date

Isroil: Eronga zarbalarimiz Yevropa xavfsizligi uchun muhim

Isroil: Eronga zarbalarimiz Yevropa xavfsizligi uchun muhim
Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatlar fonida Isroil va Yevropa Ittifoqi diplomatik muloqotni faol davom ettirmoqda. Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas bilan telefon orqali suhbatda muhim bayonot berdi. Unga ko‘ra, Isroilning Eron hududidagi harbiy operatsiyalari nafaqat mamlakatning o‘zini, balki butun Yevropa xavfsizligini himoya qilishga qaratilgan.

Gideon Saar ushbu muloqot haqida o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lumot berdi. U ta’kidlashicha, suhbat chog‘ida Isroilning Eron yadroviy dasturi va harbiy infratuzilmasiga qarshi amalga oshirayotgan zarbalari, shuningdek, Eronning Isroil tinch aholisiga qarata qilgan hujumlari muhokama qilindi.

“Men Kaya Kallasga Isroilning Erondagi operatsiyalari haqida va ular qanday qilib Yevropa xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hissa qo‘shayotganini tushuntirdim. Eronning yadroviy dasturi, ballistik raketalari hamda dron texnologiyalari nafaqat Yaqin Sharqda, balki Yevropa uchun ham jiddiy tahdid hisoblanadi”, — dedi Saar.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hozirgi amalga oshirayotgan operatsiyalarini yakunlamadi va ushbu ishni tugatish niyatida. Uning ta’kidlashicha, maqsad — harbiy infratuzilmalarni yo‘q qilish orqali xavfsizlikka xizmat qilish.

Saar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va jahon hamjamiyati e’tiborini bir jihatga qaratdi: ya’ni Isroil faqat harbiy obyektlarga zarba berayotgan bir paytda, Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri tinch aholi va fuqarolarni nishonga olmoqda.

Bu bayonot Isroilning o‘z amaliyotini xalqaro miqyosda oqlashga urinishi sifatida baholanmoqda. Muzokaralar davom etar ekan, mintaqadagi tartib va xavfsizlik masalalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil: Eronga zarbalarimiz Yevropa xavfsizligi uchun muhim