
Foto: Anadolu
Pokiston hukumati mamlakat hududida boʻlgan barcha noqonuniy afgʻon muhojirlarini mamlakatdan chiqarib yubormoqchi. Bu haqda Afgʻonistonning Islomoboddagi elchixonasi xabar berdi, deb yozadi Daryo nashri.
Xabarga koʻra, Pokiston poytaxti Islomobod va Ravalpindi shaharlarida soʻnggi paytlarda afgʻon fuqarolari qoʻlga olinib, tintuv qilinmoqda va bu ikki shahardan chiqib ketish boʻyicha koʻrsatma berilgan.
"Afgʻoniston fuqarolarini qoʻlga olish jarayoni hech qanday rasmiy xabarnomalarsiz amalga oshirilmoqda. Afgʻonistonning Islomoboddagi elchixonasi yozishmalar orqali hech qanday rasmiy xabar olmagan", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Afgʻoniston elchixonasi vakillari ushbu xatti-harakatlar “yakka hodisalar” yoki “ochiq e'lon qilinishi kerak boʻlgan rasmiy siyosatning bir qismi” ekanligini aniqlash uchun Pokiston rasmiylari bilan bir necha bor uchrashuvlar oʻtkazgan. Diplomatik vakolatxona, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi (UNHCR) bu jarayondan xabardor emasligini ta'kidladi.
"Yakunda Pokiston TIV vakillari nafaqat Islomobod va Ravalpindidan, balki yaqin kelajakda butun mamlakatdan barcha afgʻon qochqinlarini deportatsiya qilish boʻyicha aniq va yakuniy reja mavjudligini tasdiqladi", deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Pokiston rasmiylari ushbu tashabbuslar hukumatning rasmiy qarori ekanligini ma'lum qildi. Rasmiylarga koʻra, amaldagi vizalarga ega boʻlgan afgʻonlarga Islomobod va Ravalpindida yashashga ruxsat beriladi.
Ma'lum qilinishicha, elchixona Afgʻoniston fuqarolarini mamlakatga munosib qaytarish masalasi ustida ishlamoqda, shuningdek, oʻz hukumatini yuzaga kelgan vaziyat haqida xabardor qilgan.
Repatriatsiya 2023 yil oktyabr oyida boshlangan
BMT Qochqinlar boʻyicha oliy komissari boshqarmasi ma'lumotlariga koʻra, Pokistonda 1 million 340 mingga yaqin afgʻon qochqinlari va 468 800 nafar noqonuniy afgʻon muhojirlari bor. 2023 yildan buyon 820 mingdan ortiq afgʻon qochqinlari oʻz vataniga qaytdi.
2021 yil avgust oyida Afgʻonistonda hokimiyat almashganidan soʻng Kobul va Islomobod oʻrtasida asosan xavfsizlik bilan bogʻliq kelishmovchiliklar yuzaga keldi.
Xususan, Islomobod ma'muriyati Kobulni Pokistonning “Tehrik-e Tolibon” (TTP) jangarilariga nisbatan harakatsizlikda ayblamoqda, Afgʻoniston ma'muriyati esa Islomobodning bu ayblovlarini rad etib, buni Kobulning Pokistondagi xavfsizlik muammolariga hech qanday aloqasi yoʻqligi bilan izohlamoqda.
Ma'lum qilinishicha, Pokistonning noqonuniy muhojirlarni joʻnatish toʻgʻrisidagi qarori Afgʻoniston ma'muriyatiga siyosiy bosim va mamlakat iqtisodiyoti uchun salbiy oqibatlar ta'sirida qabul qilingan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar