
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi vaqtida sodir bo‘lgan tortishuv AQSH rahbariyati tomonidan oldindan rejalashtirilgan, deydi Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers.
«O‘ylashimcha, Oval kabinetdagi ushbu uchrashuvda Zelenskiyning so‘zlariga munosabat o‘z-o‘zidan emasdi, balki rejalashtirilgan provakatsiya edi», — deydi nemis siyosatchisi. Mersning ta’kidlashicha, u uchrashuv videoyozuvini bir necha bor ko‘rib chiqqan va «suhbat ohangidan hayratga tushgan». Uning fikricha, bularning barchasi «hech qanday foyda keltirmagan».
Shu bilan birga, Mersning qo‘shimcha qilishicha, bu kabi ritorika AQSHning yangi ma’muriyatini umumiy xatti-harakatlariga mos keladi. «Vashingtonda kuzatgan narsamiz so‘nggi bir necha hafta ichida sodir bo‘lgan bir qator voqealar, jumladan, Amerika delegatsiyasining Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida qatnashishida ma’lum bir izchillik bor», — deydi u. Zelenskiy va Trampning bahsi 28 fevral kuni jurnalistlar oldida yuz berdi. U AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning urushni diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun Vladimir Putinga nisbatan munosabatni yumshatish borasidagi bayonotidan keyin boshlandi. Zelenskiy Rossiya prezidenti bilan o‘ynashishga qarshi chiqib, u bir necha bor tuzilgan bitimlarni buzganini eslatib o‘tdi.
Bunga javoban Tramp va Vens Zelenskiyni tanqid qilib, uni urushni davom ettirmoqchilikda va Amerika tomoniga hurmatsizlikda aybladi. Natijada uchrashuv tortishuvga aylanib ketdi va Ukraina prezidenti Oq uyni foydali qazilmalar bo‘yicha bitimni imzolamasdan muddatidan oldin tark etishiga majbur bo‘ldi.
Shundan so‘ng ko‘plab g‘arb OAV Zelenskiyga nisbatan provokatsiya haqida yozdi. The New York Times kolumnisti, uch karra Pulitser mukofoti laureati Tomes Fridman bu «oldindan rejalashtirilgan tuzoq» bo‘lganini ta’kidladi. Financial Times maqolasida «Zelenskiy kamsitilish uchun tuzoqqa tushirilgani» haqida so‘z boradi. The Atlantic jurnali tahlilchisi, AQSH Harbiy-dengiz kollejining faxriy professori Tom Nikols esa tortishuvning yuzaga kelishida Vensni ayblab, u «tok-shoudagi moderator rolini o‘yganini» qayd etdi. Maqolada vitse-prezident «jiddiy vaqtlarda o‘zining ahamiyatini ko‘rsatib qo‘yishga urinayotgan ishonchsiz inson» sifatida ta’riflangan.
Polsha sobiq prezidenti va tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Lex Valensa Trampni tanqid qildi — u AQSH prezidentiga maktub yo‘ladi. «Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muloqotingizni dahshat va jirkanish bilan kuzatdik. Ukraina Rossiyaga qarshi urushda AQSH ko‘rsayotgan moddiy yordam uchun minnatdor bo‘lishi kerak deya kutayotganingiz haqoratli. Ozod dunyo qadriyatlarini himoya qilib, o‘z qonini to‘kayotgan qahramon ukrain askarlariga minnatdorchilik bildirilishi kerak», — deb yozadi Valensa.
Oq uy Zelenskiyning kechirim so‘rashini kutmoqda. AQSH davlat kotibi Marko Rubio shu kabi chaqiriq bilan chiqish qilib, Ukraina prezidenti «diplomatiya ishlamayotgani to‘g‘risida ma’ruza o‘qimasligi» kerakligini ta’kidladi. Zelenskiyning o‘zi Kiyev va Vashington munosabatlarini saqlab qolish mumkinligini ma’lum qildi, ammo kechirim so‘ramadi. Davlat rahbari, shuningdek, AQSH bilan nodir metallar bo‘yicha bitimni imzolashga va urushni diplomatik yo‘l bilan hal etishga o‘tishga tayyorligini bildirdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar