Shimoliy Koreya yoki Xitoy borasida bergan bayonotlarida aytilgan rejalarning hammasi ham amalga oshmagan.

Gʻazo masalasiga kelsak, Isroilning oʻzi Gʻazoni allaqachon toʻlaligicha vayron qilib boʻldi, endi Tramp Isroildan ortiq biror ish qilolmaydi. Isroil Gʻazoni yashashga yaroqsiz hududga aylantirib boʻldi. Xalqaro jinoyat sudining bayonotlariga koʻra, u erda genotsid amalga oshirilgan.

Trampning avvalgi vakolat muddatida u bilan kelishgan holda xalqaro jinoyatlar amalga oshirilgan, masalan, Joʻlan tepaliklari faqatgina AQSh tomonidan Isroil hududi sifatida tan olingan va boshqa davlatlar hali buni tan olmagan, bunday holatlar navbatdagi vakolat muddatida ham kuzatiladi, albatta.

— Kanada AQShning 51-shtatiga aylantirilishiga oid iqtisodiy vositalar qanday koʻrinishga ega boʻlishi mumkin?

— Trampning atrofida “kabutarlar” (tinchlik va murosa tarafdorlari) va “lochinlar” (davlatning qudratini kuch ishlatish bilan namoyish qilish tarafdorlari) bor. Ular Trampning hokimiyatga kelganidan foydalanib, oʻz loyihalarini amalga oshirmoqchi va ularning asosiy loyihalaridan biri – bu Kanada.

Deyarli butun dunyo davlatlari migratsiya oshib ketganidan shikoyat qiladi va faqatgina Kanada tugʻilish yaxshi boʻlishiga qaramay, odam etishmay qolgani haqida bayonot beradi. Chunki bu davlat dunyoda hududi kattaligi boʻyicha Rossiyadan keyingi ikkinchi davlat. Kanada harbiy tomonlama juda bosiq davlat va xalqaro munosabatlarga ham juda kam aralashadi. AQSh bilan solishtirganda, Kanadaning aholisi 10 marta kamroq.

Bunga oʻxshash tahdid faqat unga emas, balki Meksikaga ham qilinyapti, chunki Tramp Shimoliy Amerikadagi ayrim hududlarni AQShga qoʻshib olishni orzu qilyapti. Hozirda bu qit'a davlatlari oʻrtasida oʻzaro yaxshi iqtisodiy, bojsiz munosabatlar mavjud. Tramp esa shu bojlarni oshirish bilan bosim oʻtkazmoqchi, bu bir muddat ish berishi ham mumkin, lekin Kanada bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabati tarafdorlari boʻlgan respublikachilar juda koʻp va uning mazkur qarorlariga veto qoʻyilishi ham mumkin.

Kanada Trampning bayonotlarini jiddiy qabul qilgani yoʻq. Chunki liderlar uning psixologiyasini juda yaxshi oʻrganishgan. Trampning atrofidagi “lochinlar” uzoq muddatga moʻljallangan strategiya ishlab chiqmoqchi, chunki kelajakda global raqobat kuchayishi aniq va ular bu raqobatda AQSh aholi va hudud jihatidan juda katta figuraga aylanishi kerak degan fikrda.

— Grenlandiya milliy xavfsizlik uchun zarur deb hisoblanishining sabablari nimada, nega Tramp Grenlandiyaga bunchalik intilyapti?

— Grenlandiya masalasi Kanadaga qaraganda koʻproq koʻtarilyapti. Grenlandiya rasmiy ravishda Daniyaning tarkibiga kiradi. Daniya – Amerikaning yaqin ittifoqchilaridan. Grenlandiya asosan muzlik bilan qoplangan. Lekin dunyoda iqlim oʻzgarayotgani sabab muzliklar erib, Grenlandiyaning asosiy hududi sekin-asta ochilib bormoqda, ya'ni asrning ikkinchi yarmiga borib, Grenlandiya anchagina unumli foydalanilsa boʻladigan hududga aylanishi mumkin. Hudud aholisi 50 ming kishini tashkil qiladi, biroq shu kam sonli aholida Daniyaga nisbatan separatizm kuchli. 20-asrning ikkinchi yarmida Daniya oilani rejalashtirish bahonasida tugʻilishni kamaytirishga qaror qilgan va natijada mahalliy odamlar norozi boʻlishni boshlagan. Hozirgi kunda ham Grenlandiyaning mahalliy aholisi Daniyadan mustaqil boʻlishni orzu qiladi.

Tramp Grenlandiyani AQShga qoʻshib olish masalasini koʻtargan birinchi odam emas. 1867 yilda Amerikaning oʻsha davrdagi davlat kotibi, tashqi ishlar vaziri Edvard Sivort Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan, ammo hech kim bunga qiziqmagan. Lekin dunyodagi eng katta urush, Ikkinchi jahon urushida Grenlandiyaning oʻrni juda oshib ketgan. Chunki bir tomondan Germaniya, ikkinchi tomondan Sovet Ittifoqi boʻlgan va shu vaziyatda bu orol Amerika uchun juda muhim strategik rol oʻynagan. Urush tugagach, 1946 yilda AQSh Daniyaga Grenlandiyani 100 mln dollarga sotishni taklif qilgan, biroq Daniya taklifga uzil-kesil rad javobini bergan.

1949 yilda NATO tashkil topgach, Daniya bu tashkilotga a'zo boʻldi va AQSh harbiy bazalari Grenlandiyaga joylashdi, natijada u erni sotib olish ehtiyoji yoʻqoldi. Biroq Xitoy ham katta mablagʻ evaziga orolni sotib olmoqchi boʻlayotgani va rossiyaliklar ham Grenlandiya elitasi bilan aloqa oʻrnatishga urinayotgani sababli Amerika bezovtalanmoqda.

Shuningdek, bu oroldan qazilma boyliklar ham chiqmoqda: u erda uran va litiy kabi moddalar bor, bu esa AQShning orolga boʻlgan qiziqishini oshiryapti. Hozirda AQSh Grenlandiyaga oʻziga qoʻshilishni va aholisiga Amerika pasportini taklif qilyapti, bunda Amerika orol aholisining xavfsizligini ta'minlashni, boshqaruvni esa oʻzlarida qoldirishni va'da qilyapti.

AQShning bunday loyihalarini Okeaniya, Fiji, Papua yoki Yangi Gvineya orollari kabi kichik davlatlarga yondashuv misolida koʻrishimiz mumkin. Grenlandiya elitasi esa mustaqil davlat tarafdori, ya'ni oʻz manfaatlaridan kelib chiqib, istalgan davlat bilan aloqalarni oʻrnatishni xohlamoqda. Amerika esa oʻz navbatida iqtisodiy yoki harbiy bosim qilishi mumkinligini istisno etmayapti. Shuningdek, amerikaliklar Grenlandiya poytaxtining Daniyadan koʻra aynan Nyu-Yorkka yaqinroq ekanini ham argument sifatida keltirishmoqda.

— Grenlandiya sabab Daniya bilan keskinlik NATOda ichki ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkinmi?

— Donald Trampning birinchi 4 yilligida uning asosiy ziddiyatlari NATO bilan boʻldi. Bunga Angela Merkel bilan munosabatlarni misol tariqasida keltirish mumkin, u Merkel bilan doimiy ziddiyatda boʻlgan, hatto qoʻl siqishmagan. Bu – NATO Tramp uchun asosiy qadriyat emasligini anglatadi. Shu sababli Daniya bilan ziddiyatlar uni qoʻrqitmaydi.

Hozirda Daniya Grenlandiya xavfsizligini ta'minlash uchun NATOga byudjetdan koʻproq mablagʻ ajratishi haqida bayonot bermoqda. AQSh bosimni oshirgan holda, baribir Grenlandiyani oʻziga qoʻshib olishga harakat qiladi, bunga AQSh parlamenti ham katta qarshilik qilmasligi mumkin, chunki davlat hududini kengaytirish milliy manfaatlarga mos keladi. Orol aholisida separatizm kayfiyati kuchayishda davom etsa, Daniya Amerikaga uzoq qarshilik koʻrsata olmasligi ham mumkin, chunki xalqning fikri hisobga olinadi.

Masalan, Birlashgan Qirollikni oladigan boʻlsak, Breksitdan oldin Shotlandiya Birlashgan Qirollikdan chiqish boʻyicha referendum oʻtkazilganida ozgina ovoz etmay qolgan edi, ammo hozir bu masala yana kun tartibiga koʻtarilgan. Aynan Grenlandiya aholisi oʻzlariga nisbatan qoʻllangan demografik qisqartirish siyosatini qoʻllagan Daniya elitasiga qarshi kayfiyatda boʻlishni davom ettirsa, kun kelib ular baribir ajralib chiqadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo