
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan qabul qilinishi rejalashtirilgan Ukraina bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyaga yana bir bor to‘sqinlik qildi.
Orban 20 mart kuni Twitter orqali o‘z pozitsiyasini ma’lum qildi:
“Veto! Bas! Biz Vengriya xalqidan Ukrainaning YEIga a’zoligi haqida so‘raymiz. Ungacha biz bu masala bo‘yicha hech qanday umumiy pozitsiyani qo‘llab-quvvatlay olmaymiz”, — deb yozdi Vengriya bosh vaziri.
Yevropa Ittifoqining pozitsiyasi
Yevropa Ittifoqiga a’zo 26 mamlakat rahbarlari Ukrainaga qo‘llab-quvvatlovchi deklaratsiyani qabul qildi. AFP agentligining xabar berishicha, hujjatda Ukrainaning shoshilinch harbiy va mudofaa ehtiyojlarini qondirish uchun Yevropa Ittifoqi harakatlarni kuchaytirishga chaqirgan.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas tashabbusiga ko‘ra, YEI Ukrainaga artilleriya o‘q-dorilari uchun 5 milliard yevro ajratishni rejalashtirmoqda.
Hujjatda, shuningdek, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi islohotlarini qo‘llab-quvvatlash haqida ham qayd etilgan.
Orban Yevropa Ittifoqining harbiy yordam qarorlarini bloklab kelmoqda
Viktor Orban avval ham Ukraina bo‘yicha Yevropa Ittifoqi qarorlarini bloklagan yoki kechiktirgan.
Politico nashri 4 mart kuni Vengriya hukumati YEIning Ukrainaga 20 milliard yevrolik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlashga to‘sqinlik qilganini xabar qildi.
Ushbu qaror 28 fevral kuni AQSH prezidenti Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvdan oldin sodir bo‘lgan.
Politico 21 fevralda Yevropa Ittifoqi diplomatlariga tayanib, 20 milliard yevrolik harbiy yordam paketi ishlab chiqilayotgani, ammo Vengriyaning qarshiligi tufayli bu mablag‘lar YEIning umumiy fondidan emas, balki alohida davlatlar tomonidan taqdim etilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukraina masalasida Yevropa Ittifoqi bilan kelishmovchilikni davom ettirmoqda. Uning fikricha, YEI a’zoligi bo‘yicha qaror qabul qilishdan avval Vengriya xalqi bilan maslahatlashish lozim.
Bu holat YEIning Ukrainaga yordam ko‘rsatish va Kiyevning integratsiya jarayonini tezlashtirish rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yevropa Ittifoqi a’zolari Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordamni kuchaytirishga intilmoqda, ammo Vengriya hozircha bu jarayonga to‘sqinlik qilib kelmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar