date
views 149

Tramp Falastin davlatini tan olish arafasida — Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanati o‘zgaradimi?

Tramp Falastin davlatini tan olish arafasida — Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanati o‘zgaradimi?
AQSH prezidenti Donald Trampning Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarlar xalqaro siyosiy muhitda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu haqda The Jerusalem Post nashri Ko‘rfaz mamlakatlaridagi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp ushbu qarorni may oyi o‘rtasida Yaqin Sharqqa rejalashtirilgan tashrifi chog‘ida, xususan Saudiya Arabistoni poytaxti Riyoz shahrida o‘tadigan sammitda e’lon qilishi mumkin. Sammit doirasida u Ko‘rfaz arab davlatlari yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.

“Ibrohim kelishuvlari”ga yangi to‘lqin keladimi?

“The Jerusalem Post” manbasi ta’kidlashicha, agar AQSH Falastin davlatini rasman tan olsa, bu qaror Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatini jiddiy o‘zgartiradi, shuningdek, “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shiladigan davlatlar sonini ham oshiradi.

Bu faqat diplomatik qadam emas — balki AQSHning mintaqadagi strategik manfaatlariga qayta qarash bo‘lishi ham mumkin.

BMT rezolyutsiyalari va xalqaro huquq

Falastinni davlat sifatida tani olish masalasi BMT rezolyutsiyalari va xalqaro huquq hujjatlarida ko‘p yillardan buyon o‘z aksini topgan. Biroq Isroil ma’muriyati bunga doimo keskin qarshi chiqqan.

Jumladan, 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamenti Knessetda Falastin davlatini tuzishni rad etuvchi qaror ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan. Bu qaror xalqaro maydonda jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa bu qarorga qarshi chiqib, ikki davlat yechimi — 1967 yilgi chegaralar asosida, poytaxti Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini barpo etishni barqarorlik uchun yagona oqilona yo‘l, deb ta’kidladi.

Makron ham Falastinni tan olishni rejalashtirmoqda

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham yaqinda rasmiy Parijning yaqin vaqt ichida Falastinni tan olishga tayyorlanayotganini bildirgan. Bu Yevropadagi pozitsiya o‘zgarishidan dalolat beradi.

AQSHning ikkilanuvchi siyosati

Ta’kidlash joizki, shu paytgacha AQSH rasman ikki davlat tamoyili asosida nizoni hal etishni qo‘llab-quvvatlayotganini bildirib kelgan. Biroq amaliy siyosatda Vashington ko‘p holatlarda Tel-Avivning Falastinga qarshi pozitsiyalarini himoya qilgan.

Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish harakatlari ham aynan AQSH qarshiligi sabab bir necha marta to‘xtatilgan. Xususan, 2024 yil aprel oyida BMT Xavfsizlik Kengashida Falastinning a’zoligi to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasi faqatgina AQSH qarshiligi bilan rad etilgan.

Trampning pozitsiyasi — jiddiy o‘zgarishmi yoki siyosiy manevr?

Agar Tramp rasman Falastinni tan olishni e’lon qilsa, bu Isroil ma’muriyati uchun katta siyosiy zarba bo‘lishi mumkin. Ayrim tahlilchilar buni “shok effekt” sifatida baholamoqda. Ayni paytda Vashington-Tel-Aviv munosabatlari ham ancha sovuqlashganini kuzatish mumkin.

Masalan, aprel oyi boshida bo‘lib o‘tgan Binyamin Netanyahu – Donald Tramp uchrashuvi AQSH matbuoti tomonidan diplomatik muvaffaqiyatsizlik sifatida baholangan edi. Netanyahu Trampga Eron, Turkiya kabi muhim masalalarda ta’sir o‘tkaza olmagan.

HAMAS, G‘azo va “ko‘chmas mulk” masalasi

Ayni paytda Oq uy administratsiyasi Isroil hukumatidan HAMAS bilan kelishuvga kelishni talab qilib, bosim o‘tkazayotgani ham ma’lum qilingan. “The Times of Israel” nashriga ko‘ra, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Isroilni “AQSH talablarini qabul qilmasangiz, yolg‘iz qolasiz” deb ogohlantirgan.

Shu bilan birga, Tramp avvalroq G‘azo sektori aholisini qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirish, mintaqani “ko‘chmas mulk” sifatida qayta taqsimlash haqidagi bayonotlari bilan ham tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Bu esa tahlilchilarni Tramp Falastinni chindan ham tan oladimi? degan shubhalarga olib kelmoqda.

AQSHning Falastin masalasidagi yangi pozitsiyasi haqiqatdan ham amaliy qadamga aylanadimi yoki siyosiy matbuot manevri bo‘lib qoladimi — yaqin kunlarda aniqlashadi. Biroq bir narsa ravshan: Trampning ehtimoliy bayonoti Yaqin Sharq geosiyosatida katta o‘zgarishlar to‘lqinini boshlab berishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Falastin davlatini tan olish arafasida — Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanati o‘zgaradimi?