date
views 708

Zelenskiy: «Rossiya TikTok orqali xitoyliklarni urushga yollamoqda»

Zelenskiy: «Rossiya TikTok orqali xitoyliklarni urushga yollamoqda»
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan xitoyliklar haqida jiddiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, Ukraina rasmiylari hozirda kamida 155 nafar xitoy fuqarosining shaxsi aniqlangan — ular Ukraina hududida ukrain qo‘shinlariga qarshi jang qilmoqda.

«Xitoy masalasi — jiddiy. 155 kishining familiyasi, pasport ma’lumotlari bor — 155 nafar Xitoy fuqarosi Ukraina hududida ukrainlarga qarshi jang qilmoqda. Biz ma’lumot to‘playapmiz, ularning soni aslida ancha ko‘p deb hisoblayapmiz», — deya Zelenskiyning so‘zlarini keltiradi «Unian» nashri.

Yollash TikTok orqali amalga oshmoqdami?
Zelenskiyga ko‘ra, xitoyliklar Rossiya armiyasiga ijtimoiy tarmoqlar orqali, xususan TikTok yordamida yollanmoqda. Rossiya tomoni ushbu platformalarda reklama roliklari tarqatib, fuqarolarni urushga jalb qilayotgani aytilmoqda.

«Sxemalardan biri — ruslar reklama roliklarini tarqatayotgan ijtimoiy tarmoqlar, xususan, TikTok va Xitoyning boshqa tarmoqlari. Bu yashirin emas — ochiqdan-ochiq reklama orqali yollash. Rossiya Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida ham shu targ‘ibotni olib bormoqda. Balki yashirin yo‘llari ham bordir», — dedi Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, Pekin hozircha bu jarayondan bexabar, rasman bu masalaga munosabat bildirmagan.

Harbiy tayyorgarlik: testdan frontgacha
Zelenskiy ma’lum qilishicha, Rossiya armiyasiga qo‘shilgan xitoyliklar avval Moskvaga yetib kelishadi, 3–4 kunlik tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi, so‘ng 1–2 oy davomida o‘quv markazlarida harbiy tayyorgarlik olishadi. Ularga «Mir» to‘lov tizimi orqali pul o‘tkazilmoqda va maxsus migratsiya kartochkalari berilmoqda.

Donetskda xitoyliklar asirga tushdi
8 aprel kuni Zelenskiy Donetsk frontida Rossiya armiyasi safida jang qilgan ikki nafar xitoy fuqarosi asirga olinganini ma’lum qildi. Ulardan biri Rossiya armiyasiga qo‘shilish uchun vositachiga 300 ming dollar to‘laganini aytgan. Sababi esa — harbiy xizmat orqali Rossiya fuqaroligini olish bo‘lgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi esa o‘z fuqarolarini harbiy mojarolardan uzoqroq turishga chaqirdi.

Rossiya armiyasi safida xorijlik jangchilar, ayniqsa xitoyliklar paydo bo‘layotgani urushning yangi va xavotirli bosqichga kirganini ko‘rsatmoqda. Ukraina rahbariyati va xalqaro jamoatchilik bu holatni jiddiy nazoratga olishni talab qilmoqda. TikTok kabi platforma orqali yollash esa sanoatlashgan targ‘ibotning yangi shakli sifatida qaralmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo