date
views 316

Urushlar endi o‘zgacha bo‘lmoqda: «Pautina» operatsiyasi haqida

Urushlar endi o‘zgacha bo‘lmoqda: «Pautina» operatsiyasi haqida
1 iyun kuni urushlar tarixidagi eng unikal operatsiyalardan biri amalga oshirildi. Shaxsan men Mossad «Hizbulloh» jangchilari peyjerlarini masofadan turib portlatgach, yana qandaydir harbiy operatsiyadan hayron qolaman deb o‘ylamagandim. Lekin kecha shunday bo‘ldi.

Amalda G‘arbning harbiy yordamidan quruq qolgan Ukraina Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar ikkinchi raundi arafasida jiddiy diversion hujumni amalga oshirdi. Quyida «Pautina» operatsiyasi haqida.

Nishonda – strategik uchoqlar

Ukraina 1 iyun kuni bir vaqtning o‘zida Rossiyaning to‘rtta olis hududidagi aerodromlariga hujum qildi. Hujumlar juda oddiy, arzon dronlar yordamida amalga oshirildi. Ukraina chegarasidan ancha olisda joylashgan, xususan, Ryazandagi «Dyagilevo», Murmanskdagi «Olenya», Irkutskdagi «Belaya» va Ivanova oblastidagi «Ivanova» aerodromlari hujumga uchragan.

Hujumni shaxsan Ukraina xavfsizlik xizmati SBU rahbari general Malyuk boshqargan. Umumiy hisobda Rossiya harbiy aviatsiyasiga tegishli 41 ta strategik samolyotlar, xususan, A-50, Tu-95, Tu-22 M3 bombardimonchilari yo‘q qilingani aytilmoqda. SBU hujum natijasida Rossiya strategik aviatsiyasi 34 foiz uchoqlarini yo‘qotgani haqida xabar berdi.

Ukraina hujum uchun juda oddiy, arzon, 200-300 dollar turadigan dronlardan foydalangan. Ularga portlovchi moddalar o‘rnatilgan. Tabiiyki, bu arzon dronlar Ukrainadan turib uchirilmagan, ular bunaqa katta masofaga uchib borolmaydi. Murmansk, Irkutsk qayerda ekanini xaritadan qarab olishingiz mumkin, bu yerlar Ukraina chegarasidan juda olisda joylashgan.

Yuk mashinasidagi «shtab»

Har qancha ajablanarli bo‘lmasin, Ukraina xavfsizlik xizmati dronlarni aerodromlar oldidan uchirgan. Bu uchun maxsus xizmat harbiylari Rossiya hududiga borib, keyin Ukrainaga qaytib ketishni ham uddalagan. Gap shundaki, dronlar oddiy yuk tashuvchi mashinalar yukxonasidagi mobil uylar ichiga yashirilgan. Kerakli manzilga yetib borgach, haydovchi mashinani qarovsiz joyda qoldirib ketgan. Katta ehtimol, sun’iy intellekt tomonidan boshqarilgan dronlar fura yukxonasidan chiqib, aerodromdagi samolyotlarni portlatishga kirishgan.

Ba’zi dronlar teparoqdan turib boshqa dronlar samolyotlarni portlatayotganini videoga olgan. Bu operatsiya muvaffaqiyatli bo‘lganini ko‘rsatish uchun qilingan. Yuk mashinalari usti qanday ochilgani, dronlar maskirovkadan qanday chiqqani hozircha ma’lum emas, lekin SBU operatsiya haqida to‘liq ma’lumot berishni va’da qilgan.

«Darsliklarga kiradigan operatsiya»

Zelenskiy kechga borib operatsiyani o‘tkazgani uchun Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari general Malyukka rahmat aytdi. Operatsiya ajoyib chiqqani, bu haqda hali tarix darsliklarida yozilishini ta’kidladi. Ukraina prezidentiga ko‘ra, operatsiyaga 1 yil 6 oy-u 9 kun tayyorgarlik ko‘rilgan. Zelensiy bu Ukrainaning mustaqil muvaffaqiyati bo‘lganiga urg‘u berdi.

Bu nimadan darak?

Endi bu operatsiya nimani anglatishi haqida. Birinchidan, «Pautina» operatsiyasi urush o‘zgarib borayotganidan nishona. Endi urushish uchun millionlab dollarga tonna-tonna temir-tersakdan yasalgan, bahorda botqoqqa botib qoladigan tanklarni sotib olish shart emas. Kecha Ukraina 200 dollarlik dronlar bilan Rossiya aviatsiyasining 7 milliard dollarlik samolyotlarini yo‘q qildi. Bular oddiy samolyot emas, qanotli raketalar, strategik qurollarni olib uchadigan maxsus uchoqlar. Ularning funksiyasini boshqalari bajara olmaydi. Chunki raketalar aynan ularga moslab chiqariladi.

Ukraina qarasa, asosiy ittifoqchisi Amerika salkam Rossiya tomonga o‘tib ketdi, harbiy yordam to‘xtab qoldi. Bunday vaqtda davlat o‘zidan boshqa hech kimga ishonmaydi. Urushmasa, davlat, mustaqillik boy beriladi. Injenerlar ishga kirishdi-da, dronlarga maxsus dastur o‘rnatishdi. Va yaqin-yaqingacha oddiy o‘yinchoq, oshib borsa biror tadbir yoki to‘yni suratga olish uchun foydalanilgan dronlar yuz millionlab dollar turadigan samolyotlarni portlatib tashladi.

Balki tinchlik zamonida o‘sha injenerlar bunday mukammal, Mossaddagilar ham og‘zini ochib qoladigan operatsiyani tayyorlolmagan bo‘lardi. Lekin urush ketayotganda, o‘rtaga butun boshli davlatning mustaqilligi tikilganda tabiiyki, o‘zidan kuchli qo‘shnisiga taslim bo‘lishni istamaydigan injenerning miyasi yuragiga qo‘shilib ishlaydi. O‘sha mashhur ibora bugun chindan aktual: ehtiyoj ixtiroga yo‘l ochadi.

Urush ana shunaqa narsa, janoblar. Insonda tirik qolish instinkti bor ekan, u kurashishda davom etadi. Urushda raqibning quroli siznikidan zo‘r bo‘lsa, siz unga boshqa, o‘zingizda bor narsa bilan zarba berishga harakat qilasiz. Vetnamlik bo‘lsangiz, bosqinchi amerikalik uchun o‘rmonda chox qazib, ichiga zaharli chayonni tashlaysiz. Yoki bo‘lmasa, 200 dollarlik o‘yinchoq dron bilan yuz million dollarlik samolyotni yo‘q qilasiz. Shu uchun bugungi texnika asrida urushni boshlamaslik kerak.

Darvoqe, Ukraina uch yillik urush davomidagi eng sensatsion diversiyani Turkiyada Rossiya bilan muzokaralar ikkinchi raundi arafasida amalga oshirdi. Birinchi turda ruslar «Kerak bo‘lsa 20 yil urushamiz, siz qancha urusha olasiz?» deydigan ustun pozitsiyada edi. Endi Ukraina «Biz 200 dollarlik dron bilan 100 million dollarlik samolyotingizni yo‘q qilamiz, sizda yana nechta samolyot bor?» deydigan pozitsiyada bo‘ladi. Xullas, bu urushni tugatish kerak. Bunaqa tempda ketsa, hammasi juda yomon tugaydi. Urushni tugatish esa faqat uni boshlagan odamning qo‘lidan keladi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urushlar endi o‘zgacha bo‘lmoqda: «Pautina» operatsiyasi haqida