
Foto: AP
AQSh Soliq boshqarmasi (IRS) minglab xodimlarini ishdan boʻshatishga tayyorgarlik koʻrmoqda, deb xabar beradi Associated Press. Tegishli qaror Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) xodimining tashrifidan keyin darhol qabul qilingan.
Agentlik ma'lumotlariga koʻra, gap hali toʻlaqonli mehnat shartnomasini imzolashga ulgurmagan sinov muddatidagi xodimlar haqida ketmoqda. Ular bilan mehnat shartnomasi joriy haftada buzilishi kutilyapti.
Oq uy ham, Soliq boshqarmasi ham mazkur ma'lumotga izoh bermagan. ABC News manbalarining ta'kidlashicha, IRS’ning sinov muddatidagi 15 mingga yaqin xodimi ishsiz qoladi. Telekanal suhbatdoshiga koʻra, qisqartirishlar soliq deklaratsiyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri qayta ishlashga bogʻliq boʻlmagan xodimlarga taalluqli, shu bois ularning ishdan ketishi IRS faoliyatiga ta'sir koʻrsatmasligi kerak.
Telekanalning ta'kidlashicha, DOGE xodimi AQSh Soliq boshqarmasi shtab-kvartirasiga 13 fevral kuni tashrif buyurgan. Uning maqsadi IRS’ning texnik ta'minotini tekshirish, shuningdek, soliq xizmati tekshiruvlari qanday oʻtkazilayotganini bilish boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, oʻgan hafta Yadro xavfsizligi milliy boshqarmasining (NNSA) 400 nafargacha xodimi, jumladan, NNSA’da yadroviy qurollarni yaratish va ularga xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar ishdan boʻshatilgani toʻgʻrisida xabar berilgandi. AP manbasiga koʻra, NNSA xodimlari 13 fevral kuni «kutilmaganda» ishdan boʻshatilgan. Keyinroq Tramp administratsiyasi NNSA’ning yuzlab xodimlari ishdan boʻshatilishini bekor qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar