
So‘nggi vaqtlarda ayrim firibgar shaxslar O‘zbekiston fuqarolarini Turkiyada yuqori maoshli ish bilan ta’minlash va’dasi bilan aldayotgan holatlar keskin ko‘paymoqda. Ushbu aldamchi sxemalar asosan tanish-bilishlar orqali amalga oshirilmoqda.
Firibgarlar ish, uy-joy va hujjat masalalarida yolg‘on va’dalar berib, vatandoshlarimizni og‘ir holatga tushirmoqda.
Noqonuniy ish faoliyati qanday muammolarga olib keladi?
Agar bunday firiblarga ishonib, Turkiyada noqonuniy ish faoliyati boshlansa, quyidagi jiddiy oqibatlarga duch kelinadi:
- Va’da qilingan ish haqi berilmasligi, yoki ancha kam to‘lanishi;
- Og‘ir va xavfli ish sharoitlari, ish joyida yetarli xavfsizlik choralarining yo‘qligi;
- Ish beruvchi tomonidan haqorat yoki bosim, ba’zi hollarda xatto ekspluatatsiya;
- Noqonuniy ishlash tufayli deportatsiya va katta miqdordagi jarimalar;
- Pul olingach vositachi “yo‘qolib qolishi”, aeroportda kutib olish bo‘yicha yolg‘on va’dalar.
Qonuniy ishlash uchun qanday ruxsat talab etiladi?
Turkiyada ishlashni istagan har qanday chet el fuqarosi qonuniy ish ruxsatnomasi — Çalışma İzni'ga ega bo‘lishi shart. Bu hujjat Turkiya Respublikasi Xorijliklar va Mehnat ishlari idorasi tomonidan rasmiylashtiriladi.
Agar shaxsda mazkur ruxsatnoma mavjud bo‘lmasa, ishlash qonuniy hisoblanmaydi va yuqorida zikr etilgan oqibatlar yuzaga kelishi mumkin.
Ogoh bo‘ling va yaqinlaringizni ham ogohlantiring
Bunday firiblar qurboniga aylanmaslik uchun:
- Hech qanday holatda rasmiy hujjatlarsiz va shartnoma tuzmasdan xorijga yo‘l olmang.
- Ish taklif qilayotgan shaxs haqida to‘liq ma’lumot va rasmiy litsenziya talab qiling.
- Turkiyada ishlash shartlari, vizalar va ish ruxsatnomalari haqida elchixona va tegishli organlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot oling.
Ish va’dasiga emas, hujjatga ishoning
Turkiyada ishlash orzusi ko‘plar uchun imkoniyat darvozasi bo‘lishi mumkin, ammo u firibgar qo‘lida qorong‘u to‘siqqa aylanishi ham ehtimol. Hech qachon hech kimga pasportiingizni bermang, rasmiy hujjatlarsiz harakat qilmang va kerak bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishdan tortinmang. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!