
Foto: Kevin Mohatt/Reuters
Tramp ma'muriyati AQSh hududida noqonuniy yurgan chet el fuqarolari roʻyxatdan oʻtishi va oʻzlarining shaxsiy ma'lumotlarini kiritishi kerak boʻlgan portalni ishga tushirdi. The Wall Street Journal’ning ma'lum qilishicha, ushbu talabga boʻysunmaganlar 5 ming dollargacha jarimaga tortiladi yoki 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Noqonuniy migrantlar reyestrini yaratish toʻgʻrisidagi farmon AQSh prezidenti tomonidan 20 yanvarda imzolangan edi. Unga koʻra, barmoq izlarini topshirmagan va Amerika vizasi uchun ariza berishda roʻyxatdan oʻtmagan hamda AQSh hududida 30 va undan ortiq kundan beri qolayotgan 14 yoshdan katta har bir xorijlik ushbu portalda roʻyxatdan oʻtishi kerak. 14 yoshgacha boʻlgan bolalarni ularning ota-onalari yoki vasiylari roʻyxatdan oʻtkazishlari lozim.
Portalda roʻyxatdan oʻtish vaqtida migrantlar oʻzlarining pasport ma'lumotlari va yashash manzillarini koʻrsatishlari, shundan soʻng barmoq izlarini topshirishlari kerak. Roʻyxatdan oʻtilganidan keyin u ichki xavfsizlik departamentidan tasdiqlov oladi va mazkur hujjat migrantning yonida doim yurishi kerak. Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning ma'lum qilishicha, AQSh hududida noqonuniy yurgan migrantlarda tanlov bor: «ular oʻz vatanlariga qaytishi va keyinchalik qonuniy yoʻl bilan AQShga kelishlari yoki qonunbuzarlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar