date

Eron zarbasi Isroil neft zavodini faoliyatsiz qoldirdi

Eron zarbasi Isroil neft zavodini faoliyatsiz qoldirdi
Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik yana bir jiddiy oqibatga olib keldi — Isroilning eng yirik neft qayta ishlash korxonalaridan biri bo‘lgan Xayfa shahridagi zavod Eron tomonidan amalga oshirilgan raketali hujumdan so‘ng to‘liq faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda mamlakatdagi yirik ommaviy axborot vositalaridan biri — Yedioth Ahronoth gazetasi Bazan Group kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hujum natijasida zavodning barcha asosiy obyektlari shikastlangan. Isroilning Channel 14 telekanali ushbu holatni infratuzilma uchun katta tahdid sifatida baholab, voqea oqibatida uch kishi halok bo‘lgani va yirik moddiy zarar keltirilgani haqida ma’lumot berdi. Telekanal tomonidan tarqatilgan videokadrlarda zarbalardan keyingi vayrona holat aks etgan.

Bazan Group kompaniyasi Tel-Aviv fond birjasi uchun e’lon qilgan bayonotda shunday deyiladi:

“Elektr stansiyasining jiddiy zarar ko‘rishi tufayli neftni qayta ishlashga oid barcha obyektlar vaqtincha yopildi. Hozirda kompaniya quvvat ta’minotining bir qismini tiklash choralarini ko‘rmoqda, ammo hujumlar davom etmoqda”.

Shuningdek, Bazan Group hujumlar nafaqat raketa, balki dronlar yordamida ham amalga oshirilganini ta’kidladi.

Shu kuni Eronning o‘zida ham katta o‘zgarish kuzatildi — Isroil zarbalari oqibatida mamlakatning eng yirik gaz koni “Janubiy Pars” vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatgani ma’lum qilindi. Bu holat ikki tomonlama harbiy kurash qanchalik xavfli ko‘lamga yetib borganini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Islom Inqilobi Qo‘riqchilari Korpusi vakillari tomonidan e’lon qilingan bayonotda “Haqiqat Va’dasi 3” operatsiyasining to‘qqizinchi to‘lqini bir necha daqiqalar oldin boshlangani va bu amaliyot tonggacha to‘xtovsiz davom etishi, raketalar hamda dronlar keng miqyosda ishga solinayotgani alohida ta’kidlangan.

Mintaqadagi geosiyosiy vaziyat shiddat bilan taranglashar ekan, ko‘plab qo‘shni davlatlar xavfsizlik choralarini kuchaytirishga majbur bo‘lmoqda. Xalqaro hamjamiyat esa bo‘lib o‘tayotgan voqealarni tashvish bilan kuzatmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron zarbasi Isroil neft zavodini faoliyatsiz qoldirdi