32 yoshli xonanda va aktrisa Selena Gomes AQSh prezidenti Donald Trampning noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish qaroriga javoban koʻplab oilalar xavf ostida qolishini aytib, oʻzini yigʻidan toʻxtata olmadi. Bu haqda Daily Mail'ga tayanib Daryo xabar berdi.
Foto: Instagram
“Men butun xalqimga achinaman. U erda bolalar ham bor. Afsus, men buni oʻzgartirish uchun biror narsa qilishga harakat qilaman, ammo nimadan boshlashni ham bilmayman. Men qoʻlimdan kelganicha harakat qilaman, va'da beraman”, dedi xonanda.
Soʻng ijtimoiy tarmoqdagi ushbu posti ostida “Juda afsusdaman” degan yozuv va Meksika bayrogʻini qoldirdi. Biroq qisqa vaqtda uning videosi oʻchirildi. Shundan soʻng Gomes quyidagicha xabar qoldirdi: “Aftidan, insonlarga hamdardlik bildirish normal emas”.
Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) ma'lumotlariga koʻra, AQShda olib borilgan reydlarda 956 kishi hibsga olingan, bu raqam Tramp prezidentlikka saylanganidan beri eng katta koʻrsatkichdir. BBC ma'lumotlariga koʻra, reydlar Chikago, Nyuark va Mayami kabi shaharlarda, kengaytirilgan vakolatlarga ega federal agentliklar ishtirokida oʻtkazilgan.
Selena Gomes bir necha yildan beri immigratsiya masalalari bilan shugʻullanib kelgan. 2019 yilda u Netflix uchun “Hujjatlarsiz hayot” nomli filmga prodyuserlik qilgan. Unda AQShda noqonuniy tarzda yashab mehnat qilib kelayotgan oilalar haqida soʻz boradi. Filmda Selena oʻz oilasiga oid ma'lumotlarni ham keltirib oʻtgan:
Ma'lum boʻlishicha, 1970 yillarda uning xolasi yuk mashinasida yashiringan holda Meksika va AQSh chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan. Soʻng uning bobo-buvisi hamda otasi ham shu yoʻl orqali AQShga kirib kelgan.
“Men vatanim kelajagi uchun qoʻrqyapman”, deya ochiq aytdi Gomes.
U meksikalik va amerikalik avlod sifatida mas'uliyat his qilishini va oʻz platformasidan foydalangan holda, ushbu mavzuda baralla gapirishga tayyor ekanini bildirdi. Xonanda ichki qoʻrquv adolat uchun kurashishga xalaqit bermasligi va millionlab odamlar kelajagiga ta'sir qiladigan ushbu muammoni yoritish dolzarb masala ekanligini ham ta'kidladi.
Shuningdek, u bolalarni qamoqda saqlash sharoitlari talabga javob bermasligi va panjara ortida noqulay joylarda ularning holi haqida qaygʻurishi haqida ham alohida qayd etdi.
Trampning migratsiya siyosati haqida
AQSh prezidenti 21 yanvar kuni chegaradagi barcha noqonuniy oʻtish joylari yopilishini ta'kidladi. U AQSh janubiy chegarasi orqali noqonuniy migrantlarning kirishini taqiqlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Boshpana izlash bahonasi bilan u erda qolish huquqini chekladi.
Prezident Ichki xavfsizlik vazirligi, Adliya vazirligi va davlat departamentiga AQShga janubdan noqonuniy kirayotganlarni chiqarib yuborish choralarini koʻrishni topshirdi. Pentagon chegaraga qoʻshimcha 1,5 ming askar va vertolyotlar yuborilishini e'lon qildi. Shuningdek, 5 mingdan ortiq noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish uchun aviatsiya taqdim etiladi, ularning oqimi va noqonuniy savdosini toʻxtatish uchun vaqtinchalik va doimiy toʻsiqlar quriladi.
Meksika prezidenti AQShga borish uchun uning mamlakatiga kelayotgan noqonuniy migrantlar oʻz vatanlariga qaytarib yuborilishini aytdi. Meksika AQShdan noqonuniy migrantlarni olib kelayotgan harbiy transport samolyotini qabul qilishdan bosh tortdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar