
Ko‘pchilik uchun shahzoda bilan turmush qurish haqiqiy ertakday tuyuladi. Hashamatli saroylar, qimmatbaho taqinchoqlar va shohona hayot baxt garovi deb o‘ylashadi. Ammo tarix shuni ko‘rsatadiki, barcha malikalarning hayoti baxtiyor kechmagan. Badavlat shahzodalarga turmushga chiqsa-da, turmush o‘rtog‘idan muhabbat va sadoqat topa olmagan, qirollik saroyining qattiq qoidalari ostida ezilgan yoki oilaviy muammolar girdobida qolgan mashhur ayollar talaygina. Ushbu maqolada shunday taqdir egalarining hayoti haqida so‘z yuritamiz.
Malika Diana va shahzoda Charlz

Foto: Marie Claire
1981 yilda malika Diana va shahzoda Charlzning turmush qurganidan keyin to‘y haqida yozmagan OAV qolmagan. Ammo asr to‘yi deb atalgan marosimdan keyin Diana uchun qiyin kunlar boshlangan. U erining hayotida boshqa ayol — Kamilla Parker-Boulz borligi haqida yaxshi bilgan. Malika Endryu Mortonga bergan intervyusida muammolar to‘y marosimidan keyin boshlangani, bulimiyadan aziyat chekib, o‘zini yomon ko‘rgani va hammasiga raqibi Kamillani aybdor deb bilganini ta’kidlagan. Turmush o‘rtog‘idan e’tibor ko‘rmagan Diana atrofdan e’tibor izlay boshlagan. U ot sporti murabbiysi Jeyms Xyuitt bilan tanishadi. Bu vaqtda Charlz Kamilla bilan munosabatlarini yashirmay qo‘ygan va hatto birgalikda sayohatga ham jo‘nab ketgandi. OAV esa ikki qirollik vakilining ma’shuqalari bilan telefon orqali so‘zlashmasi e’lon qilingan materiallar bilan to‘lib-toshadi. Ularning har ikkisi turmushi darz ketishida bir-birini ayblagan. Bundan qirolicha Yelizaveta g‘azablangan va ularning ajrashishini talab qilgan.
Malika Hayya va shayx Muhammad ibn Rashid al-Maktum

Foto: Marie Claire
Malika Hayya farzandlari va 39 million dollarni olib, Buyuk Britaniyaga qochib ketgan. Malika bu ishni hayotini saqlab qolish uchun amalga oshirganini bahona qilsa, rasmiy versiyada shayx rafiqasining qo‘riqchisi bilan xiyonat qilganini bilib qolgani aytiladi. Ayoli qo‘riqchisiga avvallari ham qimmatbaho sovg‘alar tuhfa qilgani va ko‘p vaqtini birga o‘tkazgani al-Maktumda shubha uyg‘otgan. Ayni vaqtda juftlik farzandlar kim bilan qolishini sud orqali hal qilish bilan band.
Malika Margaret va Entoni Armstrong-Jons

Foto: Marie Claire
Yelizaveta II ning singlisi malika Margaret butun umri davomida bir insonni — otboqar Piterni yaxshi ko‘rgan. Rasmiy marosimlardan birida u Piter bilan yaqin munosabatda ekani reportyorlar e’tiboridan chetda qolmagan. Piter monarx xonimdan 16 yosh katta, turmushi o‘xshamagan va kelib chiqishi qirollik oilasiga munosib bo‘lmagan erkak edi. 1960 yilda Margaret Entoni Armstrong-Jonsga turmushga chiqadi, ammo ko‘ngli bo‘lmagani uchun o‘zini turmushidan mamnundek ko‘rsatishga harakat ham qilmaydi. Entoni bilan 18 yillik turmushi davomida Margaretning yuragida faqat bir erkak — bir vaqtlar telbalarcha oshiq bo‘lgan Piter bo‘lgan.
Malika Luiza va Fridrix Lippe-Shaumburgskiy

Foto: Marie Claire
Malika Luiza va Fridrix Lippe-Shaumburgskiy 1984 yilda unashtirilgan, ammo turmushi Luizani baxtli bo‘lishiga sababchi bo‘lmagan. Uch nafar farzandni dunyoga keltirgan malika hamisha o‘zini yolg‘iz his qilgan. U 1906 yilda meningit bilan kasallangan va shu yilning o‘zida vafot etgan.
Malika Tokxe va Takeyuki So

Foto: Marie Claire
Koreyalik malika Tokxe 13 yoshida garov sifatida Yaponiyaga yuborilgan, oilasi va yurtidan uzoqda yashagan. U graf Takeyukiga turmushga chiqishga majbur bo‘lgan. Ularning har ikkisi ham baxtsiz bo‘lgan. Lekin malika farzandi tarbiyasi bilan o‘zini chalg‘itgan bir vaqtda eri oilasidan hafsalasi pir ekanligini yashirmagan. Depressiyaga tushgan Tokxega shizofreniya tashxisi qo‘yilgan. Eri rafiqasini jinnixonaga yotqizib, o‘zi ajrashish jarayoni bilan shug‘ullanishni boshlab yuborgan. Uzoq yil davomida jinnixonada davolangan malika 1962 yilda yurtiga qaytgan va hayotining qolgan qismini oila a’zolari davrasida o‘tkazgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar