Foto: Pixabay
Turkiyada 2025 yilda 16 yoshdan kichik boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan yangi tartib kuchga kiradi. Bu haqda mamlakat transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uraloʻgʻluga tayanib CNN Turk xabar berdi.
Yangi qonunga koʻra, yosh foydalanuvchilar ota-onasi yoki vasiysining yozma roziligisiz ijtimoiy tarmoqlarda roʻyxatdan oʻta olmaydi.
Hukumat mazkur chora bolalarning ruhiy salomatligini himoya qilish, kiberbulling va zararli kontentlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotganini bildirdi. Tashabbus gadjetlarga boʻlgan qaramlikni kamaytirish va yoshlarni nisbatan faol hayot tarziga undashga yoʻnaltirilgan.
Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uraloʻgʻluning ta'kidlashicha, butun dunyoda 13-16 yoshlar oraligʻidagi oʻsmirlarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklash haqida gapirilmoqda.
«Ushbu jarayon tegishli vazirlik va muassasalar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Biz yosh chegarasini 16 etib belgilash niyatidamiz. Bu yoshdagi farzandlarimiz ta'lim va rivojlanishga koʻproq e'tibor qaratishi kerak. Turkiyada 16 yoshdan kattalarga ijtimoiy tarmoqlardan erkin foydalanish imkoniyatini taqdim etamiz», — deydi vazir.
Uning soʻzlariga koʻra, ushbu qaror psixologiya sohasidagi mutaxassislar, shuningdek, bu kabi cheklovlar allaqachon oʻz samarasini koʻrsatishni boshlagan boshqa davlatlar tajribasiga asoslanilgan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning noyabr oyi oxirlarida Avstraliyada bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun qabul qilingan edi. Qonunga koʻra, TikTok, Facebook, Snapchat, Reddit, X va Instagram kabi yirik ijtimoiy tarmoqlar 16 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilarning akkaunt yaratishiga yoʻl qoʻymasligi kerak. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar