
Bugun, 23 aprel kuni Turkiyaning eng yirik megapolisi – Istanbul shahrida kuchli yer silkinishi qayd etildi. Mahalliy OAV tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, tektonik harakatlarning kuchi 6,2 ballga yetgan. Zilzila mahalliy vaqt bilan 12:49 da sodir bo‘lgan.
Turkiyaning Türkiye Today axborot agentligi xabar berishicha, yer osti tebranishlari nafaqat Istanbulning turli hududlarida, balki Bursa shahri va atrof tumanlarda ham sezilgan. Kutilmagan kuchli tebranish sababli aholi o‘rtasida qisqa muddatli vahima yuzaga kelgan.

Hozircha mahalliy hukumat va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan qurbonlar va jabrlanganlar haqida aniq ma’lumot berilmadi. Shuningdek, infratuzilmaga yetadigan zararning ko‘lami haqida ham rasmiy ma’lumotlar yo‘q.
Turkiya zilzila tadqiqot markazlari yer silkinishlari yaqin vaqt ichida yana takrorlanishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu holat aholini ehtiyotkor bo‘lishga va xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishga chorlamoqda.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ham hozirgi paytda ushbu hududda bo‘lgan vatandoshlarga maxsus murojaat bilan chiqib, ularni ehtiyotkor va osoyishta bo‘lishga chaqirdi:
«Barcha hamyurtlarimizdan rasmiy axborot manbalari orqali berilayotgan yangiliklarni kuzatib borishni va tegishli xavfsizlik choralariga amal qilishni iltimos qilamiz», – deyiladi O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulxonasi tarqatgan rasmiy murojaatida.
Turkiyadagi vaziyat bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy manbalar orqali berib boriladi. Vaziyatga doir keyingi xabarlar e’lon qilib boriladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar