00:04 / 29.01.2025
373

Daniya tashqi ishlar vaziri: Tramp Grenlandiyani qoʻlga kirita olmaydi

Daniya tashqi ishlar vaziri: Tramp Grenlandiyani qoʻlga kirita olmaydi
Foto: reuters.com
Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani egallash rejalari haqidagi bayonotlari orol aholisi manfaatlariga zid ekanini aytdi.

«Tramp Grenlandiyani qoʻlga kirita olmaydi. Grenlandiya — bu Grenlandiya. Grenlandiya aholisi xalqaro huquq va BMT Nizomi bilan himoyalangan xalq», dedi Rasmussen. U orol taqdirini uning aholisi hal qilishi kerakligini ta'kidladi.

Ayni paytda Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Parij va Berlinga tashrifidan soʻng Evropa Ittifoqi Daniyani oʻz muxtoriyati bilan bogʻliq masalalarda toʻliq qoʻllab-quvvatlashini aytdi.

Mette Frederiksen 28 yanvar kuni Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda «albatta, davlatlar hududi va suverenitetini hurmat qilish zarurligini» muhokama qilganini aytdi. Politico gazetasining yozishicha, muzokaralarda Donald Tramp Grenlandiyani Qoʻshma Shtatlarga qoʻshib olish uchun iqtisodiy bosimni qoʻllasa, import qilingan Amerika tovarlariga savdo tariflarini joriy etish masalasi ham muhokama qilingan.

Donald Tramp Grenlandiyani sotib olish AQSh milliy va iqtisodiy xavfsizligi uchun «mutlaq zarurat» ekanini ta'kidlab kelmoqda. Ushbu fonda Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede orol aholisi AQSh va Daniyadan mustaqil boʻlishni xohlayotganini ta'kidladi. Shu bilan birga, u Donald Tramp bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini izlayotganini ma'lum qildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo