date
views 1 204

Turkiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzila sabab 151 kishi binolardan sakragan

Turkiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzila sabab 151 kishi binolardan sakragan
Bugun, 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Turkiyaning Istanbul viloyatiga qarashli Silivri tumanida 6,2 magnitudali kuchli yer silkinishi qayd etildi. O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi bu haqida o‘zining rasmiy sahifalari orqali ma’lumot tarqatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, zilzilaning epitsentri Marmara dengizida, Istanbul shahar markazidan taxminan 40 kilometr janubi-g‘arbiy hududida sodir bo‘lgan. Zilzilaning ta’siri nafaqat Istanbulning butun hududida, balki Izmir kabi qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan. Yer silkinishi kuzatilganidan keyin odamlar ommaviy tarzda uylaridan tashqariga chiqib, xavfsiz hududlarda yig‘ilishgan.

Mahalliy hokimiyat organlarining ma’lumotiga ko‘ra, kuchli vayronagarchiliklar yoki o‘lim holatlari qayd etilmagan. Biroq vohima va qo‘rquv sababli 151 nafar kishi binolarning baland qavatlaridan sakragan holda turli darajadagi jarohatlar olgan. Hozirda ular mahalliy kasalxonalarda tibbiy yordam olmoqda, ularning sog‘ligiga jiddiy xavf yo‘qligi aytilmoqda.

Shuningdek, zilzila paytida Fatih tumanidagi tashlandiq holatdagi bino qulab tushgan, ammo bu hodisa natijasida jabrlanganlar yo‘qligi ma’lum qilindi.

Asosiy yer silkinishidan keyin bir nechta aftershoklar kuzatilgan. Ulardan eng kuchlisi 5,3 magnitudani tashkil etgan. Turkiya hokimiyati aholini ehtiyotkorlikka chaqirib, zarar ko‘rgan binolarga yaqinlashmaslikni tavsiya qildi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Turkiyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Konsullik mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, shu vaqtgacha o‘zbekistonliklar orasida jabrlangan yoki halok bo‘lganlar haqida ma’lumot olmaganini bildirdi. Konsulxona Turkiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini osoyishta bo‘lishga va rasmiy manbalar orqali berilgan ma’lumotlarni diqqat bilan kuzatishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada 2023 yil 6 fevral kuni Qahramonmarash viloyatida ikki marta kuchli zilzila sodir bo‘lgan, natijada 53 mingdan ziyod odam qurbon bo‘lgan edi. Turkiya hukumati bu hodisani «asr fojiasi» deb atagan. Mamlakatning mashhur seysmologi Naji Geryurning ogohlantirishiga ko‘ra, Istanbulda magnitudasi 7 va undan yuqori bo‘lgan yanada kuchli zilzila ehtimoli 60 foizdan yuqori ekanligi aytilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzila sabab 151 kishi binolardan sakragan