06:04 / 19.03.2025
105

Trump noqonuniy muhojirlar uchun yangi mexanizmni ishga tushirdi

Trump noqonuniy muhojirlar uchun yangi mexanizmni ishga tushirdi
AQSh prezidenti Donald Trump videomurojaat qilib, noqonuniy muhojirlarni mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etishga chaqirdi. Ularning bu jarayonni amalga oshirishlari uchun CBP Home maxsus ilovasidan foydalanishlari talab etiladi, deb Axios portali xabar berdi.

Mazkur ilova sobiq prezident Jo Bayden ma'muriyati tomonidan ishlab chiqilgan CBP One ilovasini almashtiradi. CBP One muhojirlarga chegarani qonuniy kesib o'tish imkonini bergan bo'lsa, yangi CBP Home noqonuniy muhojirlarni mamlakatni ixtiyoriy tark etishga chorlaydi.

Trump o'z videomurojaatida shunday dedi: “Mamlakatimizda noqonuniy turgan odamlar o'z xohishiga ko'ra ketishi mumkin yoki ular majburan deportatsiya qilinadi, bu esa ular uchun yoqimsiz bo'lishi mumkin. Bayden ma'muriyati CBP One ilovasi orqali bir milliondan ortiq noqonuniy muhojirlarni qabul qildi. Men esa CBP Home ilovasini joriy qilyapman, toki noqonuniy shaxslar o'z ixtiyorlari bilan mamlakatni tark eta olishsin.”

Trumpning ta'kidlashicha, agar muhojirlar yangi ilova orqali chiqib ketsalar, kelajakda qonuniy tarzda qaytish imkoniga ega bo'lishlari mumkin. Ammo ular buni qilmasa, deportatsiya qilinishi va qayta kirish huquqidan butunlay mahrum bo'lishi haqida ogohlantirdi.

Axios ma'lumotlariga ko'ra, CBP Home ilovasi noqonuniy muhojirlarni mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etishga undash va soliq to'lovchilar mablag'larini tejash maqsadida ishlab chiqilgan. Shuningdek, bu ilova Trump ma'muriyatining noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, muhojirlar o'z ixtiyori bilan chiqib ketishi uchun olib borilayotgan reklama kampaniyasiga taxminan 200 million dollar sarflangan. Bu jarayon AQShda keng qamrovli muhojirlikka qarshi chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilmoqda.

20 yanvar kuni inauguratsiya marosimida Donald Trump AQShning 47-prezidenti sifatida qasamyod qabul qilar ekan, noqonuniy muhojirlar oqimini to'xtatish va millionlab muhojirlarni deportatsiya qilish jarayonini boshlashga va'da berdi. Shuningdek, u AQShning janubiy chegarasida umumiy favqulodda holat e'lon qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo