date
views 363

Shimoliy Koreya urush uchun Rossiyaga yangi turdagi qurol yubordi (video)

Shimoliy Koreya urush uchun Rossiyaga yangi turdagi qurol yubordi (video)
Shimoliy Koreya urushda foydalanish uchun Rossiyaga fuqarolik yuk mashinalariga oʻrnatilgan raketa qurilmalarini yubordi. Bu haqda Forbes xabar berdi.

KXDR armiyasi mazkur qurilmalarni ilk bor 2023 yilda Pxenyanda oʻtkazilgan harbiy parad doirasida namoyish qilgandi. Endilikda ular Rossiya gʻarbidagi Kursk viloyatida koʻrinish berdi. Uchirish qurilmasi ishga tushirishga tayyor 12 ta 122 millimetrli raketa bilan jihozlangan. Har birining uchish masofasi 30,5 kilometrni tashkil etadi. Bu Shimoliy Koreya Rossiyaga joylashtirgan beshinchi asosiy texnik birlik hisoblanadi.

Yuk mashinasidagi uchirish qurilmasi cheklangan afzallikka ega. Uchirish qurilmalari fuqarolik yuk mashinalarida joylashgani tayyorgarliksiz dushmanga toʻsatdan hujum qilish imkonini beradi. Ammo bu ularga jang maydonida Ukraina artilleriyasi va dronlaridan qochishga yordam bermaydi.

"Ukrainaliklar front chizigʻi yaqinida aniqlangan fuqarolik avtomobillarini portlatish yoki portlatmaslik haqida deyarli hech qachon ikkilanmaydi. Endi ular shimoliy koreyaliklar raketalarni yuk mashinalariga yashirganini bilgach, yanada kamroq ikkilanishadi", dedi Devid Aks.

Yuk mashinalariga yashirilgan uchirish qurilmalari Kursk viloyati uchun boʻlayotgan jangda katta ahamiyatga ega boʻlmasligi mumkin.

Tizim Shimoliy Koreyaning usti ochiq BM-21 uchirish qurilmasiga asoslangani sababli, oddiy artilleriyaga qaraganda aniqlik darajasi past va yuqori aniqlik talab etiladigan vaziyatlarda qoʻllanilishi mumkin emas, dedi AQSh armiyasi vakillari.

KXDRdan Ukrainadagi urushga yuborilgan askarlar

Janubiy Koreya va AQShning hisob-kitoblariga koʻra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 10 mingdan ortiq askar yuborgan. Ulardan ba'zilari allaqachon Kursk viloyatidagi janglarda qatnashgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushga yuborilgan Shimoliy Koreya askarlari soni 100 mingga etishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Seul ma'lumotlariga koʻra, KXDR Rossiyaga ogʻir artilleriya – oʻziyurar gaubitsalar va koʻplab raketa tizimlarini ham etkazib beradi.

Rossiya va Shimoliy Koreya urush boshlanganidan keyin harbiy sohadagi hamkorlikni kuchaytira boshladi. 2024 yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, Kim Chen In bilan hujum sodir boʻlgan taqdirda bir-birini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi, shuningdek, Gʻarb sanktsiyalariga qarshi hamkorlikni oʻz ichiga olgan keng qamrovli strategik shartnoma imzolagandi.

Ukraina armiyasi Kursk viloyatida shimoliy koreyalik ikki askarni asirga olgan. Prezident Vladimir Zelenskiy 12 yanvar kuni ular soʻroqqa tutilgani aks etgan videoni e'lon qildi. Soʻroq paytida KXDR askarlari qayerdaligini bilmasligi, ularga bu faqat oʻquv mashgʻuloti deb aytilganini ta'kidlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shimoliy Koreya urush uchun Rossiyaga yangi turdagi qurol yubordi (video)