Dubay shayxidan qochgan malika Hayya bintu al-Husayn hozir qayerda yashamoqda?

Odatda malika deganda hashamat, boylik va farovon hayot ko‘z oldimizga keladi. Ayniqsa, uning sevgan shahzodasi bilan baxtli turmush kechirayotganini tasavvur qilamiz. Ammo Dubay hukmdori shayx Muhammad bin Rashid al-Maktumdan qochib ketgan malika Hayya bintu al-Husaynning taqdiri bunday tasavvurlardan ancha farq qiladi. Uning qochishiga nima sabab bo‘lgani va shundan keyin hayoti qanday kechgani ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otadi.
Hayya Dubay shayxidan qochib ketgani bilan bog‘liq mojaro ortidan keng jamoatchilikka tanilgan. U turmushga chiqishidan avval ham juda faol hayot kechirgan. Malika Oksfordni tamomlagan, bir nechta tilni o‘rgangan va Olimpiya o‘yinlarida ot sporti bo‘yicha ishtirok etgan birinchi arab ayol bo‘lgan. Ana shu musobaqalardan birida u bo‘lajak turmush o‘rtog‘i — Dubay shayxi Muhammad bilan tanishgan.
Ko‘p o‘tmay ular turmush qurgan. Biroq nikohdagi munosabatlar vaqt o‘tishi bilan turli kelishmovchiliklarga boy bo‘lgan. Hayya Iordaniyaning amaldagi qirolichasi Raniya singari G‘arb an’analari asosida tarbiyalangani sababli faol ommaviy hayotini davom ettirishni istagan. Ammo shayxning oilasi bunga qarshi bo‘lgan.
Shundan keyin Hayya asosan xayriya ishlari va ijtimoiy loyihalarda faol qatnashgan. Biroq uning jamoatchilikdagi faolligi ham juftlik o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni yanada kuchaytirgan.

Natijada 2019 yilda malika Dubayni 11 yoshli qizi va 7 yoshli o‘g‘li bilan tark etgan. Ayrim manbalarda u qirollik oilasidan 35 million yevro olib chiqib ketgani haqida da’volar ham ilgari surilgan.
Hayya dastlab Germaniyaga yo‘l olgan. Shayx Muhammad uni qaytarish maqsadida Germaniya sudiga murojaat qilib, bolalarni o‘z qaramog‘iga berishni talab qilgan. Biroq Germaniya bu talabni qat’iy rad etgan.
Keyinchalik malika Buyuk Britaniyaga ko‘chib kelgan. Hozirda Hayya London shahrida jamoatchilik e’tiboridan ancha yiroqda, 18 yoshli qizi va 13 yoshli o‘g‘li bilan tinch hayot kechirayotgani aytilmoqda.
Shunday qilib, bir vaqtlar Dubay qirollik oilasining a’zosi bo‘lgan malika Hayya bugun shov-shuvli hayotdan uzoqroq yashashni tanlagan. Uning taqdiri esa qirollik saroylari ortidagi hayot ham har doim ham hashamat va xotirjamlikdan iborat emasligini ko‘rsatuvchi voqealardan biri bo‘lib qolmoqda.






























Izohlar 0
…