Panamada 7,7 magnitudali dahshatli zilzila codir bo‘ldi (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 9-oktyabr kuni Panama janubida magnitudasi 7,7 ga teng bo‘lgan kuchli zilzila sodir bo‘lib, ko‘plab binolarga zarar yetkazdi va minglab odamlarni ko‘chalarga chiqishga majbur qildi.
- Zilzila 12,6 kilometr chuqurlikda yuz bergan va epitsentri poytaxtdan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan, shuningdek, 40 dan ortiq takroriy silkinishlar qayd etilgan.
Kecha, 9 oktyabr kuni Panama janubida magnitudasi 7,7 ga teng bo‘lgan kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishi oqibatida bir qator binolarga zarar yetdi, ayrim inshootlar qulab tushdi, minglab odamlar xavfsizlik maqsadida ko‘chalarga chiqdi. Hozircha halok bo‘lganlar yoki jarohat olganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila 12,6 kilometr chuqurlikda yuz bergan. Yer silkinishining epitsentri aholi kam istiqomat qiladigan hududda, mamlakat poytaxti Panama shahridan qariyb 200 kilometr masofada joylashgan. Asosiy zilziladan keyin ham yer ostidagi harakatlar davom etib, mamlakat hududida 40 dan ortiq takroriy silkinishlar qayd etilgan.
Kuchli tebranishlar Panama shahrida ham sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan. Xavfsizlik choralari doirasida ofis binolarida ishlayotgan xodimlar evakuatsiya qilingan. Minglab odamlarning bir vaqtda ko‘chalarga chiqishi natijasida shaharda transport harakati qiyinlashgan.
Shuningdek, Tokumen xalqaro aeroportida parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan. Vaziyat barqarorlashgach, havo qatnovi qayta tiklangan. Mamlakat uchun muhim iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan Panama kanali va Kobre Panama mis koni esa zilziladan keyin ham odatdagi tartibda faoliyat yuritishda davom etgan.
Prezident zarar ko‘rgan shaharga bordi
Panama Prezidenti Raul Mulino zilziladan zarar ko‘rgan Penonome shahriga tashrif buyurgan. Mazkur hududda ayrim binolar qulab tushgan, shuningdek, cherkovlardan biriga ham shikast yetgan. Yer silkinishining oqibatlari mamlakat janubidagi Chitre shahri va Los-Santos viloyati sohillarida ham kuzatilgan.
Panama Geologiya instituti direktori Nestor Luke zilzila Asuero-Sona yoriqlar tizimida to‘plangan kuchlanishning bo‘shashi natijasida yuz berganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, yer silkinishidan hosil bo‘lgan tebranishlar mamlakatning barcha hududlarida sezilgan.
Panama shahrida yer silkinishi qariyb 40 soniya davom etgan. Bu vaqt davomida binolar ichida bo‘lgan odamlar kuchli tebranishlarni his qilgan, ko‘pchilik esa xavfsiz joyga chiqishga harakat qilgan.
Zilzila paytida eski binolardan birining oltinchi qavatida bo‘lgan Sabina Rios silkinishlar juda kuchli bo‘lgani va uzoq davom etganini aytgan.
“Zilzila kuchli sezildi va uzoq davom etdi. Bu so‘nggi yillarda his qilgan eng uzoq silkinishim bo‘ldi”, — degan u.
48 yoshli texnik xodim Viktor Pinson esa zilzila vaqtida baland binolarda ishlayotgan oyna tozalovchilarning kuchli tebranishlar sabab chayqalib ketganiga guvoh bo‘lgan.
“Ular halok bo‘lmagani mo‘jiza”, — degan u.
Iqtisodiy zarar va elektr ta’minotidagi uzilishlar
AQSH Geologiya xizmati dastlabki baholashlariga ko‘ra, zilzila oqibatida yetkazilgan iqtisodiy zarar Panama yalpi ichki mahsulotining 1–10 foizigacha yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich tabiiy ofat mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi ehtimolini anglatadi.
Mamlakatda elektr energiyasi ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi Naturgy kompaniyasi ham zilziladan keyingi holat bo‘yicha ma’lumot bergan. Kompaniya xabar qilishicha, Panamaning olti viloyatida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Qayd etilishicha, Panamada bunday kuchli zilzilalar tez-tez sodir bo‘lmaydi. Shunga qaramay, mamlakatda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 12 oktyabr kuni aholini favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilish bo‘yicha umumxalq mashg‘ulotini o‘tkazish rejalashtirilgan.






























Izohlar 0
…